Breaking News

General Do'stum surgundan Afg'onistonga qaytdi


A family leaves their flooded home following heavy rain in Bandung, Indonesia.
A family leaves their flooded home following heavy rain in Bandung, Indonesia.

Sobiq safdoshi Ahmad Ishchini kaltaklaganlikda hamda nomusiga tegishni buyurganlikda ayblanib 2017-yil may oyida Afg'onistonni tark etishga majbur bo'lgan mamlakat vitse-prezidenti Abdul Rashid Do'stum 22-iyul kuni bir yildan oshiq vaqt davom etgan surgundan so'ng Turkiyadan vataniga qaytdi.

Afg'oniston shimolida yashovchi o'zbek aholining sardori hisoblangan 63 yoshli general Do'stum diplomatlar vositachiligida mamlakatdan chiqishga ruxsat olgan edi. Hukumatning o'shanda xavotir olishicha, uning hisbga olinishi tarafdorlari tomonidan katta isyonga sabab bo'lishi mumkin edi.

Uning Afg'onistonga qaytishi ham barqarorlikni ta'minlash yo'lida qilingan ish bo'ldi. Iyul boshida shimoldagi Faryob viloyatida tuman politsiya boshlig'i hamda Do'stumga yaqin odamlardan biri Nizomiddin Qaysoriy majlis paytida odamlarni o'ldirishga do'q-po'pisa qilgani uchun qo'riqchilari bilan birga hibsga olindi. Viloyatda tartibsizliklar boshlandi.

Do'stum Turkiyadan turib markaziy hukumatdan Qaysoriyni ozod etishni, Do'stumning Afg'onistondagi tarafdorlari esa namoyishlar paytida generalni vataniga qaytarishni talab qildi.

Prezident Ashraf G'ani bilan o'tgan muzokaralarda Do'stumga Afg'onistonga qaytishga ruxsat berildi. General uchgan samolyot Kobul xalqaro aeroportiga qo'nib, avtokarvon shahardagi idorasiga yo'l olganidan so'ng aeroport darvozasi yonida bir odam o'zini portlatib, 11 kishining hayotiga zomin bo'ldi, yana 40 odam jarohat olgan.

Hukumat rasmiylariga ko'ra, Do'stum Afg'onistonga qaytgani bilan Qaysoriy qamoqdan chiqarilmaydi. Do'stumga qarshi qo'zg'atilgan tergov ham yopilgani yo'q hali.

O'zbeklar sardori qator jinoyatlarda gumon qilinmoqda. G'arb jurnalistlariga ko'ra, u 2011-yil dekabrida 2000 mahbus tolibni o'ldirishni buyurgan, siyosiy raqiblari va sobiq safdoshlarini qiynagan, zo'rlagan.

Joriy yil aprelida ish boshlagan "Yangi Junbish" siyosiy partiyasining ilk raisi, Juzjon viloyatining sobiq hokimi, bir paytlar Do'stumga "Milliy Junbish" partiyasini ochishga yordam berib unga muovinlik qilgan Ahmad Ishchi Do'stumga qarshi da'vogarlardan.

Ishchiga ko'ra, Do'stum uni 2016-yil noyabrida o'g'irlab, qiynoqqa solgan, jinsiy zo'rlashni buyurgan.

2013-yilda Afg'onistondan qochib, Avstriyada siyosiy boshpana olgan Do'stumning shaxsiy haydovchisi Solih Muhammad Fayzi 23 yillik xizmatdan so'ng general buyrug'iga ko'ra qiynoqqa solinganini, zo'rlanganini da'vo qiladi.

Afg'oniston Turkiy kengashi raisi, afg'onistonlik taddirkor Ahmad Boy ham Do'stumni jinoyatlarda ayblaydi. General va uning tarafdorlari Do'stumga qarshi barcha ayblovlarni inkor etib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG