Breaking News

Afg’oniston bo’yicha mintaqaviy anjuman xulosalari


Dushanbeda Afg’oniston bo’yicha o'tgan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik anjumani (RECCA-V) o’z ishini yakunladi.

Tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad - Afg’oniston barqarorligi va iqtisodiy rivojlanishiga ko’maklashish.

Konferensiya yakunida qabul qilingan Dushanbe Deklaratsiyasi umumiy gaplardan iborat. Endigi qadam amaliy bo'lishi kerak, deydi kuzatuvchilar.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk deydiki, Afg'oniston barqarorligidan barcha qo’shnilar manfaatdor.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning qayd etishicha, Afg’oniston bilan viza tartibini osonlashtirish va biznes hamkorlikni mustahkamlash kerak.

AQSh ko’magida Tojikistondan Afg’onistonga qarab qurilgan yirik ko’priklar sabab savdo aloqalari birmuncha taraqqiy etgan. Ammo bu talab darajasida emas, deydi Rahmon.

Mahalliy ekspertlardan biri Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, Turkmanistondan Afg’oniston orqali Tojikistonga, Pokiston va Hindistonga tabiiy gaz olib borish lohiyasi amalga oshirilishiga ishonish qiyin.

“Tojikiston prezidenti yuqori minbarlardan turib, Afg’onistonga kelajakda elektr energiyasini kattaroq miqdorda uzatish mumkinligi haqida gapirmagani ma’qul edi. O’z xalqining uqubatli hayoti evaziga bunday siyosat yuritish uning o’ziga zarar keltiradi”, - deydi u.

“Konferensiya juda yaxshi o’tdi, oldingilarida ham yaxshi gaplar bo’lgan. Ammo biz real ishlarni ko’rmayapmiz, hammasi qog’ozda qolib ketmoqda. Afg’onistonda barqaror iqtisodiy yuksalish uchun birgina yangi poyezd va avtomobil yo’llari, gazoprovod va elektr liniyalar kamlik qiladi. Bularning hammasi davomli bo’lishi uchun mahalliy kadrlar zarur”, - deya qo’shadi Yo’ldoshev.

Afg'onlar qo'shnilar bilan biznes qilishni, hamkorlikni oshirishni istaydi
Afg'onlar qo'shnilar bilan biznes qilishni, hamkorlikni oshirishni istaydi
Kadrlarni tayyorlash masalasida Tojikiston Afg’onistonga amaliy yordam ko’rsatib kelmoqda. Prezident Rahmon yangi, ko’p tarmoqli markaz ochish tashabbusini o’rtaga tashlagan.

Biznes forum va ilmiy tadbirlar keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Lekin buning uchun mintaqa davlatlari orasida yakdillik yo'q. Byurokratik to’siqlar talay.

NATO kuchlari 2014-yilga borib Afg’onistonni tark etadi. Ulardan keyin vaziyat qay tomon o'zgaradi, mana shu xavotirli masala.

Dushanbeda o’tgan anjumanda ishtirokchilar bu borada o'z fikrlarini bildirgan. AQSh afg'on xavfsizlik tizimlari malakasini oshirishga katta kuch va mablag' sarflamoqda.

Konferensiya Rossiya ommaviy axborot vositalarida deyarli yoritilmadi.

“Bu shundan dalolat beradiki", - deydi rus ziyolilaridan biri, "regionda katta ta’sir kuchiga ega Rossiya Dushanbeda o’tgan xalqaro konferensiyadan real natijalar kutmaydi. Afg’oniston Rossiya uchun ham, G’arb uchun ham uzoq vaqt bosh og’riq bo’lib qolaveradi”.

Afg'on xalqi ko'makka muhtoj
Afg'on xalqi ko'makka muhtoj
Mahalliy ziyolilar nazarida, Afg’onistonda barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun birinchi navbatda tinchlik zarur. NATO harbiylari Afg’onistonda hali o’z missiyalarini to’la bajargan emas.

Anjuman o’tayotgan paytda Dushanbeda bir kishi o'zini portlatgan. Tergov ostidagi bu voqea tasodif emas, oldindan rejalangan xuruj, deydi kuzatuvchilar.

Afg’oniston iqtisodiy barqarorligi mavzusida navbatdagi xalqaro anjuman (RECCA-VI) kelasi yili Yaponiya poytaxti Tokioda o’tkaziladi.

XS
SM
MD
LG