Breaking News

Mirziyoyev boshqaruvining dastlabki natijalari: Turmush yaxshilanyaptimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatining dastlabki natijalari haqida hisobot bermoqda. 15-avgust kuni imzolangan farmoyishda uning tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi ijrosining ilk yakunlari, boshqaruv tizimidagi islohotlar, shuningdek, so'nggi yarim yilda 84 mingdan oshiq ish o'rinlari yaratilgani haqida axborot berildi.

Sharhlovchilar nazarida Mirziyoyevning aholi o'rtasidagi reytingi pasaya boshlagan, kutilgan umidlar oqlanmayotganidan xavotirlar bor.

O'zbekiston: Turmushdagi qiyinchiliklar o'sha-o'sha
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:49 0:00

Harakatlar strategiyasi mamlakatning taraqqiyot yo'lini belgilab bergan asosiy rivojlanish dasturi hisoblanadi va u 2017-2021 yillarga mo'ljallangan. Islohotlar Mirziyoyevning besh yillik prezidentlik muddatini qamrab olgan shu dastur doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Farmoyish jamoatchilikka Davlat dasturining dastlabki natijalari sarhisob qilinganini ma’lum qiladi:

"Dastlabki sarhisoblar davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlarining Davlat dasturini samarali amalga oshirishga qaratilgan kuchlari, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar va xalqaro ekspertlarni faol jalb qilgan holda chinakam jipslashganligini ko'rsatdi", deyiladi bu farmoyishda.

Ta’kidlanishicha, strategiyaning ijrosi uchun hozirgacha 15 ta qonun va 700 dan ortiq huquqiy normativ hujjatlar qabul qilingan. Davlat boshqaruvida, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, soliq tizimi, iqtisodiy sohada islohotlar o'tkazilgani, so'nggi yarim yil ichida 84 mingdan oshiq ish o'rinlari yaratilgani haqida ma’lumot berilgan.

Mirziyoyevning saylanishi, uning saylov dasturi O'zbekistonning aksariyat aholisi tomonidan katta ishonch va umidlar bilan kutib olingan edi.

Ammo so'nggi bir yillik davr real islohotlar o'tkazilgani bilan emas, islohotlar haqidagi bayonotlar bilan ko'zga tashlanayotgani qayd etilmoqda. Mirziyoyevning keskin tanqidlariga qaramasdan mamlakatdagi boshqaruv, shu jumladan sudlar, ichki ishlar, hokimiyat tizimidagi o'zgarishlar tuzumning emas, kadrlarning almashishi bilan kuzatilgan. Buning ustiga so'nggi paytda inflasiya darajasi oshgan, bozordagi narx-navo, oziq-ovqat mahsulotlari bahosi ko'tarilgan.

Mustaqil jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, jamoatchilikning bir qismi xalqning mislsiz qo'lloviga ega bo'lgan Mirziyoyev boshqaruvidan kutilgan umidlar oqlanmayotganini anglab yetmoqda.

"Mirziyoyev hokimiyatga dadillik bilan kirib kelganida juda ko'pchilik katta o'zgarishlar bo'lishiga umid bog'lagan edi. Mana bir yil to'layotgan bo'lsa, ularning hammasida emas, ammo kattagina qismida umidlar so'ndi, deb ayta olaman. Chunki aytilgan gaplar amalga oshmayapti, ayrim chiqargan qarorlarini esa uning o'zi noma’lum muddatga bekor qildi. Masalan, sud tizimini tanqid qildi, prokurorlarni yomon ko'raman dedi, lekin sudyalar hozir ham avvalgi tartibda ishlashda davom etmoqda, bu bilan ahvol o'zgarayotgani yo'q. Menimcha, o'zgarish uchun boshqacha yo'l tutish kerak edi, u hammangni bilaman, poraxo'rsan deyapti. Shunday ekan, nega ularni yana ishlatishda davom etmoqda, bu tushunarsiz, tuzumning o'zini isloh qilish kerak”, - deydi jurnalist.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko'ra, aholi Mirziyoyevning bayonotlariga qaramasdan mamlakatdagi iqtisodiy, ijtimoiy vaziyatda o'zgarish bo'lmayotganini sezmoqda.

“Ijtimoiy hayot, odamlarning turmush tarzida o'zgarishlar yo'q, iqtisodiy ahvol og'irligicha qolmoqda, qimmatchilik, turmushdagi qiyinchilik yo'qolmadi, ko'p umidlar o'xshamayapti. Hukumat odamlarni chalg'ituvchi bayonotlar bilan band. Yo'q joydan Yoshlar harakati tuzildi, qo'shxotinlik, to'ylar mavzusi kabi maishiy muammolar muhokamaga chiqarilmoqda. Iqtisodiy vaziyat og'irlashgan sari bunday chiqishlar ko'payib boradi”, - deydi u.

Prezident farmoyishida iqtisodiy sohadagi islohotlar alohida ta’kidlanadi. Ikki trillion so'mdan oshiq investitsiya jalb qilingan, 10 ta erkin iqtisodiy hudud barpo etilgan, avtomobil ishlab chiqarish zavodlari qurilmoqda.

“Respublikani ko'p hududlarida erkin iqtisodiy zonalar ochilgan, ammo natija qanday, o'sha yerdagi aholini turmushini yaxshiladimi bu? Bu savolga hech kim dadil javob berolmaydi. To'g'ri, Jizzaxda avtomobil ishlab chiqarish bo'yicha yangi zavod qurilyapti, bu boradagi avvalgi tajribalar mustahkamlanyapti, xolos. Ammo tuzumning qishloq xo'jaligiga, paxta sanoatiga bo'lgan siyosatida o'zgarish yo'q, faqat jamoatchilikka qaratilgan bayonotlar bor. Mirziyoyev boshqaruvining dastlabki natijalarini yuqori baholamagan bo'lardim”, - deydi Haydarov.

Toshkentdagi faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li aholi tomonidan prezident portaliga qilinayotgan shikoyatlar oqimi hamon to'xtamayotganini, islohotlar faqat og'izda ekanini takidlaydi.

“Prezident portaliga murojaat qilayotgan odamlar ham vaziyatda o'zgarish kamligiga, Mirziyoyev ham Karimov davrining odami ekanligiga diqqat qaratishmoqda. Mana Oliy suddagi o'zgarishni, yangi rahbar tayinlanganini olaylik, u ham Karimov davrining, o'sha tuzumning suvini ichgan odam. Ular poraga, masalani bir tomonlama qarab chiqishga o'rganishgan”, - deydi u.

Shavkat Mirziyoyev kutilmagan bayonotlari, keskin tanqidlari bilan ham jamoatchilikda shuhrat qozondi. Prezident O'zbekistonda boshqaruv tizimini yangilash, iqtisodni, jamiyatni erkinlashtirish maqsadida ekanligini ta’kidlab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG