Breaking News

Qoshiqchining o’limidan keyin ushalgan orzusi


“Ko’plar gapirolmagan gaplarni men ayta olaman”, deb yozgan edi jurnalist Jamol Qoshiqchi o’zining “Vashington Post” gazetasidagi ilk maqolasida 2017-yil sentabrida.

Muxbir o’sha maqolada vatani Saudiya Arabistonida so’z erkinligi yo’qligi, inson huquqlarining poymol etilayotgani haqida yozgan edi.

“Vashington Post” gazetasidagi ilk maqolasi chop etilganidan 13 oy o’tib, Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga hujjat uchun kiradi, ammo binodan qaytib chiqmaydi. Uni ichkarida o’ldirib chavoqlashadi.

O’limidan 4 oy oldin Qoshiqchi arab dunyosida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni kuzatuvchi va huquqlarni himoya qiluvchi guruh tashkil etish g’oyasini beradi. Uning do’stlari vahshiy qotillikdan so’ng g’oyasini amalga oshiradi.

DAWN yoki “Arab dunyosi uchun demokratiya” tashkiloti asoschilari shu hafta guruh faoliyati va vazifalari haqida ma’lumot berdi. DAWN ijrochi direktori Sara Li Vitsonning aytishicha, tashkilot ishni avval AQShga ittifoqdosh bo’lgan Saudiya Arabistoni, Misr va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlaridan boshlab, ularning tanqidchilar va inson huquqlari himoyachilariga qarshi siyosati va ta’qiblariga doir ma’lumot to’playdi.

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, mustaqil jurnalistikaga kelganda bu uch mamlakatda ahvol ayanchlidir. Guruhning matbuot erkinligiga doir yillik jadvalida 180 mamlakat orasida Saudiya Arabistoni 170, Misr 166 va amirliklar 131-o’rinda.

“Chegara bilmas muxbirlar” Saudiya Arabistonini jurnalistlarni eng ko’p qamayotgan davlatlardan biri derkan, guruh 2-oktabr kuni Katta Yigirmalikka a’zo davlatlarni noyabrda qirollikda bo’ladigan sammitda uning huquqbuzarliklariga ko’z yummaslikka chaqirdi.

“Human Rights Watch” (Xyuman Rayts Uotch) tashkilotining Yaqin Sharq bo’limida direktor lavozimida ishlagan paytida Qoshiqchi bilan uchrashgan Vitsonning aytishicha, jurnalist yumshoq, shirinso’z bo’lganiga qaramay, e’tiqodi qattiq inson edi.

Vitsonning eslashicha, 2016-dekabrida Qoshiqchi u bilan suhbatda o’sha paytda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining o’rinbosari bo’lgan Muhammad bin Salmon unga jurnalistika bilan shug’ullanishni man qilganini aytgan edi. Shundan yetti oy o’tib, Qoshiqchi vatanini tark etadi.

“Nabiralarining telefondagi suratlarini menga ko’rsatardi. Oilasini qoldirib ketganidan iztirobda ekanini bilsa bo’lardi. Siyosiy tafakkur egasi bo’lsa-da, o’z tamoyillari uchun shaxsiy qurbonliklar qilishga majbur bo’lgan oddiy inson ham edi”, - deydi Vitson.

Qoshiqchi jurnalistik faoliyatini xorijda davom ettirib, Saudiya Arabistonini uning siyosatini shubha ostiga qo’yishga jur’at etgan jurnalistlar va boshqalarni ta’qib etayotgani va qamayotgani uchun tanqidga olishda davom etdi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining xulosasi va BMTning sudsiz qotilliklar bo’yicha maxsus ma’ruzachisi tayyorlagan hisobotda Qoshiqchining o’limiga yuqori lavozimli saudiyalik rasmiylar, jumladan shahzoda Salmonning o’zi ham mas’ul bo’lgani aytiladi.

Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning Qoshiqchining o’limi va qirollikning inson huquqlari bobidagi siyosatiga doir savollarini javobsiz qoldirdi.

Shahzoda Salmon Qoshiqchini o’ldirishni buyurganini inkor etib keladi, ammo AQSh axborot tarmoqlari bilan suhbatda qirollikning norasmiy rahbari sifatida bo’lgan voqeaga to’la mas’ul ekanini aytgan. Mamlakatda 11 odam bu ish bo’yicha sudlandi, biroq ularning kimligi oshkor etilmadi. Kuzatuvchilar sud jarayonini soxta deb atadi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi hukumatlar muxolif qarashlarni bostirishda davom etmoqda.

Qoshiqchining o’limidan so’ng ham Saudiya Arabistonida so’z erkinligiga hujumlar davom etdi, xorijiy matbuotga intervyuda qirollikni tanqid qilish qamoq muddati bilan jazolanadi, deydi Vitson.

Uning aytishicha, DAWN tashkiloti inson huquqlarining poymol etilishi haqida maqola va sharh chop etuvchi “Surgundagi demokratiya” deb nomlangan platformasida surgun etilgan faollarga o’z fikrini bildirishga imkon beradi.

Ushbu platformani boshqarayotgan tergovchi-jurnalist Fadua Massat vatanini tark etishga majbur bo’lgan muxbirlar va huquq himoyachilari bilan uchrashdi. Massatning aytishicha, siyosiy ta’qibdan xorijga qochgan odamlar yangi mamlakatda ko’plab qiyinchiliklarga uchraydi. Ba’zilari til bilmaydi, boshqalari o’z kasbidan voz kechib, boshqa ishlar, masalan, taksichilik bilan shug’ullanishiga to’g’ri keladi.

“Ba’zilari tushkunlikka tushadi, kimdir esa mamlakatda oilasini qoldirib ketgani uchun o’zini aybdor his qiladi, chunki mahalliy hukumatlar ularni qamashi yoki ta’qib etishi mumkin. Ayrim muxbirlar iste’dodli va qalami o’tkir bo’lgani bilan o’zini ifoda etish uchun erkin fikr bildirish huquqidan mahrum etilgan”, - deydi Massat.

Unga ko’ra, bu insonlar endi “Surgundagi demokratiya” platformasida o’z vatani va dunyoning boshqa joylaridagi adolatsizliklar haqida maqola yozish imkoniga ega bo’ladi.

Misrlik Abdulrahmon Yusuf ana shunday muxbirlardan biri. U 2011-yilda Arab bahori, 2013-yilda esa Misrdagi davlat to’ntarishini yoritgan. 2014-yilda esa AQShda o’qish uchun grant olib, Misrni tark etgan.

Misrdagi siyosiy jarayonlar haqida xolis fikr bildirgan ba’zi do’stlari mamlakatga qaytganida hibsga olingan. Yusuf uning taqdiri ham shunday bo’lishini aytib xavotir bildiradi, oilasining Misrda qolgani ichini kemirmoqda.

Misrda ko’p jurnalistlar qamalgan, aksariyati davlat to’ntarishida hokimiyatdan ag’darilgan sobiq va marhum prezident Muhammad Mursiy rahbarlik qilgan “Musulmon birodarlar” partiyasiga aloqadorlikda ayblangan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, harakat terrorchi guruhlar ro’yxatiga kiritilgan, 500 dan ortiq vebsahifa, jumladan axborot portallari bloklangan, ijtimoiy sahifalarda “Musulmon birodarlar”ga xayrixoh fikr bildirganlar qamalishi mumkin.

Qohira qatag’onlarga qo’l urgan ko’plab boshqa hukumatlar kabi o’z harakatlarini ekstremistik guruhlar tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid yoki ijtimoiy tartibni tiklash zarurati bilan asoslaydi.

Misrning Vashingtondagi elchixonasi ham “Amerika Ovozi”ning izoh berish iltimosini javobsiz qoldirdi.

Sara Li Vitsonga ko’ra, DAWN tashkiloti hukumatlar ta’qiblariga qarshi kurashar ekan, AQSh kabi mamlakatlarning muxolif ovozlarni bo’g’uvchi hukumatlar siyosatiga ko’z yumishi xavflidir.

“Yaqin Sharq demokratiyasi loyihasi” tashkiloti ijrochi direktori Stiven Makinernining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQSh bilan ijobiy munosabatlarga ega mamlakatlarni tartibga chaqirish muhimdir.

“AQSh bu mamlakatlar bilan munosabatlaridan foydalanib, ularga bosim qo’yishga, hukumatlarini ayrim masalalarda siyosatini o’zgartirishga ko’ndirishga harakat qilishi kerak”, - deydi Makinerni.

Misrlik jurnalist Yusufning aytishicha, u “Surgundagi demokratiya” platformasi uchun yozgan maqolalarida avtoritar hukumatlarga yordam berishda davom etayotgan demokratik rahbarlarni fosh qilishga harakat qiladi.

“Arab dunyosida demokratiyaning yo’qligi xorijiy mamlakatlarga o’ta qimmatga tushadi deb o’ylayman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG