Breaking News

Tramp va tarafdorlari konspiratsion nazariyani olg’a surmoqda


“Obamageyt” nima? Saylov oldidan g’avg’o
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00

Donald Tramp va uning tarafdorlari “Obamageyt” deb atalmish konspiratsion nazariyani olg’a surmoqda. Unga ko’ra, 2016-yilgi saylovga Rossiyaning aralashuviga doir tergovni sobiq prezidentning shaxsan o’zi uyushtirgan. Bu gaplar noyabr oyidagi saylovdan oldin tarqatilmoqda.

“Obamageyt” anchadan beri davom etmoqda. Hali men saylanmasimdan oldin boshlangan”, - deydi Tramp.

Tramp Obamani turli xil huquqbuzarliklarda, jumladan 2017-yilda uning ma’muriyatiga qarshi buzg’unchilik qilganlikda ayblab keladi. Biroq nima nazarda tutilayotgani aniq emas.

“Jinoyat nimadan iborat ekanini hamma yaxshi biladi”, - deydi u.

“Obamageyt” deb ataluvchi konspiratsion nazariyaga ko’ra, Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashuvini taftish etish, Trampga yaqin odamlarni kuzatishni Obama uyushtirgan.

Tramp noyabrdagi saylov oldidan ana shunday da’volarni olg’a surmoqda. Uning raqibi sobiq vitse-prezident Jo Bayden bo’ladi.

“Tramp va uning safdoshlari Obamani va uning hukumatini bilvosita tanqid qilish orqali bo’lsa ham, Jo Baydenni yomonotliq qila osa, bu imkoniyatdan albatta foydalanadi. U vitse-prezident bo’lgani, tekshiruvlardan xabardor bo’lgani Trampga Baydenni mojaroga bog’lash imkonini beradi”, - deydi siyosatshunos Norman Ornsteyn.

Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin atrofida davom etayotgan bahslar hozir hammaning e’tiborida.

Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin
Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin

O’tgan hafta Adliya vazirligi kutilmaganda suddan Flinga nisbatan ayblovlarni bekor qilishni so’radi. U, xususan, Rossiya elchisi bilan muloqotlari haqida Federal qidiruv byurosiga yolg’on ma’lumot berganlikda ayblangan edi.

Obama Adliya vazirligining Maykl Flin bo’yicha qarorini tanqid qilgani oshkor bo’lgach, Tramp bu ish bo’yicha Obamani ham guvohlik berish uchun sudga chaqirish lozim, demoqda.

Shuningdek, o’tgan hafta AQSh razvedkasining Tramp tayinlagan yangi rahbari Obama davrida Maykl Flin bo’yicha qarorlar qilgan sobiq rasmiylarning ismlarini oshkor etdi. Rossiya elchisi va hukumati bilan aloqada bo’lgan shaxs Flin ekanini aniqlash bo’yicha muhokamalarda o’shanda Bayden ham qatnashgan.

“Agar Bayden va Obama davridagi boshqa rasmiylar Tramp maslahatchisining shaxsiy telefon suhbatlarini tinglagan bo’lsa, ular vakolatini suiiste’mol qilgan”, - deydi respublikachi senator Rend Pol.

Obama davrida razvedka idoralari qonunni buzgani haqidagi da’voni Bayden asossiz, deya rad etdi. Ammo Tramp Bayden o’shanda vakolatini suiiste’mol qilgan, deyishda davom etmoqda.

“Biror narsa rost yoki yolg’onligi muhim emas. Agar siz fitna to’qib, boshqalarni ham unga ishontira olsangiz, kuchli shaxsdek gavdalanasiz. Chunki ayblov bilan chiqdingiz, ishonchsizlik urug’ini sochdingiz”, - deya sharhlaydi professor Jennifer Merchiya.

AQShda koronavirus tarqalishda davom etarkan, tanqidchilar fikricha, Tramp ishni eplay olmagani uchun ham mavzuni o’zgartirishga harakat qilmoqda.

“Obamageyt” odamlarni chalg’itish uchun yaxshi. Chunki asosiy mavzu Donald Trampga obro’ keltirmayapti”, - deydi Ornsteyn.

Oq uy so’zlovchisiga ko’ra, Obama davridagi rasmiylar Trampni hech qanday dalilsiz Rossiya foydasiga ishlayotganlikda ayblagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG