Breaking News

Rossiya Suriyada yangi harbiy baza qurishni ko’zlamoqda


AQSh va Rossiya harbiylari, Suriyaning Malikiya shahri
AQSh va Rossiya harbiylari, Suriyaning Malikiya shahri

Rossiya Suriya shimoli-sharqida qo’shin sonini oshirish payida. Mahalliy manbalarga ko’ra, o’tgan hafta Turkiya va Iroq bilan chegaradosh qishloqqa rus harbiy karvoni kelib, harbiy baza qurish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Qasir Dib qishlog’i asosan kurdlar yashovchi Malikiya shahriga yaqin.

“Uchrashuvda qatnashganlar bilan gaplashdim. Ular qishloqda ruslar harbiy baza qurishni istashini tasdiqladi”, - deydi mahalliy jurnalist Nishon Muhammad “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Prezident Bashar Assad hukumatiga yordam berib kelayotgan Rossiya so’nggi bir necha oyda Suriya shimoli-sharqiga, kurd harbiylari nazorat qiluvchi hududga qo’shimcha kuchlar safarbar etgan.

2019-yilning oktabrida Turkiya armiyasi va uning Suriyadagi ittifoqchilari AQSh tomonidan quvvatlangan “Suriya demokratik kuchlari”ga (SDK) hujum qilishi ketidan amerikalik harbiylar Suriya-Turkiya chegara hududini qisman tark etgan. Shundan so’ng bu yerga Rossiya harbiylari kirib kelgan edi.

Asosan kurd jangchilardan iborat SDKga ko’ra, AQSh askarlarini chiqargandan so’ng hamda Turkiyaning harbiy amaliyotlari natijasida yuzaga kelgan bo’shliqni Rossiya va Suriya hukumat kuchlari to’ldirgan.

“Ruslar mintaqamizda deyarli erkin yuribdi. Ularning maqsadi amerikaliklarni Suriya shimoli-sharqidan siqib chiqarish”, - deydi ismini oshkor etmaslik sharti bilan so’zlagan SDK qo’mondonlaridan biri.

Hozirda AQShning, asosan, Suriya sharqida taxminan 700 askari bor. Ularning missiyasi, deya qayd etadi rasmiylar, “Islomiy davlat” to’dasining qolgan a’zolariga qarshi kurashni davom ettirish va Suriya armiyasini neft konlariga yaqinlashtirmaslikdir.

Rossiya harbiy samolyoti, Suriya
Rossiya harbiy samolyoti, Suriya

Qo’shma patrul emas

AQSh va Rossiya kuchlarining Suriya shimoli-sharqida bir paytda bo’lishi ba’zida xavfli vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Harbiy karvonlar yuzma-yuz kelgan bir necha holat muzokara orqali hal qilingan.

O’tgan hafta mahalliy axborot vositalarida ko’rsatilgan videoda AQSh va Rossiya harbiylarini birgarlikda ko’rish mumkin.

“Amerika va Rossiya qo’shma patrulga chiqmagan. Biz Suriya shimoli-sharqida missiyalarimizni muvofiqlashtirmaymiz. Odamlar videoda mojaroning oldi olingan bir vaziyatni ko’rishdi xolos”, - deydi AQSh polkovnigi Mayls Kaggins.

AQShning IShIDga qarshi kampaniyasi va Rossiyaning 2015-yilda Suriyadagi fuqarolik urushiga aralashuvi ketidan ikki mamlakat havoda va yerda to’qnashuvga yo’l qo’ymaslik bo’yicha protokolga kelishib olgan.

“Koalitsiya yetakchilari va Rossiyaning Suriyadagi vakillari har kuni gaplashadi, qayerga patrul yuborilishi to’g’risida ma’lumot almashadi. Ziddiyatli holatlar professional ravishda hal qilinadi”, - deydi Kaggins.

Polkovnikning aytishicha, AQSh boshchiligidagi koalitsiya ruslar bilan qarama-qarshilikka borishni istamaydi.

“Rossiyadan ham eskalatsiyaga yo’l qo’ymaslikni, IShIDni mag’lub etish bo’yicha SDK missiyalariga aralashmaslikni so’raymiz”, - deydi u.

Vashingtonda asoslangan Urushlarni o’rganish institutida Suriya bo’yicha ekspert Nikolas Xeras fikricha, Rossiya SDK kuchlariga ko’proq ta’sir o’tkazish maqsadida Suriya shimoli-sharqida amaliyotlar ko’lamini oshirmoqda.

“Rossiya Qamishli aeroportini Suriya sharqidagi asosiy bazasiga aylantirmoqda. Ammo Malikiyadagi [bo’lajak] bazasi Amerikaning Iroq Kurdistonidan Suriyaga kirish-chiqishini qiyinlashtiradi, ta’minot tizimlariga bosimni oshiradi”, - deydi Xeras.

Uning aytishicha, SDK hozircha AQSh tomonida, lekin amerikalik harbiylar Suriyani tark etgan taqdirda guruh Turkiyadan o’zini himoya qilish uchun boshqa bor homiyga muhtoj bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG