Breaking News

Suriyaning AQSh tark etgan hududlariga Rossiya harbiylari kirib kelmoqda


AQSh qo'shinlari Suriya shimoli-sharqidagi bazalari va harbiy postlarini hamda kurd ittifoqchilarini tashlab chiqib ketganidan so'ng, hududga Rossiya harbiy texnikasi kirib kela boshlagan.

Rossiya matbuoti 25-oktabr kuni 300 dan ziyod harbiy politsiya va zirhli mashinalar Suriya-Turkiya chegarasi tomon yo'l olgani haqida xabar berdi. Bu kurd jangarilariga qarshi amaliyotni to'xtatish uchun Moskva va Anqara erishgan kelishuvning bir qismidir.

"AQSh so'nggi yillarda kurdlarning eng yaqin ittifoqchisi bo'lib kelayotgan edi. Ammo oxir-oqibat Vashington kurdlarni tashlab ketdi, xiyonat qildi", - deydi Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskov.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper bu bayonotga shunday javob beradi:

"Turkiya-Suriya chegarasida Rossiyaning ahvoli qanday bo'lishini, bu xatti-harakatlarning Rossiyaga va uning manfaatlariga ta'sirini olti oy ichida ko'ramiz. Rossiya bundan yutadimi, yo'qmi, vaqt ko'rsatadi".


Kremlning qadamlari

Oq uy rasmiylariga ko'ra, Kreml regionda qo'yayotgan qadamlarni AQSh yaqindan kuzatmoqda.

"Ular qayerda bo'lmasin, vaziyatni kuzatamiz. Turkiyadagi do'stlarimizga va boshqalarga ham ehtiyot bo'lishni tavsiya qilamiz", - deydi ismini oshkor qilmaslikni so'ragan rasmiylardan biri.

2015-yilda, Suriya fuqarolik urushiga toptilgan bir paytda, Prezident Vladimir Putin Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo'llab-quvvatlash uchun bu mamlakatga harbiy samolyotlar, vertolyotlar va keyinchalik piyoda askarlarni safarbar etgan edi.

O'shanda Esper singari boshqa AQSh rasmiylari ham Rossiyaning qarorlarini savolga tutgan.

"Assadni qo'llayotganlar oldida ikki yo'l bor. Unga yon bosishda davom etasiz va mag'lubiyat bilan yuzlashasiz. Yoki Assaddan voz kechib, mo'tadil muxolifat bilan kelishib olasiz", - degan edi razvedka xodimi "Amerika Ovozi" bilan 2015-yilning iyunidagi suhbatda.

AQSh razvedkasi Rossiya Assadni uzoq muddat hokimiyatda ushlab tura olishiga ishonmagan. Ammo 2015-yilning sentabriga borib qarashlar o'zgardi.

"Endi Putin Assaddan keyingi rahbarni tanlashda rol o'ynay oladi. Shubhasiz, Putin Suriyani mintaqada muhim mavqega ega bo'lish, Rossiyani yetakchi o'yinchi sifatida ko'rsatish uchun imkoniyat deb biladi", - degan o'shanda AQSh mulozimlaridan biri.

Rossiya va Suriya rahbarlari
Rossiya va Suriya rahbarlari

Suriya

Suriyada urush davom etdi, o'zini "Islomiy davlat" deb atagan guruh xalifalik e'lon qildi, Rossiya Suriya hukumatini quvvatlashdan to'xtamadi.

"Assad hokimiyat tepasida qolayotganining yagona sababi - Rossiyaning BMTdagi vetolari va Rossiya va Eron harbiylari", - degan edi AQSh sobiq Mudofaa vaziri Jim Mattis 2018-yil aprelida.

O'tgan haftalar ichida Rossiya yana bir muvaffaqiyatni qo'lga kiritganday.

Kurdlar boshchiligidagi "Suriya demokratik kuchlari" (SDF) AQSh qo'shinlari hududni tark etganidan keyin Turkiya hujumiga uchradi. Natijada kurdlar Assad hukumati va Rossiya bilan kelishib oldi. Suriya armiyasi Suriya-Turkiya chegarasi bo'ylab o'rnashdi.

Assad kuchlari uchun bu yillab davom etgan janglardan keyin ular qo'lga kirita olmagan hududlarni nazorat qilish imkoniyati edi.

2010-2017 yillarda AQSh razvedka idoralari rahbari bo'lgan Jeyms Klepper fikricha, Rossiya va AQShning boshqa raqiblari bu voqealarni AQShning zaifligi nishonasi sifatida ko'rib, vaziyatdan foydalandi. "AQSh va kurdlardan tashqari barcha tomonlar yutib chiqdi", - deydi u.

Ammo Yaqin Sharq siyosati bo'yicha boshqa ekspertlar Rossiyani g'olib deb e'lon qilishga shoshmayapti.

"Rossiya o'z bo'yniga haddan ziyod mas'uliyat olayapti", - deydi Iroqdagi kurdlarga maslahatchi bo'lgan amerikalik harbiy Maykl Pregent.

Uning fikricha, Turkiya, Suriya, kurd kuchlari hamda so'nggi janglarga qo'shilgan jamiki guruhlarni Rossiya boshqarish salohiyatiga ega emas.

"Bir-biriga qarshi harakat qilayotgan guruhlar bilan hech kim barqarorlikka kafolat bera olmaydi", - deydi u.

"Qisqa muddatli g'alaba"

Urushlarni o'rganish institutidan Ketti Deyvisonga ko'ra, Rossiya qisqa muddatli g'alabaga erishdi.

"Rossiya uchun harbiy nizolarni hal qilish va sulhga erishish qiyin bo'ladi. Assad turk bosqinchilarini haydab chiqarishga bel bog'lagan ekan, Suriyada keng qamrovli siyosiy yechimga erishish ham qiyinlashadi", - deydi u.

Ko'rinishidan, SDF Rossiya bilan erishgan bitimdan to'liq rozi emas.

"Biz Rossiya va uning prezidentiga urushni to'xtatishga urinayotgani uchun minnatdormiz, lekin ular bilan kelishilgan shartlar bizning xalqimiz manfaatlariga javob bermaydi", - deydi SDF qo'mondoni general Mazlum Abdi.

Shunday bo'lsa-da, Suriya shimoli-sharqida ba'zi fuqarolar Rossiyaga imkoniyat berishga tayyor.

"Rossiya bilan kelishuvni olqishlaymiz. Agar chegarani qo'riqlasa, xalqimizni himoya qilsa, biz uni qo'llab-quvvatlaymiz", - dedi Derik shahridan bir kishi "Amerika Ovozi" Kurd xizmati bilan suhbatda.

"Rossiya-Turkiya qo'shma patrullari, xudo xohlasa, tinchlik qaror topishiga olib keladi, turk istilosiga chek qo'yadi", - deydi bir ayol.

Tinchlik va barqarorlik o'rnatilishidan qat'i nazar AQSh razvedkasi xulosasiga ko'ra, Rossiya hududni osonlikcha tark etmaydi.

"Assad rejimiga Suriyada hududiy boshqaruvni tiklashga yordam berganidan keyin Rossiyaning o'ziga ishonchi ortgan", deyiladi AQSh razvedkasi hisobotida.

Putin, deyiladi unda, Rossiya manfaatlarini xorijda ilgari surish va AQSh ta'siriga qarshi turish uchun shiddatli, opportunistik tashqi siyosat olib borishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG