Breaking News

Qirg'izistonning yangi rahbari xorij bilan muloqotni Rossiyadan boshladi


Moskva, 29-noyabr, 2017
Moskva, 29-noyabr, 2017

Yaqinda prezidentlik kursisiga o’tirgan Qirg’iziston rahbari Sooronbay Jeenbekov dastlabki xorij safarini Rossiyadan boshladi. Vladimir Putin bilan uchrashuv paytida qirg’iz yurtboshisi "biz uchun Rossiya - hamkorlikning bosh yo’nalishi", deya ta’kidladi.

Qirg'iziston yangi rahbari uchun Rossiya eng muhim hamkor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:17:46 0:00

Belarus poytaxti Minskda o’tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining sammiti doirasida Jeenbekov Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda bo’ldi. Tomonlar chegaradan mol olib o’tish masalasida paydo bo’lgan muammolarni tez orada hal qilishga kelishishdi.

Avvalroq, inaugurasiya marosimi chog’ida, Jeenbekov Bishkekning tashqi siyosati istiqboliga ko’p to’xtalmagan holda, shu paytgacha shakllangan yo’nalishlar davom etilishi, barcha mamlakatlar bilan yaxshi aloqalar mustahkamlanishini ta’kidlagan edi.

Yangi rahbar davrida rasmiy Bishkekning yirik tashqi kuchlar, xususan, Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa, shuningdek Markaziy Osiyo o’lkalariga nisbatan siyosati qanday tus olishi mumkin? Qanday imkoniyat va istiqbollar mavjud?

O’sh Davlat universitetining professori, taniqli siyosatshunos Arap Anarbayev nazarida, yangi prezidentning ilk safari uchun Moskva shahri tanlangani - kutilgan, tabiiy qadam.

“Qirg’izistonning Rossiya bilan munosabatlari o’zgacha va bu hammaga ma’lum. Har ikki mamlakatning tashqi siyosatida mushtaraklik mavjud. Yangi prezidentning Moskvaga safari Qirg’iziston siyosatining davomiyligini tasdiqlaydi”, - deydi suhbatdosh.

Moskva, 29-noyabr, 2017
Moskva, 29-noyabr, 2017

Arap Anarbayev nazarida, Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro tig’iz munosabatlari yoqmayotgan tashqi kuchlar ham yo’q emas. Keyingi oylarda Ostona-Bishkek munosabatlarining (chegaradan tovar o’tkazish masalalari yuzasidan) biroz taranglashganini u aynan “o’sha kuchlar” ta’siri bilan izohlaydi.

Siyosatshunosning xulosasi: Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi qanday sinovlarga duch kelishidan qat’i nazar Qirg’iziston bu imtihonlardan Rossiya bilan birga o’tadi. Qozog’iston bilan azaliy yaqin aloqalar tobora taraqqiy etadi.

Bishkeklik siyosatshunos Japarqul Birimqulov ko’p yillar diplomatiya sohasida faoliyat yuritgan. U yangi prezident o’zining dasturiy nutqida Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo kabi ustuvor yo’nalishlarni urg’ulab, Turkiya va AQSh bilan munosabatlar istiqbolini oxirgi navbatda, qisqagina tilga olganiga e’tibor beradi.

Bishkek-Vashington aloqalari oxirgi yillarda ancha sovuqlashgan bo’lib, suhbatdosh fikricha, iliqlikni tiklab, oldga qadam qo’yish ko’p jihatdan AQSh ma’muriyatiga bog’liq.

Kuzatuvchilarga ko’ra, qo’shni Xitoy bilan tig’iz hamkorlik Qirg’iziston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Bishkek iqtisod sohasida ochilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishni maqsad qilmoqda.

Qirg’izistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari faol rivojlanmoqda. Ittifoq mamlakatlarining rahbarlari Bishkek o’tkazayotgan islohotlarni olqishlagan holda, yirik sarmoyalar ajratib keladi.

Japarqul Birimqulov deydiki, Bishkek bundan keyin ham Yevpora yo’nalishida mavjud imkoniyatlardan to’laroq foydalanishga harakat qilishi tayin. Jumladan, parlamentarizm masalasida Qirg’iziston Germaniya modelini namuna sifatida ko’rmoqda.

Moskva, 29-noyabr, 2017
Moskva, 29-noyabr, 2017

Jeenbekov zikr qilingan nutqida Qirg’iziston nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida integrasion jarayonlarda faol ishtirok etishini yana bir bor tasdiqladi.

Japarqul Birimqulov deydiki, ayni paytda Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining ayrim a’zolari o’rtasidagi tortishuvlardan Bishkek qay bir yo’sinda foyda chiqarishga urinayotgani ehtimoldan xoli emas.

“Lekin aslida Rossiya a’zo bo’lgan xalqaro tashkilotlarni biz tark etmaymiz”, -deya ta’kidlaydi suhbatdosh.

Bishkekning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo o’lkalari alohida o’rin egallashi shubhasiz. Ushbu aloqalarning bugungi holatidan Bishkek qanoat hosil qiladimi?

Qanday taklif-rejalar, dasturlar olg’a surilishi mumkin?

Birimqulov deydiki, O’zbekiston bilan an’anaviy aloqalar tiklangani ahamiyatli ko’rinish. Lekin ovoza qilingan rejalar qanday amalga oshirilishini vaqt ko’rsatadi. Ne bo’lsa-da, Bishkek O’zbekiston bilan, aytaylik, energetika sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor. Qirg’iziston qo’shni mamlakatga yangi bozorlarga chiqish, Jahon Savdo Tashkiloti kabi xalqaro uyushmalarga kirishda ko’mak bo’lishi mumkin. Qozog'iston bilan munosabatlar ham yaqin orada izga tushishi shubhasiz.

Mahalliy siyosatshunoslar tashqi siyosat masalalarida Qirg’izistonning yangi prezidentidan jozibador, olamshumul tashabbuslar yoki keskin, qaltis chiqishlarni kutmaydi.

Birimqulovning ta’biricha, tabiatan vazmin va ehtiyotkor, hozircha yorqin, shahdam xislatlarni namoyish etmagan bu arbob hech bo’lmaganda dastlabki yillar davomida ko’proq o’z maslahatchilariga tayanib ish tutadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG