Breaking News

Mirziyoyev-Rahmon uchrashuvidan umidlar katta


Tojikiston rahbari Emomali Rahmon 24 yildan beri hokimiyatda
Tojikiston rahbari Emomali Rahmon 24 yildan beri hokimiyatda

O'zbekiston siyosiy hayotidagi o’zgarishlar, qo’shnilarga munosabatlarning ijobiy tomonga o’zgarishi, chegaralar ochilayotgani Tojikistonda keng olqishlanmoqda. O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga kutilayotgan tashrifidan mahalliy aholi yanada ko’proq yangiliklar kutmoqda. Viza tartibi bekor qilinadi degan umid bor. Lekin Mirziyoyev shoshmasdan harakat qilishi kerak deganlar ham ko'p.

Tojikiston-O'zbekiston: Yaqinlik, hamkorlik koni foyda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00
Yuklab oling

Mustaqillikdan 10 yil o’tar-o’tmas O’zbekistonning Tojikiston bilan munosabatlari keskin sovib, orada yo’llar taqa-taq berkitilgan davrlar bo’ldi. O’shanda buni ba’zilar mamlakat liderlarining shaxsiy ambitsiyalari bilan bog'lagan.

Islom Karimovdan so’ng hokimiyatga kelgan Mirziyoyev Tojikiston bilan chegaralarni tezda qayta ocha boshladi. Tojikiston shimoli va janubidagi uchta chegara o’tish nuqtalari yaqinda yana ochildi. Har ikki mamlakat chegaradagi nohiyalar aholisi uchun sarhadlarni kesib o’tishda yengilliklar berildi.

O’zbekistonning Farg’ona viloyati va Tojikistonning Sug'd viloyati o’rtasidagi “Andarxon” chegara posti yaqinda qayta ochildi. Har ikki tomonga hozir kunda yuzlab kishilar bemalol o’tmoqda.

Xo’jand davlat universiteti professori Abduvali Berdiqulov aslida Farg’ona viloyatida tug’ilib o’sgan, Tojikistonda yashaydi, o’zbek tili bo’yicha yetakchi mataxassis.

"Buni qarangki, men Farg’ona unversitetida bir doktorlik dissertasiyasida opponentlik qilaman. Yaqinda u tomonga o’tishim kerak, o’zbek olimlari ilmiy ishi himoyasida ishtirok etaman, u yerdan rasmiy taklifnomalar bor. Yo’l masalasi juda o’ylantirayotgan edi. Bu yo’l ochilguncha biz aylanasiga 400 kilometrdan ortiq yo’l bosishimiz kerak bo’lardi, qishning sovuq kunlarida dovonlar oshib o’tishning o’zi bo’lmaydi. “Andarxon”ning ochilganini eshitib, ishonsangiz ko’zimdan yosh chiqib ketdi. Men Farg’onaning Andarxonida tug’ilganman, hamma avlodim o’sha erda. Bir yildan beri o’tolmay yotardim-da, borishim uchun telegramma berishim kerak edi, ma’lumotnoma to’plashim keak edi, ikki haftadan keyin viza olishim kerak edi, ancha malloliklar bor edi, endi xursandmiz", - deydi Xo’jandda yashovchi o’zbek olimi.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev uchun qo'shnilar bilan aloqani mustahkamlash asosiy vazifa
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev uchun qo'shnilar bilan aloqani mustahkamlash asosiy vazifa

“Qo’shtegirmon” chegara posti esa Tojikistonning Spitamen nohiyasi aholisini Toshkent viloyatining Bekobod shahriga olib chiqadi. Xuddi shu yerda bolalarini yetaklab ketayotgan yosh onaxonning 10 yashar qizalog’i Zulxumorning biyron tilligi qo’l kelib, uni suhbatga tortdik. Zulxumorning ammasini sog’inib, ko’rishga borayotgani haqida biyron so’zlab berganligidan o’zbek chegarachilari ham na’sha qilib, uni chegaradan qo’llarida ko’tarib, o’tkazib qo’yishdi. Munosabatlar juda iliq va samimiy.

"Hademay oramizda viza tartibi ko’tariladi degan gaplar bor, shuning uchun hozir hamma Shavkat akani Dushanbeda kutishmoqda", - deydi Zulxumorning oyisi.

Mirziyoyevni Tojikiston shimolida hozir o’z jigaridek ko’rishib, mehr bilan “Shovkat aka” deb tilga olishadi.

Shunday ko’tarinki ruh sezilayotgan muhitda ba’zi tahlilchilar O’zbekistonning chegaralarni bu qadar tez va yengil ochayotgani ularning o’zlariga xatarli bo’lishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Ayrim mahalliy sharlovchilar nazarida O’zbekiston prezidenti shoshma-shosharlik bilan ish tutmoqda. Karimov o’rnatgan mustahkam sistemani ojizlashtirmoqda, deydi ular. O’zbekistonda endi ichki xatar yanada kuchayishi va bu narsa Rossiyaga ham, Xitoyga ham salbiy ta’sir o’tkazishi mumkin, deya ogohlantirayotganlar bor.

"Chunki, diniy ekstremizm va turlicha oqimlarning zo’rayishi aniq bo’lib qolmoqda, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yozishmoqda", - deydi o'zini Anatoliy deb tanishtirgan bir suhbatdosh.

Хo’janddagi o’zbeklar nodavlat tashkiloti raisi, dotsent Ilhom Yusupov bu kabi fikrda jon bor deb biladi.

"Xalqimiz orziqib kutgan orzulari amalga oshishini, chegaralarning ochilishini juda ham xohlayman, lekin bunda talaygina ichki, tashqi ziddiyatlar bor. Bularni hisobga olmay shoshma-shosharlik qilinishiga man tarafdor emasman. Men ming istamay, o’g’lim bo’ladimi, avlodim bo’ladimi, baribir, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan man ularni ko’rmasligim ham mumkin. Har qancha xursand bo’ladigan bo’lsam ham hali tayyor bo’lmagan narsaga men tarafdor emasman. Axir o’ylash kerak, ko’rib turibmiz qanaqa ekstremizm, terrorizmlar bor, har xil guruhlar kirib kelmoqda. Bu yerdan borib Rossiyada portlatib yurishibdi. Turkiyaga, Suriyaga ketishayotgani aniq, IShIDga qo’shilishmoqda. Endi O’zbekistonda diniy fundamentalizm u qadar emas. Tojikistondagilarning ularga ta’sir doirasi kengayib ketadi, mana buni o’ylashmayapti", - deydi Yusupov.

Uning aytishicha, diniy ekstremizm, yot g’oyalar Afg’onistondan Tojikiston orqali dunyoga tarqatilayotgan narkotik moddalardan dahshatliroq, xatarliroqdir. Ularning mafkurasi o’lka osoyishtaligiga raxna soladi, urushga olib boradi.

"Mintaqa uchun hozir tinchlik muhim. Tinchlik bo’lmasa sichqonning ini ming tanga bo’lib ketadi, bu taraflarini o’ylash kerak. Patar-patar qilib anavi (Gorbachev) SSSRni yo’q qilib yuborgandi. Bu safar Markaziy Osiyoni buzib yubormasin deb qo’rqaman. To’g’ri, Karimov davrida diniy ekstremizmni niqob qilib olib, qama-qamalar juda avjiga olib ketgandi, ana o’shani nazorat qilish kerak edi. Hozir ham o’shani nazorat qilsin. Bir kunda Tojikistonni o’zidan viza borligida hozir besh yuzta odam o’tayotgan bo’lsa, darvoza ochilgandan keyin, 2000-3000 ta odam o’tib keladi. Turkmandanam, qozoqdanam, qirg’izdanam shunday bo’ladi. Bularning qaysi birini nazorat qiladi, buni nazorat qilib bo’lmaydi", - deydi Yusupov.

"Xalq tushunmaydi, unga bordi-keldi bo’lsa bo’ldi, xursand bo’lib yuraveradi. Masalan, Amerikaga borish 100 dollar bo’lsa ura deb ketaveradi, boshqa narsani o’ylamaydi. Lekin Tojikistonimiz juda ko’p narsalarga yutqazadi. Bizning iqtisodiy salohiyatimiz past. Bu yerda ishlab chiqarish sust. Chegaralarning to’liq ochilishi Tojikistondagi kichik ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o’tkazadi. O’zbekning oddiy atlas va adras matolari o’zi sifati va xaridorligi bilan tojik bozorini egallaydi. Bizning iqtisodimiz dabdalasi chiqib ketadi. Keyin hamma boshqa davlatni mardikoriga aylanadi. O’zimizni mardikor bo’lsa ham mayli. Chunki, biz hali O’zbekiston bilan iqtisodda raqobatlasha olmaymiz. Chegaralar ochilsa zo’r bo’ladi, lekin bizni shunday bosadi-qo’yadi. O’zbeklar uchun yaxshi, lekin davlatchilik, vatan uchun desak yomon, mana tanlab olavering".

Tojikistonning Tog’li Maschoh nohiyasidan bo’lgan ziyoli Fozil Abdullo deydiki, qo’shnilar orasidagi chegaralardagi ozod harakat mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi xolos.

"Har qanday holatda ham, hozir O’zbekiton Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham ichki, ham tashqi siyosatidan barcha mamnun bo’lmoqda. Ikki davlat orasida faoliyat olib borayotgan tojikistonlik tadbirkorlar uchun shaxsan uning o’zi 100 million dollar sarmoya ajratgani bizni juda to’lqinlantirib yubordi. Karimov davridagi muzliklar erib bitmoqda. Mirziyoyevga rahmat! Hozir oldingi siyosiy sovuqchilikka barham berildi, oradagi munosabatlar ilib ketdi. Inshaalloh, bu do’stligimiz yanada mustahkamlanib, rivojlanib boraveradi. Xudo xohlasa butun Markaziy Osiyo yagona bo’lib birlashadi. Ana, hademay, Qozog’istonda mintaqa davlatlari birligi uchun yig’ilish bo’ladi degan xushxabarlar bor. Bu juda zo’r bo’lardi. El istagan tarixiy yagonalik bo’ladi degani bu! Qanaqadir noxush gaplar esa bo’lmagan narsa, bizda gap liderlarning irodasiga bog’liq. Ular istasa hammasi ajoyib bo’ladi. Bu yil bahori va yozi shubhasiz o’lkamizda boshqacha bo’ladi", - deydi to’lqinlanib tog’lik tojik ziyolisi.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG