Breaking News

Tixanovskaya "Amerika Ovozi"ga intervyu berdi


Belarus muxolifatining qo’shni Litvaga qochishga majbur bo’lgan 37 yoshli yetakchisi Svetlana Tixanovskaya “Amerika Ovozi” bilan suhbatda vatanidagi voqealarni Belarusning ichki ishi deya ta’riflarkan, G’arb yordamiga muhtoj emasligini bildirdi.

Xalqaro hayot – 2-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:48 0:00

“Belarusdagi voqealarga yolg’iz xalq mas’ul. Muammoga o’zimiz yechim topishimiz kerak deb hisoblayman”, - dedi u.

9-avgust kuni o’tgan prezident saylovlaridan beri mamlakatda amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar to’xtamayapti. AQSh va Yevropa Ittifoqi belarus muxolifati kabi ovozlar soxtalashtirilgan degan fikrda.

Shu kungacha yuzlab odam hibsga olingan.

Tixanovskaya Belarus kelajagi haqidagi fikrlari bilan o’rtoqlashdi.

“Barcha siyosiy mahbuslar ozod etilganidan so’ng muzokara boshlaymiz. Biz erkin, halol, shaffof saylov uchun kurashyapmiz. Har bir fuqaro unda qatnashish huquqidan foydalanishi kerak. Lukashenkoning shuncha jinoyatlaridan so’ng yangi saylovda qatnashishga ma’naviy haqqi bo’lmasa kerak”, - dedi muxolifatchi ayol.

Kreml Lukashenkoni Moskvaga taklif qildi. Prezident Putin Lukashenko iltimosiga ko’ra Belarusda zo’ravonliklarning oldini olish uchun maxsus politsiya kuchlari tuzilganini ma’lum qildi.

“Putin belaruslarga qarshi biror ish qilsa, rus va belarus xalqlari o’rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetishini anglashi zarur. Ittifoqchi bo’lganimiz uchun, salkam birodar bo’lganimiz uchun bunday harakat na Belarus, na Rossiya manfaatiga to’g’ri keladi”, - dedi Tixanovskaya.

Belarusdagi namoyishlarda minglab ayollar faol qatnashmoqda.

“Menga qiyin, chunki hozir ular bilan bo’lishni istardim. U yerdagi muhitni to’liq his eta olmayapman. Bu yerdan kuzatsangiz, qo’rqinchli ko’rinadi, odamlarni qo’rquv bosgandek, lekin u yerdagilar bilan gaplashsangiz, ularning ruhlanganini ko’rasiz. Ayollarimiz juda kuchli, ammo ulardan xavotirlanyapman”, - deydi muxolifatchi.

Tixanovskaya o’zgarishlar tashqi aralashuvsiz bo’lishi kerak deyishiga qaramay, AQSh Davlat departamenti ovozlarni soxtalashtirish va namoyishchilarga qarshi zulmga aloqador yetti nafar rasmiyni qora ro’yxatga kiritish ustida o’ylanmoqda. O’tgan hafta 20 rasmiyga sanksiya qo’llagan Yevropa Ittifoqi qora ro’yxatini kengaytirmoqchi.

Belarusda nafaqat ayollar, balki talabalar ham jonbozlik ko’rsatyapti. O’quv yili boshlanganiga qaramay, minglab studentlar o’qishni boykot qildi. Militsiya ularni ham ayamayapti.

Bir kun oldin muxolifatning yana bir vakili, Muvofiqlashtirish kengashining a’zosi Mariya Kolesnikova yangi muxolif partiya tuzilayotgani haqida ma’lum qildi, biroq Tixanovskaya saylov paytida u bilan hamkorlik qilgan guruhning bu harakatini tanqidga oldi.

Kolesnikovaning aytishicha, yangi partiya konstitutsion islohotlarni amalga oshirishni ko’zlaydi. Biroq Tixanovskaya kengash hech bir partiya nazoratida bo’lmasligi kerakligini aytarkan, asosiy maqsad Lukashenkoni hokimiyatdan olib, yangi saylov o’tkazish lozimligini va bu maqsaddan chalg’imaslik kerakligini bildirdi.

Ba’zilar belarus muxolifatida bo’linish kuzatilayotganiga ishora qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG