Breaking News

Tog'li Qorabog'dagi mojaro hali yakuniga yetgani yo'q


Tog‘li Qorabog‘ning Agdam tumanida 30-yanvar kuni Turkiya-Rossiya monitoring markazi ish boshladi
Tog‘li Qorabog‘ning Agdam tumanida 30-yanvar kuni Turkiya-Rossiya monitoring markazi ish boshladi

Tog‘li Qorabog‘ning Agdam tumanida 30-yanvar kuni Turkiya-Rossiya monitoring markazi ish boshladi. Asosiy vazifasi hududda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatib borish bo‘lgan mazkur markazning tashkil etilishi bo‘yicha memorandum o‘tgan yilning 11-noyabrida imzolangan edi.

Markazning ochilish marosimida Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zokir Hasanov, Turkiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus Emre Karaosmano‘g‘li va Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin qatnashdi.

Turkiya-Rossiya monitoring markazida har ikki tomondan 60 nafargacha harbiy xizmatchilar ish olib boradi. Hudud dronlar yordamida kuzatiladi. Qariyb 4 gektar maydonni egallagan markazning xavfsizligini Ozarbayjon askarlari ta’minlaydi.

Avvaliga Rossiya turk harbiylarining Tog‘li Qorabog‘ga kelishini istamagan, markaz hududdan tashqarida tashkil etilishini bildirgan edi. Tog‘li Qorabog‘ mojaroasi 1990-yillarning boshidan beri hal bo‘lmay kelayotgandi. 2020-yilning 27-sentabrida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida mazkur hudud uchun urush boshlandi va 9-noyarbrda Yerevanning mag‘lubiyati bilan tugadi.

Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tuzilgan bitimga binoan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘xtatildi. Hududga rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kiritildi.

Ozarbayjonlik jurnalist va tadqiqotchi Kamol Salimovga ko‘ra, mojaro hali yakuniga yetgani yo‘q.

“To‘g‘ri, Armaniston hududdan chekindi, lekin uning o‘rniga Rossiya (tinchlikparvar kuchlari) keldi, - deydi u. - Rossiya 90-yillarda Moldovaga, Pridnestrovyega “tinchlikparvar kuchlar” nomi ostida kirgan edi, haligacha u yerni tark etgani yo‘q. Tog‘li Qorabog‘ga ham xuddi shu nom bilan kirdi, u yerga qo‘mondon qilib esa rossiyalik general-leytenant Rustam Murodov yuborildi. Bu odam Donbassga ham, Suriyaga ham borgan, birinchi Checheniston urushida qatnashgan. Hatto Sergey Shoygudan keyin mudofaa vaziri bo‘ladigan salohiyatga ega odam. Rossiya shunchalik muhim odamini yubordi Tog‘li Qorabog‘ga. Kun kelib Rossiya u yerda ham pasportlarini tarqatishni boshlamasligiga, yangi muxtoriyat tashkil etishga urinmasligiga kim kafolat beradi? To‘g‘ri, vaqt o‘zgardi, Ozarbayjon kuchaydi, Turkiya uni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Lekin yana urush boshlanib ketmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hal bo‘lgandek ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, yanayam murakkab tusga kirdi. (Rossiya Tashqi ishlar vaziri) Sergey Lavrov aytdiki, Tog‘li Qorabog‘ning maqomi hali aniq emas. Ozarbayjon aytayaptiki, Tog‘li Qorabog‘ endi bizning hududimiz. Noyabrda tuzilgan uch tomonlama bitim shunchalik mavhumki, har kim uni xohlagancha talqin qilishi mumkin. Shunday ekan, Tog‘li Qorabog‘da kimdir yutdi deyish uchun hali erta, ikki-uch yildan keyin ko‘ramiz vaziyat nima bo‘lishini”.

Tog‘li Qorabog‘ning maqomi masalasi 2021-yil 11-yanvarida Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham ko‘tarilgan edi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiyaga “hududda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga qo‘shgan hissasi” uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mojaro batamom hal bo‘lmaganini aytdi.

“Albatta, biz o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik, lekin hal qilisnishi kerak bo‘lgan ko‘p masalalar bor. Shulardan biri – Tog‘li Qorabog‘ning maqomi. Albatta, Armaniston xususan bu masalani YXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) Minsk guruhi hamraisligi doirasidagi muzokaralarda hal etishga tayyor”, - dedi Pashinyan.

Turkiya-Rossiya monitoring markazining ochilish marosimi
Turkiya-Rossiya monitoring markazining ochilish marosimi

Rossiyalik siyosatshunos Dmitriy Oreshkinga koְ‘ra, Moskva Janubiy Kavkazdagi tinchlik va barqarorlikning yagona kafolatchisi sifatida ko‘rinishni xohlaydi, u Turkiyaning Tog‘li Qorabog‘ mojarosidagi ishtirokini og‘riqli qabul qildi.

Ekspertning izohlashicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘anning Bokudagi g‘alaba paradida qatnashishi Anqaraning mitaqadagi roliga ramziy ishora edi, ammo Erdog‘an ayni paytda Moskva bilan munosabatlar keskinlashishini istamaydi.

“Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat urushdan oldingiga qaraganda yaxshilandimi? Menimcha, yomonlashdi. Urush bo‘ldi, har ikki tomondan ko‘p sonli qurbonlar berildi, buni kamida bir avlod hayoti davomida unutmaydi. Armanistonning Rossiyadan hafsalasi pir bo‘ldi, Turkiya Kavkazortiga kirib keldi. Agar istiqbolni o‘ylab gapiradigan bo‘lsak, Moskva faxrlanishi mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q”, - deya tushuntiradi mutaxassis.

Hududda armanlar va ozariylar birga yashasin deyishyapti. Qanday qilib birga yashaydi?

Kamol Salimov ham Moskva o‘zini Kavkazning xo‘jayinidek tutayotganini aytadi.

“Ozarboyjon hukumatining Qorabog‘ga Rossiya kuchlarining kirishiga rozi bo‘lishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Ilhom Aliyev hukumatida ham, ozarbayjonlikarda ham shunday fikr bor: Rossiyani bir chetga surib qo‘yolmasdik. Ozarbayjon armiyasi (Tog‘li Qorabog‘ning markazi) Xonkendi shahriga juda yaqin qolgandi, u yerni qaytarib olgan bo‘lardi, lekin buni Rossiya istamadi. Moskvaga quloq solishga majbur bo‘ldik, – deydi tadqiqtochi.

“Noyabrdagi bitim Kremlning xohishga ko‘ra yozildi, Ozarbayjon u bitimni buza oladigan kuchga ega emas. Bitimni faqat bir davlat buzishi mumkin – Rossiya. Nikol Pashinyan hokimiyatdan ketgandan keyin albatta Rossiyaning ta’siridagi odam keladi boshqaruvga, ya’ni Armaniston ham keyinchalik bitimni buzmaydi. Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy jihatdan ustun edi, to‘liq muvaffaqiyatga erisha olardi. Lekin unday bo‘lmadi. Tog‘li Qorabog‘da muvaffaqiyatsizlikka uchraganlardan biri (Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha YXHTning Minsk guruhi hamraisi) Fransiya bo‘ldi, chunki u boshidanoq Yerevanni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi”, - deya qo’shadi Salimov.

Rossiya hozirgacha aralashgan qayerda mojarolar to‘liq hal bo‘lgan, deya savol beradi Kamol Salomov:

“Gruziyadami? Moldovadami? Qayerda? Tog‘li Qorabog‘ haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Hududda armanlar va ozariylar birga yashasin deyishyapti. Qanday qilib birga yashaydi? To‘qsoninchi yillarning boshida Xo‘jalida armanlar ozariylarni qirg‘in qilgan, buni qanday unutish mumkin?”

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG