Rossiya harbiy mashqlarga shaylanmoqda

  • Amerika Ovozi

NATO shu kunlarda Polshada harbiy mashqlarni yakunladi

Rossiya Boltiq dengizi bo'yida harbiy mashg'ulotlarga tayyorgarlik ko'rar ekan, Qo'shma Shtatlar jarayonni yaqindan kuzatmoqda. Ataylab xatolarga yo'l qo'yilib, kutilmagan qadamlar tashlanishi mumkin, deya qayd etmoqda Amerikaning Yevropa qo'mondonligi.

Kremlning bildirishicha, Zapad-2017 deb nomlangan strategik o'yinlar Sharqiy Yevropada hech kimning tinchligini buzmaydi, aksincha, bu - mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga hozirlik.

Mashqlarda 100 ming qo'shin qatnashishi kutilmoqda. Rossiya 2013-yildan beri bu ko'lamda harbiy mashg'ulotlar o'tkazmagan.

"Rossiya Qrimga kirganida ham shunday mashqlar o'tkazgan edi. Gruziyaga hamla qilganida ham Kreml mana shunday ishlar bilan band edi", - deya eslaydi When AQSh general-leytenanti Ben Xodjes.

"Tarix bunday misollarga to'la. Rossiya hech qachon gapida turmaydi va ataylab xato qilishga, ayyorona qadamlar tashlashga usta" ,- deydi zobit, NATOning Polshadagi bazasidan turib gapirar ekan.

Rossiya Qrimni 2014-yilda bosib olgan. 2008-yilda esa Janubiy Osetiyani Gruziyadan himoya qilish bahonasida urush boshlagan.

Shundan beri Sharqiy Yevropa Rossiyadan xavfsirab keladi. NATO hozirda bu yerda o'z qo'shinlari sonini oshirgan. Yangi bazalar ochilgan, havo kuchlari ogoh. Kreml yangi bir hamla rejasi bilan band degan taxminlar bor.

AQShning Yevropadagi qo'mondoni general-leytenant Ben Xodjes (chapdan) askarlar bilan gaplashmoqda, Polsha
AQShning Yevropadagi qo'mondoni general-leytenant Ben Xodjes (chapdan) askarlar bilan gaplashmoqda, Polsha

Xususan Litva Rossiya uning yerlariga kirishi mumkin degan xavotirda. Amerikadan bu davlat qo'shimcha yordam so'ragan.

AQSh Zapad-2017 mashqlari paytida mintaqaga 600 qo'shimcha havo kuchlari zobitlarini safarbar etadi.

Belarus armiyasi ham ishtirok etadigan mashg'ulotlarda yadroviy qurollar ham sinab ko'rilishi rejalangan. Rossiya, shuningdek, o'zining boshqa turdagi yangi vositalarini ishga soladi. Kaliningradda joylashgan bazadan turib "Iskander" rusumidagi raketalar qo'llanadi.

"Iskander" taktik raketalari, Kubinka, Rossiya
"Iskander" taktik raketalari, Kubinka, Rossiya

Estoniya Mudofaa vazirligiga ko'ra, Rossiya mashqlarda olib kirgan qo'shinlarini Belarusdan olib chiqmaydi. Kreml NATOning mintaqadagi xatti-harakatlariga shunday javob berishga bel bog'lagan, deyiladi vazirlik bayonotida.

AQSh ham shu yilning kuzida Shvetsiya, Polsha va Ukrainada mashqlar o'tkazmoqchi. Vashington Boltiqbo'yi mamlakatlariga harbiy ko'makni oshiradi va yangi dasturlar boshlashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG