Breaking News

Paxta - o'zbek xalqining faxri va azobi


O'zbekiston: Oq oltinni majburlab terdirish shartmi?/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:25 0:00
Yuklab oling

O’zbekistonda paxta yig’im-terimi davom etar ekan, Toshkent Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) kuzatuvchilariga vaziyat bilan tanishishga ruxsat bergan. Yevropa Ittifoqi nazarida bu ijobiy o’zgarish.

Lekin, deydi blok siyosatchilari, majburiy mehnat O’zbekistonda hamon og’ir masala.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Patrisiya Flor O’zbekiston bilan uzoq davom etgan muzokaralarda ijobiy siljish kuzatilganini ta’kidlagan. U, shuningdek, O’zbekiston hukumati va Xalqaro Mehnat Tashkiloti o’rtasidagi kuzatuv shartlariga ham to’xtalgan.

Bu shartlarga ko’ra, XMT mutaxassislari ogohlantirishsiz, istalgan paytda va joyga hech bir to’siqsiz chiqishadi, suhbatda qatnashgan kishilarga biror tazyiq o’tkazilmaydi.

O’zbekistonda majburiy mehnatni taqiqlash bo’yicha amalga oshirilgan ishlarni oqishlagan Patrisiya Flor bu taqiq 18 yoshgacha emas, balki faqat 16 yoshgacha bo’lgan bolalarni qamrab olayotganidan tashvish bildirgan. Muammoga butunlay barham berish uchun mamlakat qishloq xo’jaligida islohotlar o’tkazishga chaqirgan.

XMTning bir guruh mutaxassislari ayni paytda O’zbekistonda, paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatishayotgani xabar qilinadi. Ammo mahalliy faollar monitoring qanday ketayotganidan bexabar. Kuzatuv hokimiyat vakillari ishtirokida kechayotgani aytiladi.

O’zbekiston inson huququlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko’ra, bu yilgi paxta kampaniyasi nafaqat viloyatlar, balki poytaxtdagi aholining ham barcha qatlamlarini qamrab olgan.

“Avvalgi yillari faqat Toshkent shahriga tegishmasdi. Bu yil bo’lsa hamma, Toshkentda hokimiyatdagilarni hammasi paxtaga jalb qilingan. Ular tashkilot, firma, do’kon, bozorlardan ham paxtaga odam yig’ishyapti. Qattiq talablar qo’yilayapti, norozi bo’lsa, qo’rqitishayapti, soliqchilarni ishga solishayapti. Bunaqasi avvalgi yillari kuzatilmagan edi”, - deydi Ikromov.

Huquq faoli Xalqaro Mehnat Tashkiloti mutaxassislariga nafaqat paxta dalalarini, balki viloyatlarda bo’shab qolgan kollej va litseylarni ham borib ko’rishni tavsiya qiladi.

“Nazarimda, XMT vakillari hali kuzatuvni boshlashmadi. O’zi boshida biz bilan, huquq himoyachilari bilan uchrashishgani ma’qul edi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Hukumat biz voyaga yetmagan yoshlarni terimga jalb qilmadik deydi, va ehtimol Toshkentdagi litsey-kollejlarni ham ko’rsatishga olib kelar”, - deydi Ikromov.

Men ularga poytaxtdan uzoqroqqa chiqishni, tumanlardagi kollej-litseylarni borib ko’rishni maslahat berardim, deydi u.

“Shunda ular aniq ko’rishadi bu o’quv yurtlari bo’shab yotgani, bolalarning hammasi paxta terimiga chiqarilganini. Ammo ular bilan hokimiyat vakillari yuradigan bo’lsa, qayerga olib borishadi, nimalarni ko’rsatishadi, bilmayman. Ehtimol, o’z ixtiyorimiz bilan terimga chiqdik, davlatimizga foyda keltirish uchun deb o’rgatilgan gaplarni ham eshittirishar”.

Ma’lumotlarga ko’ra, ob-havoning yog’ingarchiliklarga boy kelishi kutilayotgani bois bu yilgi terim kampaniyasi shiddatli va katta bosim ostida o’tmoqda. Terimchilarning aksariyati palatkalarga joylashtirilgan, oddiy zaruriy kundalik ehtiyojlar inobatga olinmagan.

Bu yilgi terim paytida hozirgacha bir necha kishi halok bo'ldi.

Qarshida kollej talabasi, 16 yoshli qiz tok urib paxta dalasida o’lgan. Qashqadaryoda bir talaba pichoq bilan sinfdoshlariga tashlanib, ulardan biri jon bergan, qolganlar qattiq jarohat olgan. Buxoro viloyatida olti yoshli bola nobud bo'lgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG