Breaking News

"Diniy siyosat o'zgarayotgani real qadamlar bilan isbotlanishi kerak"


Prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisini O'zbekistonga taklif qilish va'dasini bergan. Bu haqda BMT inson huquqlari oliy komissari Zayd Raad al-Husaynning Toshkentda o'tgan uchrashuvida gaplashilgan edi.

Hozirgacha BMTning qiynoqlar va e'tiqod erkinligi bo'yicha ma'ruzachilarining O'zbekistonga kirishi taqiq ostida qolayotgan edi. Mamlakatda noqonuniy diniy oqim tarafdorlari bilan targ'ibot ishlarini o'tkazish boshlangani ham kuzatiladi.

Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov “Xalq so'zi” gazetasidagi maqolasida BMT inson huquqlari kengashining 6-iyun kuni o'tgan majlisi haqida hisobot beradi. Uning yozishicha, Zayd al-Husayn O'zbekistonga safarini yuksak baholagan. Jumladan, BMT mutaxassislarini O'zbekistonga taklif etish va'dasi berilganini alohida qayd etgan.

Zayd al-Husayn Toshkentda may oyida Prezident Mirziyoyev bilan muzokaralar o'tkazgan edi.

BMT maxsus ma'ruzachilari O'zbekistonda so'nggi bor 2003-yilda bo'lgan. Qiynoqlar masalasi bo'yicha vakili Teo van Boven o'shanda O'zbekistondagi bir necha qamoqxonada bo'lgan, mahbuslar bilan uchrashgan va mamlakatda qiynoqlar muntazam qo'llanilishi haqida xulosa qilgan edi. Uning xulosasini hukumat tan olmagan, BMT qo'mitasi bilan munosabatlar keskin taranglashgan va Bovenning O'zbekistonga kirishi taqiqlab qo'yilgan edi.

BMT e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachining O'zbekistonga kiritilishi yuzasidan rasmiy Toshkentga o'tgan yillar davomida ham bir necha bor murojaat qilgan, bu murojaatlar inobatsiz qoldirib kelinayotgan edi.

Xalqaro hisobotlarda diniy e'tiqod erkinligi keskin cheklangan davlatlar qatoridan o'rin olib kelayotgan, so'nggi paytda esa fuqarolari dunyodagi bir qator terrorchilik aktlariga aralashib qolgan O'zbekiston uchun bunday tashrif o'ta ahamiyatli ko'riladi.

Turkiyada yashab kelayotgan o'zbek sharhlovchisi Namoz Normo'min xalqaro jamoatchilikda O'zbekistondagi diniy erkinlikka oid xavotirlar kuchayganini qayd etadi.

“Afsuski, dunyodagi so'nggi terror voqealarida Shvetsiya, Turkiya, Rossiyada bo'lsin O'zbekistonni, o'zbeklarning nomi aralashdi. Shundan so'ng xalqaro matbuotda O'zbekistonda diniy ekrinlikka nisbatan to'siqlar mavjudligi, bu dindorlarni shiddatga majburlayotgani masalasi ko'tarildi. Shvetsiya matbuotida ham bu haqda yozildi, diniy ekstremizm sababi O'zbekistondagi diktatura ekanligi haqida, bular to'g'ri. Menimcha hukumat bundan tashvishlangan, bularni kuzatib borayapti. Nazarimda, ma'ruzachini aynan shuning uchun ham taklif qilayotgan bo'lishi mumkin. Yani prezidentimiz islohotlar qilayapti, dindorlar bilan uchrashuvlar o'tkazayapti, degan ma'noda”, - deydi Normo'min.

Mirziyoyev Toshkentda imomlar va din peshvolari bilan o'tgan uchrashuvida shu masalani, o'zbekistonliklarning terror harakatlariga aralashib qolayotganini chetlab o'tmadi.

Prezidentga ko'ra, terror xurujlari ijrochisi o'zbeklar ekanligini eshitish unga qattiq ta'sir qiladi, ekstremizmga qarshi kurashish uchun jamiyat birlashishi kerak, va bu borada aynan diniy ulamolar o'rnak ko'rsatishi lozim.

Mirziyoyevning diniy siyosatdagi amaliy qadami hozirgacha noqonuniy diniy tashkilotlarga aloqadorlikda ayblanib jamiyatdan chetlatilgan dindorlarni jamiyatga qayta qo'shish bo'yicha boshlangan harakatlar deyish mumkin. Buning uchun diniy idora tomonidan maxsus guruhlar tashkil qilingani, ular aynan hukumat nazarida adashgan hisoblangan dindorlar bilan ishlayotgani, ularning maishiy, ijtimoiy muammolariga ko'mak ko'rsatishayotgani xabar qilinmoqda.

Namoz Normo'min bu o'zgarishlardan xabardor, ammo yangi hokimiyatning diniy siyosati shakllanmagan deb hisoblaydi.

“Diniy siyosat o'zgarayotgani real qadamlar bilan isbotlanishi kerak, diniy siyosat qanday bo'ladi, uning mag'zi ochib berilishi lozim. Ya'ni islom dunyoviylikka qarshi emas, davlat ham musulmonlarga qarshi emas degan bir dastur bilan chiqish kerak. Bundan tashqari qamoqxonadagi musulmonlar taqdiri hal etilmagan, mamlakatda maschitlar soni kam. Masalan, qo'shni Qirg'izistonga solishtirganda. Aslida eng qattiq adashgan unsur O'zbekistondagi rejim, u hali to'liq o'zgarmadi. Albatta, bu musulmonlar orasida adashganlar yo'q degani emas, ular orasida ham adashganlar toifasi bor, ammo birinchi Karimovdan qolgan tuzumning o'zini to'g'rilash kerak. Vaziyat o'zgarganini birinchi ko'rsatkichi qamoqdagi aybsiz dindorlarning ozodlikka chiqarilishi, aniq bir diniy siyosatning shakllanishi, avvalgi rejimdan qolgan tazyiqlardan voz kechilishi bo'ladi”, - deydi sharhlovchi.

Prezident tashabbusida Toshkentda katta iftorlik uyushtirilgani hukumat dindorlar bilan bog'liq vaziyatga jiddiy diqqat qaratayotganini ko'rsatdi. Mirziyoyevning tan olishicha, yoshlarni turli soxta oqimlarga qo'shilib, o'z umrini xazon qilayotgani uni qiynab kelayotgan jiddiy muammolardan biridir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG