Breaking News

Shinjonda tug’ilish sur’ati pasaygan


Shinjonda rasmiy majlis

Xitoy hukumati chop etgan eng so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, o’tgan yili uyg’urlar yashovchi Shinjonda har 1000 odamga 8,14 ta chaqaloq to’g’ri kelgan. Bu 2017-yilga qaraganda 50 foizga kam. O’shanda har 1000 odamga 15,88 ta chaqaloq to’g’ri kelgan edi.

Xitoy Milliy statistika byurosining 2020-yil raqamlaridan ma’lum bo’lishicha, Shinjonda aholining o’sish sur’ati 2017-yilga qaraganda keskin tushgan – 67 foizga. Bu raqam o’lim va tug’ilish nisbatini hisobga oladi. Masalan, 2017-yilda o’sish sur’ati 1000 aholiga 11,4 promilleni tashkil etgan bo’lsa, 2019-yilda bu ko’rsatkich 3,69 promillega teng bo’lgan.

Xitoyda tug’ilish sur’ati nafaqat Shinjonda, balki mamlakat bo’ylab tushgan va bunga turlicha sabablar ko’rsatilmoqda. Eng past raqamlar Shinjonda. Viloyatning uyg’urlar eng ko’p yashovchi janubiy qismida ahvol yanada ayanchli. Masalan, aholisining 97 foizini uyg’urlar tashkil etuvchi Xotan rayonida tug’ilish sur’ati 2018-yilda 1000 odamga 8,58 chaqaloqni tashkil etgan. 2017-yildan oldin bundan salkam 2,5 baravar ko’p edi.

Shinjonda tug’ilish siyosati

Xitoy rasmiylari tug’ilish sur’atining kamayishini oilani rejalashtirish siyosatining qattiq nazorat etilayotgani, qoidabuzarlarning jazolanishi bilan izohlamoqda. Uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa elatlar xitoylar uchun belgilangan “Bir oila – bir farzand” siyosatidan xoli edi. Ushbu majburiyat mamlakat bo'ylab 2016-yilda bekor qilingan.

Shinjonda shahar aholisi oilada ikkita, qishloq hududlarda esa uchtagacha farzandga ega bo’lishi mumkin. Cheklovni buzganlarga yirik miqdorda jarima solinadi. Ko’p farzandli oilalarga odatlangan uyg’urlar uchun bu og’ir kelmoqda.

“Xitoy hukumati ma’lum paytdan beri ozchilikdagi elatlar aholisining o’sish sur’ati xitoy aholisinikiga qaraganda yuqoriroq ekanidan xavotirdaligi ko’rinib turibdi, garchi ozchilikdagi etnik guruhlar mamlakat aholisining hali ham 9 foizidan kamini tashkil etib turgan bo’lsa-da”, - deydi Britaniyaning Nyukasl universitetida Xitoy bo’yicha mutaxassis Joann Smit Finli.

Unga ko’ra, hukmron Kommunistik partiya yosh va professional xitoy oilalarining ikkinchi farzandli bo’lishga oshiqmayotganidan tashvishda.

“Partiya Xitoyda ishchi kuchi hajmining tushayotganiga chek qo’yish hamda jinsiy nomuvozanatni to’g’rilash maqsadida oilalarning ikki farzandli bo’lishini targ’ib qilmoqda. Ozchilikdagi etnik guruhlar vakillari ko’payganidan ko’ra xitoylarning ko’payishini xohlaydi hukumat”, - deydi Finli.

Qatliomda ayblovlar

Xitoyda uyg’urlarni qayta tarbiyalash lagerlari tizimi kuchli rivojlangan bo’lib, AQSh va boshqa davlatlar bunday siyosatni qatliom yoki genotsid deb ataydi. Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, bunday lagerlarda bir milliondan ortiq odam saqlanmoqda.

Pekin lagerlar odamlarni qashshoqlikdan chiqarishga qaratilganini, ta’lim-tarbiya, hunar berishini ta’kidlaydi. Biroq tashqaridagi kuzatuvchilar lagerlarni majburiy jazo muassasalari deb biladi.

“Bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqalarning ko’p hollarda ko’p bolali bo’lgani uchun bu lagerlarda majburiy saqlanayotgani odamlarni ko’proq bola ko’rishdan yoki davlatning tug’ilishni qattiq nazorat qilishga qaratilgan siyosatiga qarshilik ko’rsatishdan qaytarish uchun kuchli to’siq bo’lib xizmat qiladi”, - deydi Finli.

AQShning Indiana shtatidagi Texnologiya institutida xitoyshunos Tim Grouzning aytishicha, farzand ko’rish miqdoriga qo’yilgan cheklovlarni buzgan oilalarni qayta tarbiyalash uchun lagerlarga yuborilgani haqida ko’plab dalillar bor.

Majburiy sterilizatsiya haqidagi da’volar

Xitoy rasmiylari tug’ilish sur’atining tushayotganini hozirgi avlodning turmush qurish madaniyatidan uzoqlashayotgani bilan izohlayotgan bo’lsa, Uyg’ur Amerika uyushmasi a’zosi Hasan Ko’kborning aytishicha, bunga Xitoy hukumatining majburiy sterilizatsiya va abort siyosati sababchi.

“Assoshieytid Press” axborot agentligining Xitoy davlat statistik ma’lumotlari, lagerlarda bo’lgan 30 odam, ularning oila a’zolari va lagerning sobiq o’qituvchisi bilan bo’lgan suhbatlar asosidagi taftishi natijasiga ko’ra, hukumat ozchilikdagi elatlardan chiqqan ayollardan muntazam ravishda homiladorlikka tekshirtirishni talab qiladi, bachadon ichi spirallarini qo’yishga, sterilizatsiyaga, hatto lagerdagi yuz minglab ayollarni abortga majburlaydi. Ba’zilar buni “demografik genotsid” deb ataydi.

Tim Grouzning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Kommunistik partiya Shinjon janubidagi ayrim qishloq hududlarda oilalarga uchinchi homiladan voz kechishi uchun mukofot puli taklif etmoqda.

Xitoy hukumatining bildirishicha, oilani rejalashtirish siyosatiga amal qilayotganlar o’z xohishiga ko’ra bunday qilmoqda.

“Barcha elat va millat vakillari kontratsepsiya vositalarini qo’llash qarorini qabul qilishda erkindir”, - deb yozilgan edi “Global Tayms” Xitoy davlat gazetasida 2020-yil avgustida chop etilgan maqolada.

AQShning Viskonsin universiteti olimi Yi Fushanning aytishicha, Shinjonda qishloqlardan shaharlarga ko’chish sur’atining kuchayishi natijasida oila qurish, farzand ko’rishga munosabat o’zgargan.

“Shinjonda ta’lim darajasi ancha oshgan. Odamlar kechroq oila qurmoqda, farzand ko’rishga boshqacha qaramoqda, urbanizatsiya kuchaygan. G’arb “konsentratsion lagerlar”, Xitoy esa “qayta ta’lim lagerlari” deb atayotgan muassasalarning paydo bo’lishi oilalarning ajralishiga sabab bo’ldi, bu esa tug’ilish darajasiga ta’sir qilmoqda”, - deydi olim.

Qanday sabablar ko’rsatilishidan qat’i nazar, bir narsa aniqki, uyg’urlar orasida tug’ilish sur’ati keskin tushib ketgan.

Nyukasl universiteti olimasi Joann Smit Finlining aytishicha, Xitoy uyg’urlarni sekin, progressiv, qo’rqinchli tarzda yo’q qilmoqda.

"Bu ham qatliomning bir turi bo’lib, uyg’urlar madaniyatini yo’q qilishga qaratilgan boshqa choralar bilan birga uyg’ur aholisining katta miqdorda kamayishiga olib keladi. Natijada uyg’urlar o’zligidan ayriladi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG