Din

O'zbekiston hamon e'tiqod erkinligi cheklangan davlatlar qatorida

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston: E'tiqod erkinligi

AQSh Davlat departamenti tahlilicha, O'zbekistonda diniy erkinlik hamon cheklangan. Yangi rahbariyat o'tgan bir yarim yil ichida vaziyatni tuzatishni boshladi, lekin jarayon sekin, deyiladi yangi hisobotda.

O'zbekistonda terrozim va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida minglab begunoh insonlar taqvodorligi uchungina hibsga olingan, qamalgan va azoblangan, deya rasman tan olinayotgani hozirgacha kuzatilgan eng katta yutuq. Xalqaro huquq tashkilotlari ham Amerika hukumatining bu xulosasiga qo'shilmoqda.

Yaqinda O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga rasman tashrif buyurib, Oq uy hamda Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va Kongressda yuqori lavozimli rasmiylar, qonunchilar va boshqa idoralarning rahbarlari bilan uchrashganida inson huquqlari va erkinlik bobida respublika olg'a qadam tashlaydi, deya so'z bergan.

Tramp ma'muriyati uchun e'tiqod erkinligi ustuvor masalalardan biri, deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo

Oq uydagi muzokaralarda AQSh Diniy erkinlik bo'yicha maxsus elchisi Sem Braunbek ham ishtirok etgan. O'zbekiston u bilan yaqindan ishlash niyatida. Braunbek Kongressning sobiq a'zosi. 1995-2011 yillar orasida avval vakil, keyin esa senator bo'lgan. O'sha davrda tashqi siyosatda, xususan Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekistonga nisbatan yondashuvni belgilashda hissa qo'shgan.

2005-yilda Andijonda yuz bergan qonli voqealar ketidan AQSh O'zbekiston hukumatini keskin tanqid qilib chiqqanida va ko'plab qonunchilar Prezident Islom Karimovni o'z xalqiga qarshi kuch ishlatganlikda ayblaganida, Braunbek ular orasida bor edi va bu davrdan keyingi munosabatda, ya'ni aloqalar va hamkorlik cheklanishida muhim rol o'ynagan. O'zbekistonda erkinlik cheklanaversa, aloqalar kengaymasligi aniq, degan gaplarni aytgan.

Bugun esa Vashington O'zbekiston bilan strategik sheriklikni boshlab, oradagi barcha nozik masalalarni hal etishga, huquq va qonun ustuvorligini ta'minlashda yordam ko'rsatishga bel bog'lagan. Yaqin kelajakda Braunbek O'zbekistonga bormoqchi va vaziyat bilan o'zi tanishmoqchi.

AQShning Diniy erkinliklar bo'yicha Xalqaro komissiyasi har yili o'z hisobotini chiqarib, hukumatga qay davlat bilan qanday muomala qilish borasida maslahat va tavsiyalar beradi. Komissiyaning umum pozitsiyasi shuki, e'tiqod erkinligini hurmat qilmagan tuzumlar bilan hamkorlik cheklanishi kerak. Chunki, deya tushuntiradi bu organ, AQSh diniy erkinlikka asoslangan, uni o'zining oliy qadriyati va demokratik tizimning ajralmas qismi, deb biladi. Amerika diniy erkinlikni oyoq osti qilinadigan davlatlarni siyosiy jihatdan jazolashi kerak, deya bong uradi bu komissiya.

Toshkent bozorlarida

Davlat kotibi Mayk Pompeo 28-may kuni departamenti hisobotini taqdim etar ekan, e'tiqod erkinligi targ'iboti Amerikaning dunyo bo'ylab asosiy maqsadlaridan biri, dedi.

"Uzviy huquqlar, xususan so'z va matbuot, din va uyushish erkinligi, poymol etilgan jamiyatlar beqaror va ko'p hollarda u yerlarda terrorizm ildiz otadi. Erkinlikni qadrlagan jamiyatlar esa aksincha, tinch, osoyishta va farovon. Shu bois ham Tramp ma'muriyati e'tiqod erkinligini global miqyosda targ'ib qilishga bel bog'lagan", - dedi Pompeo.

O'zbekiston singari davlatlar azaldan AQShni bu masalaga noxolis, adolatsiz va hatto mantiqsiz yondashayotganlikda qoralab kelgan. Har bir jamiyatning o'z qadriyatlari va madaniyati, mentalitet va sharoiti bor, deya noliydi rasmiylar. Amerika ularga ko'z yumadi va o'z manfaatlarini olg'a surishda mana shunday targ'ibotlarni ishga soladi, degan tanqid keng tarqalgan.

O'zbekiston qonunlari boshqa huquqlar qatorida, diniy erkinlikni ham kafolatlaydi. Odamlar o'zlari istagan dinga sig'inishi, amal qilishi mumkin. Lekin diniy targ'ibot, diniy adabiyotlar, diniy ust-bosh, diniy faoliyat, diniy tadbirlar va uyushish cheklangan. Hukumat ma'qullamagan har qanday diniy harakat nishonga olinadi. Diniy doiralar va guruhlar qo'rquv asosida terrorist tashkilot deya tamg'alanishi, isbot-dalillarsiz ham odamlar sudlanib, jazolanishi mumkin, deyiladi AQSh hisobotida. Unga ko'ra, sunniy mazhabidan bo'lmagan musulmonlar o'z tashkilotlarini ocha olmaydi. Nasroniy tashkilotlar tazyiq ostida. Hatto bu diyorda azaldan yashab kelgan yahudiylar ham o'z idoralarini ocha olmay sarson.

O'zbekiston qamoqxonalarida taxminan 7000 diniy mahbus bor, ya'ni ekstremizm va terrorizm aybi bilan qamalganlar. Huquq tashkilotlariga ko'ra, ular aksariyat hollardda taqvodorligi uchun jazolangan, amalda biror qonli ishga qo'l urmagan.

Nohukumat tashkilotlar va huquq faollaridan olingan ma'lumotlarga asoslanib qayd etilishicha, O'zbekistonda o'tgan yili o'smirlarga ham masjidga borishga ruxsat berilgan. Masjidlarga nisbatan bosim pasaygan. 763 diniy mahbus prezident tomonidan avf etilgan. Lekin huquq tashkilotlariga ko'ra, O'zbekiston qamoqxonalarida yana taxminan 7000 shunday mahbuslar bor.

Mana shunday manzara sabab O'zbekiston AQSh hukumati nazarida hamon "alohida xavotirga molik davlat" degan maqomda turibdi va uning asosida hamkorlik cheklanishi lozim. Biroq bir necha yildan beri bu maqomga ko'z yumiladi, chunki Oq uy uchun O'zbekiston Markaziy Osiyo va Afg'oniston bilan bog'liq masalalarni hal etishda, u yerdagi manfaatlar himoyasida ishonchli va zarur sherik.

O'zbekiston hukumati esa bu maqom uning nufuziga katta dog' ekanini tan olib, muammolarni tuzatish qarorida qat'iy ekanini bildirmoqda.