Sanksiya ketidan Kuba AQShni ichki ishlarga aralashayotganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrigez

Kuba AQShni Vena konvensiyasini buzganlikda ayblab, ikki davlat orasidagi "shundoq ham cheklangan aloqalarga raxna solmoqda", deya qoralamoqda.

Vashington esa Kubaga Venesueladan boradigan yonilg'i ta'minotini uzishni maqsad qilgan sanksiyani e'lon qildi.

Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodrígez Amerikani aynan nimada ayblayotganini tushuntirmagan. Lekin uning tvit qilishicha, AQShning Gavanadagi elchixonasi mamlakatning ichki ishlariga aralashmoqda. Tomonlar 2015-yilda diplomatik aloqani tiklab, har ikki poytaxtda elchixonalarini qayta ochgan edi.

AQSh Moliya vazirligi Kubaning "Corporacion Panamericana S.A." degan biznesini jinoiy kompaniya deb e'lon qilib, qora roy'xatga kiritdi. Chunki, deydi Amerika rasmiylari, bu korporatsiya Venesuela bilan hamkorlik qilmoqda.

Kubaning "Cubametales" davlat kompaniyasi ham sanskiya ostida. Bu biznes ayrim ishchilarini "Panamericana"ga o'tkazgan edi, endi esa u ham sanksiyaga uchragan.

Tramp ma'muriyati Kuba hukumatini, shuningdek, u bilan hamkor Venesuelani kommunistik mafkurani targ'ib qilib, o'z xalqlarini ezayotganlikda ayblab keladi. Har ikkisining rahbariyatini Prezident Tramp g'animlar deb biladi.

Hozirda AQShdan faqat Gavanaga uchish mumkin xolos. Kubaning qolgan qismlariga borish mumkin emas.

Yanada qattiqroq choralar kuting, deya ogohlantirmoqda Oq uy.