Majburiy mehnatga qarshi kurashda Toshkent Vashington yordamiga tayanmoqda

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Vashingtonda AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Elis Uells bilan Davlat departamentida, Vashington, 30-yanvar, 2020

O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Vashingtonda AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Elis Uells bilan uchrashib, respublikada majburiy mehnatga qarshi kurash qanday ketayotgani haqida gapirib berdi.

Toshkent bu borada Amerikaning texnik yordamiga muhtoj. Shuningdek, Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan o'tgan ikki yilda shakllangan yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirib, nafaqat majburiy mehnat balki bandlik bilan bog'liq boshqa muammolarni bartaraf etishda ham BMTning bu organi quvvatloviga tayanmoqchi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo yaqin kunlarda Toshkentda bo'ladi. Uells xonim unga hamroh. Inson huquqlari va islohotlar - O'zbekiston hukumati bilan muloqotdagi asosiy mavzulardan biri.

Ayni damda "Paxta kampaniyasi" xalqaro koalitsiyasi vakillari O'zbekistonda. Majburiy mehnatga qarshi kurashuvchi bu harakat 10 yildan oshibdiki, respublikaga e'tibor qaratib, hukumatni siyosatni o'zgartirishga undab kelar edi.

Toshkent 10 yil bu chaqiriqlarga javob bermadi. Lekin bugun bu koalitsiya bilan muzokarada. O'zbekiston paxtasi majburiy mehnat mahsuli deya undan ishlangan tovarlarni boykot qilib kelayotgan kompaniyalar "Paxta kampaniyasi" orqali Toshkentga o'z talablarini qo'ygan.

Boykot bekor qilinadimi yo'qmi - hozirda mana shu dolzarb masala. Yangiliklar bilan shu yerda tanishib boring.