Bayden immigratsiya tizimida ulkan o'zgarishlar qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda musulmon faollar Bayden ma'muriyati ilk kundanoq immigratsiya bilan bog'liq muammolarni hal etishga kirishadi degan umidda

AQShda o'tgan hafta prezidentlikka saylangan Jo Bayden o'zidan oldingi rahbar Donald Tramp davrida immigratsiya bo'yicha qabul qilingan qarorlarni bekor qilib, mamlakatni ochadi, deya kutilmoqda. Lekin u tizimdagi muammolarni bu bilangina hal qila olmaydi.

O'tgan to'rt yil ichida Oq uy tomonidan 400 dan ortiq hujjat qabul qilingan. Sayohat qilishni cheklashdan tortib, siyosiy boshpana berish, chegarada favqulodda holat e'lon qilish va umuman xorijliklarni mamlakatga kiritish va chiqarib yuborish borasidagi chora-tadbirlar ko'rilgan.

Prezidentlikka saylangan Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan, Filadelfiya, 11-noyabr, 2020

Ekspert Mishel Voslin deydiki, qarorlarni bekor qilish ishning oson qismi. Tegishli agentliklarga yangi odamlar tayinlash, ko'rsatmalarni va nazorat tizimlarini yangilash - bular murakkab jarayonlar, deydi Voslin.

"Qarorlar chiqadi, ular amalga oshirish kerak. Bu esa vaqt oladi", - deydi mutaxassis.

Oq uydagi birinchi 100 kun ichida Bayden fuqarolari AQShda kirishi cheklangan davlatlar ro'yxatini chetga surishi rejalangan. Tramp bu mamlakatlardan kelganlar xavfsizlikka tahdid soladi, deya shunday farmon bergan edi.

Buni ham ko'ring Jo Bayden: Amerika ishonadigan va faxrlanadigan prezident bo'laman

Myanma, Eritreya, Qirg'iziston, Nigeriya, Sudan, Tanzaniya, Eron, Liviya, Somali, Suriya va Yaman, shuningdek, Venesuela va Shimoliy Koreya bu ro'yxatda.

Hujjatsiz immigrantlarning AQShda voyaga yetgan farzandlariga qonuniy maqom berish ham Bayden ko'zlagan maqsadlardan biri.

Uning ma'muriyati deportatsiya bilan bog'liq masalalarni ham ko'rib chiqadi. Bo'lajak prezident Amerika bolaligida kelib qolib, hozirda ishlashga qiynalayotgan insonlarga mehnat huquqi berish borasida ham o'ylanmoqda.

Muhojirlarning AQShda o'zini iqtisodiy jihatdan eplay olishi, davlat yordamiga qanchalik muhtoj bo'lishini tekshiruvchi jarayon va unga doir talablar ham yangilanishi mumkin.

Amerikadagi 11 milliondan oshiq hujjatsiz immigrantlar uchun qonuniy maqom olish imkoniyati berilishi lozim, degan taklifni Bayden saylov kampaniyasida qayta-qayta tilga olgan. Uning tarafdorlari Oq uydan salmoqli qadamlar kutadi.

Buni ham ko'ring Bayden ma'muriyatini nimalar kutmoqda?

Tramp ma'muriyati yiliga 15 ming qochqinni qabul qilishga qaror qilgan. Bayden bu raqamni 125 mingga chiqarmoqchi. Obama davrida 110 ming edi.

Chegaraga kelib boshpana so'raganlarga qanday munosabatda bo'lish yuzasidan ham Tramp paytida yo'lga qo'yilgan mexanizmlar olib tashlanishi, insonparvarlikka urg'u berilishi kutilmoqda.

Lekin ekspert Voslin nazarida bu ishlar ham uzoq vaqt oladi.

"Tramp siyosati ta'siridan bir pasda qutula olmaysiz",- deydi u.

Bayden Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan grin-karta va ish vizalari olish jarayonlarini ham jonlantirishga so'z bergan. Prezident Tramp bu yil boshida ularga cheklovlar qo'ygan edi.

Baydenning immigratsiya dasturi ko'plab yangiliklarni o'z ichiga oladi, ammo ularni ro'yobga chiqarish uchun bir necha oy emas, kamida 2-3 yil kerak, deydi mutaxassislar, unda ham iroda kuchli bo'lgan taqdirda.