Breaking News

Prezident Tramp Kongressga, Amerika xalqiga hisobot berdi


Prezident Tramp ayni damda impichment xavfi bilan yuzlashmoqda. Uning davlat rahbari sifatidagi taqdiri Senatda sudda. Lekin Kongressdan kelayotgan xabarlarga ko'ra, oqlanish ehtimoli baland. Senat - respublikachilar qo'lida.
Prezident Tramp ayni damda impichment xavfi bilan yuzlashmoqda. Uning davlat rahbari sifatidagi taqdiri Senatda sudda. Lekin Kongressdan kelayotgan xabarlarga ko'ra, oqlanish ehtimoli baland. Senat - respublikachilar qo'lida.

Prezident Donald Tramp ayni damda impichment xavfi bilan yuzlashmoqda. Uning davlat rahbari sifatidagi taqdiri bir necha kundirki, Senatda sudda. Lekin uning oqlanish ehtimoli baland. Impichment talabi demokratlar hukmron Vakillar palatasida ovozdan o'tgan. Biroq Senat, masala qanchalik qizg'in muhokama qilinmasin, respublikachilar qo'lida ekani uchun Trampga qarshi yetarlicha ovoz olish amri mahol.

4-fevral kuni Prezident Tramp Kongressning har ikki palatasi va shu tariqa xalqqa murojaat qildi. Oq uydagi rahbarning yil boshida mamlakatdagi vaziyat haqida o'z hisobotini berishi - azaliy siyosiy an'ana.

Odatda bu nutq bir soatcha davom etadi va unda birinchi o'rinda - iqtisodiy-ijtimoiy ahvol.

"Qo'shma Shtatlar bugun har doimgidan ham farovon va xavfsiz", - dedi Tramp, ma'ruzani boshlar ekan.

Uning tasvirlashicha, Amerika iqtisodiyoti hozirda kun sayin kuchayib bormoqda va buni mehnatkashlarning hayoti yaxshilanayotganidan bilish mumkin. O'tgan uch yilda 7 million ish o'rni ochilgan.

Amerikaning chetga chiqib ketgan bizneslari vatanga qayta boshlagan, deydi prezident. Oldin yopilgan ko'mir va boshqa an'anaviy yonilg'i turlarini ishlab chiqaruvchi inshootlar qayta ochilmoqda, deydi u. Mamlakat energetik jihatdan endi mustaqil, deydi prezident.

Tramp davrida 12 ming yangi fabrika va zavod ochilgan.

Ishsizlik o'tgan yarim asrdan beri eng past nuqtada, 3-4 foiz orasida.

Prezident Trampning ayni damdagi reytingi, so'nggi ommaviy so'rovlarga ko'ra, 49 foizda. Oxirgi oylarda o'sgan.

Amerika bugun barcha yirik hamkorlari bilan yangi savdo bitimlari imzolamoqda yoki buning uchun harakat qilmoqda, deydi Tramp. Xususan Kanada va Meksika bilan bugun tijorat boshqacha, deydi u, "adolatli".

"Xitoy bizni bugun ko'proq hurmat qiladi, chunki bilishadiki, bizni alday olishmaydi. Yillar davomida Amerikani laqillatib kelishayotgan edi, turli biznes hiylalar bilan. Biz bunga chek qo'ydik", - deydi Tramp Pekin bilan erishgan kelishuvlarini maqtar ekan.

Iqtisod o'smoqda, deydi Tramp
Iqtisod o'smoqda, deydi Tramp

Mehnatkashlarning oilalariga g'amxo'rlik qilish, sog'liqni saqlashdan tortib, ta'limgacha, yangi imkoniyatlar yaratish bilan davlat har bir xonadonning hayotini osonlashtirish harakatida, deydi Tramp. Farzand ko'rganlar ta'tilga chiqa olsin. Bolalarni katta qilishda hukumat oilalarga yordam bersin. Bog'cha va maktab topish yengillashsin. Ishchi ota-ona bolasini deb tirikchiligidan voz kechmasin, deydi prezident.

Trampga ko'ra, Amerikada sog'liqni saqlash tizimi islohoti ham oldinga siljidi. Undan oldingi prezident Barak Obama davrida joriy qilingan talab, ya'ni har bir amerikalik tibbiy sug'urtaga ega bo'lishi kerak, deya qabul qilingan qaror chetga uloqtirilgan. Oq uyning maqsadi tibbiy xizmatlarni arzonlashtirish, lekin ularning sifati pasaymasligini ta'minlash, deydi prezident. Dori-darmon narxini ham tushirish kerak, deydi Tramp, shuningdek, amerikaliklarga tibbiy sug'urta va shifokor tanlashda ko'proq variantlar taklif qilish ko'zda tutilgan.

Immigratsiya tizimi islohoti davom etadi. Prezidentning ta'kidlashicha, hukumat noqonuniy muhojirlar biror shahar yoki qishloqni egallab olishiga yo'l qo'yilmadi, ya'ni hujjatsiz immigrantlar katta sonlarda bir joyga to'planib olishiga toqat yo'q. Amerika sarhadiga chegarani buzib kirganlar jazolanadi yoki chiqarib yuboriladi.

Hujjatsizmisiz, bu mamlakatda sizga joy yo'q, deya eslatdi Tramp. Har bir insonning o'z yo'li, o'z muammosi bor; masala individual tarzda ko'rib chiqilishi, AQSh hukumati insonparvarlik me'yorlaridan chetga chiqmasligi kerak, degan tanqidlarga Trampning javobi shuki, hukumat bu borada qat'iy bo'lmasa, 12 millionga yaqin noqonuniy muhojirlar soni oshaveradi.

Meksika bilan chegarada baland va kuchli devor qurilmoqda. Kelgindilarga Amerikada boshpana ham, tibbiy yordam ham yo'q, deydi prezident. Soliq to'lovchining puli mamlakat qonunlariga xilof ravishda yurganlarga sarflanmaydi, deydi Tramp.

"Men prezident ekanman, amerikaliklarning e'tiqod erkinligini himoya qilaman... Men prezident ekanman, amerikaliklarning qurolga egalik qilish huquqini himoya qilaman", - deydi u.

AQSh Afg'onistondagi harbiy harakatlarni qisqartiradi, deydi Tramp
AQSh Afg'onistondagi harbiy harakatlarni qisqartiradi, deydi Tramp

Tashqi siyosat bobida gapirar ekan, Tramp Venesuelada Nikolas Maduro rahbariyatini tan olmasligini aytdi. 59 davlat bilan hamkorlikda uni hokimiyatdan olish uchun harakat ketmoqda. Maduro o'z xalqini ezayotgan, o'ldirayotgan odam, deydi prezident.

"Venesuelaning haqiqiy rahbari Xuan Guaydodir", - dedi Tramp uni Kongressga tanishtirar ekan. Guaydo qonunchilar qatorida o'tirgan edi.

Tramp AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi g'alaba qilganini aytdi.

"Radikal islomiy terrorizmga qarshi kurashaveramiz. "Islomiy davlat" bugun yo'q. Uning rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiyni ham o'ldirdik".

Prezident Eron generali Qosim Sulaymoniy AQSh tomonidan o'ldirilganini terroristlarga kuchli signal deya ta'rifladi.

"Terroristlar bilsinki, bizga hujum qilsangiz, adabingizni beramiz. O'zingizning joningizni olamiz".

Eron xalqi erkinlik istaydi, deydi Tramp. Amerika ularga yordam berishga tayyor, lekin o'zgarish qilishni ularning o'zi xohlashi kerak. Demokratiya yo'lidan borsa, Amerika ular tarafida, - deydi prezident.

"Afg'onistondagi urushni tugatamiz. Bu tariximizdagi eng uzoq urush".

Bu urushda uzoq paytdan beri xizmat qilib yurgan amerikalik zobit Tramp nutqi paytida zalda o'tirgan oilasining oldiga kirib keldi. Oq uydan bu askarning rafiqasi va ikki farzandi uchun syurpriz. Prezident uni tanishtirar ekan, harbiyga rahmat aytdi va jang maydoniga boshqa qaytmasligini bildirdi.

Tramp bir narsani tan oladi: u boshqarayotgan davlat dunyoning barcha qismlarida o'z manfaatlariga ega va Vashington ularni himoya qilishi shart. Davlat xavfsizligini ta'minlash AQSh hukumatini ko'p hollarda qaynoq nuqtalardagi mojarolarga bosh suqishga majbur qiladi.

Amerika dunyo tinchligi uchun o'z hissasini qo'shishda davom etadi, deydi Tramp, lekin bunda asosiy maqsad - AQSh foydasi uchun qaror qilish.

"Biz jahondagi eng qudratli davlat bo'lib qolamiz, shubha qilmang", - dedi Tramp Kongressda so'zlar ekan.

Vashington bilan chiqishmay kelayotgan Eron singari tuzumlar qilmishidan pushaymon bo'ladi, chunki Amerika bunga qodir, deydi Tramp.

O'tgan uch yilda AQSh harbiy salohiyatini ko'tarish uchun 2,2 trillion dollar sarflagan. Tramp davrida AQSh Fazo kuchlari tashkil etildi. Ular Amerikaning samodagi manfaatlarini himoya qiladi.


Prezident o'zini tinchliksevar inson deb ataydi. Shimoliy Koreya bilan til topishishga urinayotgani, qolaversa Afg'onistonda Tolibon bilan ham murosa yo'llarini izlayotgani yaqqol misol, deydi uning tarafdorlari.

"Biroq bizning manfaatlarimizga tahdid solgan har qanday taraf yer tishlaydi", - deydi Tramp.

AQSh do'stlari kim ekanini ham yaxshi biladi, deydi Tramp. Vashington ularni e'zozlaydi va ular bilan yaqindan ishlayveradi.

Yaqin Sharqda tinchlikka erishish, ya'ni Isroil va Falastin orasidagi uzoq yillik mojaroga barham berish - Oq uy oldidagi buyuk vazifa, deydi prezident. Biroq Falastin bu rejaga qarshi va Amerikani ishonchli vositachi deb bilmaydi.

"Maqsad tinchlik bo'lsa, arablar biz bilan bir davrada o'tirishga majbur", - deydi Tramp.

Muxolifat, demokratlar nazarida Oq uydagi vakolatlarini suiiste'mol qilganlikda ayblanayotgan, Vakillar palatasi tomonidan ishonchsiz deya topilib, ayni paytda Senatda sud qilinayotgan prezidentning Kongress minbaridan turib qilgan nutqining biror qismini jiddiy qabul qilmaslik kerak.

Tramp yolg'onchi, hiylakor va qonunlarni buzib turib, buni inkor etayotgan vijdonsiz shaxs, deydi demokratlar.

Qayta saylanish ilinjidagi Tramp ehtimoliy raqibiga bosim ko'rsatish uchun Ukraina bilan aloqalarda o'z vakolatlarini qo'llagan, degan xulosa muxolifatning asosiy pozitsiyasidir.

Impichment hujjatlariga ko'ra, Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiydan Amerikaning sobiq vitse-prezidenti, hozirda prezidentlikka da'vogar Jo Baydenni korrupsiyada gumon qilib, uni tekshirishni talab qilgan; Tramp Baydenning oilasi Ukrainada biznes qilar ekan, qora ishlar bilan band, deya xulosa qilinishi uchun Kiyevga bosim o'tkazgan, ya'ni aks holda Ukrainaga harbiy yordam berilmaydi, deya shart qo'ygan.

Tramp Senatdagi respublikachilar sharofati bilan impichment qilinmasa-da, demokratlar unga qarshi turib, qayta saylanishiga yo'l qo'ymaslik uchun harakatda, deydi partiya a'zolari.

Prezidentlikka demokrat nomzodlarni saralash jarayoni boshlandi. Ayova shtatidagi tanlovda eng ko'p ovozni Pit Butejej va Berni Sanders olgan. Lekin reytinglarda senator Jo Bayden birinchi o'rinda. Sanders, senator Elizabet Vorren undan keyingi o'rinlarda.

Tramp hisobotiga muxolifat munosabatini Michigan shtati gubernatori Gretchen Uitmer berdi. Prezidentni u subutsizlik va egri harakatlarda aybladi.

Michigan gubernatori Gretchen Uitmer demokratlar nomidan gapirdi
Michigan gubernatori Gretchen Uitmer demokratlar nomidan gapirdi

Gubernator nazarida Amerikada mehnatkashlar bugun prezident iddao qilayotganidek, yaxshiroq yashayotgani yo'q.

Demokrat siyosatchi e'tiborni iqtisodiy va infrastruktura bilan bog'liq muammolarga qaratdi.

"Zarur o'zgarishlarni bizning partiya qilmoqda", - deydi gubernator.

Uitmer singari liberallar deydiki, Tramp nafaqat o'z xalqi manfaatlariga qarshi ish tutib kelmoqda, balki Amerika nufuzini global miqyosda pasaytirib, bu davlatga nisbatan ishonchni yemirmoqda.

Qonunni buzish, etika normalarini chetga uloqtirish, davlat va xalqning emas, o'z shaxsiy foydasini ko'zlagan holda siyosat yuritish Tramp prezidentligining asosidir, deydi muxolifat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG