Rossiya armiyasi Xarkovdan chekinmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya-Ukraina urushining navbatdagi haftasi o’z yakuniga yetdi. Shubhasiz, yakunlangan haftaning muhim voqeasi Rossiya armiyasi Ukrainaning yana bir viloyati - Xarkovni tark etayotganidir.

Xarkov hokimi Igor Terexovning tasdiqlashicha, rus qo’shinlari viloyatdan Rossiya chegarasi tomon chekinmoqda. Shahar besh kundirki, o’qqa tutilayotgani yo’q. Urush tufayli shaharni tashlab chiqqan tinch aholi ortga qayta boshlagan.

Your browser doesn’t support HTML5

O’tayotgan haftada frontda nimalar ro’y berdi?

Rossiyaning Belgorod shahridan 80 kilometr uzoqda joylashgan Xarkov bir necha haftadan buyon bombardimon qilinayotgan edi. Vashingtonda asoslangan Urushlarni o’rganish institutiga ko’ra, “Ukraina Xarkov jangida g’alaba qilganga o’xshaydi”.

Rus qo’shinlari avval Kiyev va Chernigov viloyatlarini ham shu tarzda tashlab chiqqan edi. Bu Rossiya armiyasining Xarkov yo’nalishidagi mag’ubiyatidan darakmi yoki urushdagi taktik o’zgarishlar bilan bog’liqmi? Hozircha aniq emas, taxminlar esa turlicha.

Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 76-kun. Bayden lend-liz haqidagi hujjat imzoladi

Bu hafta Ukraina qurolli kuchlari qo’mondoni Valeriy Zalujniy AQSh tomonidan Ukrainaga yordam sifatida taqdim qilingan artilleriya vositasi, M777 gaubitsasi urushda qanday ishlatilayotganiga doir lavhalarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali jamoatchilikka taqdim etdi.

Bu qurolning Ukrainada paydo bo’lishi zamonaviy aslahaga ehtiyoji kuchli bo’lgan mamlakat armiyasini jiddiy ruhlantirgani kuzatiladi. Harbiy ekspertlar Ukraina armiyasining M777 ega bo’lishini asosan artilleriya vositasida yuritilayotgan bu urushda kuchlar muvozanatini tiklashga qaratilgan ko’rsatkichlardan biri sifatida baholashyapti.

Ukraina qurolli kuchlari urush davomida ittifoqchilar tomonidan qurol-aslaha bilan uzluksiz ta’minlanishi imkoniyati kuchli. Har holda, AQShning Ukrainaga harbiy yordam yetkazish qarori ortidan “Katta Yettilik” anjumanida ham shunga yaqin bayonot berildi.

Bu guruhga kiruvchi davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi yakunida ma’lum qilinishicha, yettilik Ukrainani istalgan muddatgacha qurol-yarog’, moddiy yordam bilan ta’minlash qarorida qat’iy.

Yakunlanayotgan haftada Rossiya, sobiq ittifoq davlatlari, jumladan Ukrainada ham 9-may nishonlandi. Rossiya an’anaviy tarzda harbiy parad o’tkazdi, g’alaba kunini nishonladi. Ukrainada 9-may ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G’alaba kuni sifatida belgilangan.

Bu urushda Ukrainaning 10 millionga yaqin aholisi halok bo’lgan deb ko’riladi. Urushda yaqinlari halok bo’lmagan oilalar juda kam. Bu sana ukrainlar uchun muhim, ammo Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushi g’alaba, xotirlash kuniga nisbatan munosabatda ham keskin o’zgarishlar qilgani kuzatiladi.

Mariupol shahri, aniqrog’i Rossiya nazoratiga o’tgan bu shahardagi “Azovstal” zavodidagi ukrain harbiylari bilan bog’liq vaziyat jamoatchilik diqqatida qolmoqda.

Buni ham ko'ring Qamaldagi jangchilar Erdog’an yordamiga umid qilmoqda

Zavod hududida o’rnashgan ikki mingga yaqin ukrain harbiylari Rossiya armiyasining taslim bo’lish talabini rad etgan, mudofaani davom ettirishmoqda. Ayni paytda bu harbiylarga nisbatan kimyoviy qurol ishlatilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaygan.

“Azovstal” zavodidagi harbiylarning yaqinlari favqulodda evakuatsiya tashkillashtirish uchun dunyo liderlariga, jumladan Turkiya, Xitoy rahbarlariga murojaat qilishmoqda.

Murojaatni Ukrainadagi qrim-tatar yetakchilari, jumladan Ukraina parlamenti deputati Mustafo Jemilov ham qo’llab-quvvatlayapti. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Prezident Rajab Toyib Erdog’an bu masalada Rossiya prezidenti bilan gaplashmoqda. Turkiya Ukraina va Qrim muammosiga befarq emas.

Bu hafta Ukrainadagi urushda halok bo’lgan rus askarlari jasadi vagonlarga yuklanayotgani aks etgan lavhalar tarqadi. Ularda jasadlar maxsus vagonlarga joylanayotgani, Mudofaa vazirligi vakili Ukraina xalqaro gumanitar normalarga sodiqligi, shunga muvofiq urushda halok bo’lganlarning jasadini vataniga qaytarishga qaror qilingani haqida gapirayotganini ko’rish mumkin.

Ukraina-Rossiya urushidagi harbiy qurbonlar soni bo’yicha ma’lumotlar ancha bahsli. Ukraina Rossiyaning 27 mingdan oshiq harbiysi o’lganini da’vo qilmoqda. Rossiya bu raqamlarga munosabat bildirmagan. Shuningdek, Ukraina armiyasi ko’rgan talafotlarga doir ma’lumotlar ham ochiqlamagan.