AQSh elchisi: O'zbekiston demokratik yo'lini o'zi belgilaydi, lekin qadriyatlarimiz o'zgarmas

AQShning O'zbekistondagi elchisi Jonatan Henik "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Davlat departamenti, Vashington, 15-dekabr, 2022

"Amerika Ovozi" bilan eksklyuziv intervyuda AQShning Toshkentdagi yangi elchisi Jonatan Henik ikki davlat orasidagi bugungi prioritetlar va o'zining asosiy maqsadlarini tushuntirib berdi.

Diplomat nazarida O'zbekiston ancha yangilangan, lekin demokratik taraqqiyot, siyosiy va iqtisodiy islohotlar uzoq vaqt va sidqidildan qattiq mehnat talab qiladi, deydi elchi. Farovon, shaffof va adolatli jamiyat qurishning yo'li murakkab.

"Biz O'zbekiston demokratik jihatdan mustahkamlanib, inson huquqlariga hurmat oshishini xohlaymiz. Buni qanday amalga oshirishni O'zbekistonning o'zi belgilaydi. Bu ish O'zbekiston davlati va xalqi qo'lida".

Davlat departamenti, Vashington, 15-dekabr, 2022

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Assalomu alaykum, elchi janoblari!

AQSh elchisi Jonatan Henik: Vaalaykum assalom!

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Siz bilan Vashingtonda suhbatlashayotganimizdan xursandmiz.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Men ham.

Buni ham ko'ring U.S.-Uzbekistan: Ambassador Henick's priorities; energy crisis, Karakalpakstan, and Mirziyoyev's reforms

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Siz bilan hali Toshkentdan turib ham suhbatlashamiz. Elchilikni endi boshladingiz, bilamiz, lekin O'zbekistonni uzoq yillardan beri kuzatib, tahlil qilib kelasiz. Davlat departamentida, xususan, Davlat kotibining mintaqa bo'yicha muovini edingiz. Ko'p narsalarni bilasiz, vaziyat bilan tanishsiz. Shu bois muloqotga ko'nganingizdan minnatdormiz.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Bajonidil.

... tijorat va savdoni kengaytirishga harakat qilshimiz kerak. O'zbekistonga iqtisodiy rivojlanishda yordamlashish uchun ko'proq ishlashimiz kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Shu kunlarda bu yerda O'zbekiston bilan strategik sheriklikni muhokama qildingiz. O'zbekiston ayni damda energetik inqirozda. Qoraqalpog'iston bo'yicha Buxoroda sud ishi davom etayapti. Siz bilan boshqa mavzularga ham to'xtalamiz. So'nggi uchrashuvlardan boshlasak, qanday yangiliklar bor? Bilamiz, yillik yig'in bu, lekin nimasi bilan ajralib turadi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Juda o'rinli savol. Tashqi ishlar vaziri Norov boshchiligidagi delegatsiya bilan muhokama bag'oyat mazmunli kechdi. Adliya vaziri va boshqa ko'plab rasmiylar ham qatnashdi. Hammasi aloqalarimizni yaxshi biladigan, muhim rollardagi odamlar. Ko'p dialoglarda ishtirok etganman, lekin bunisi sifat jihatdan ancha yuqori bo'ldi, degan bo'lardim. Qator jabhalarni qopladi.

Xavfsizlik va mintaqaviy masalalar, inson huquqlari va taraqqiyot bilan bog'liq masalalar, iqtisod. Samimiy, ochiq gaplashib oldik. Hamkorligimiz kuchayishiga shubham yo'q.

Buni ham ko'ring Jonatan Henik rasman AQShning O'zbekistonga elchisi

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Oldinlari bu uchrashuvlarga nohukumat tashkilotlar ham jalb etilardi, hozir faqat hukumatlar orasida, shundaymi? Tashqaridan ekspertlar kelar edi, masalan. Strategik sheriklik muhokamasi boshqacha.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Rasman boshidan o'zi bu uchrashuvlarimizga chetdan hech kim kirmagan, ammo ba'zida bu muhokamalar bilan yonma-yon boshqa diskussiyalar ham bo'lgan. O'zbekiston delegatsiyasi bu safar ham ancha tashkilotlar va organlarda bo'ldi, gaplashdi. Biz ularning nohukumat tashkilotlar, fuqaro jamiyati vakillari bilan ko'rishishlarini olqishlab kelamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Biroq strategik sheriklik baribir faqat hukumatlar orasida muhokama qilinadi.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Shunday, bu muhokamalardan muddao o'zi shu - ikki hukumat bir-birini eshitishi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Unga asoslanib, nimalar hozir oradagi eng muhim masalalar degan bo'lardingiz? Har ikki tomon uchun birdek ahamiyatli.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Qisqa aytish qiyin. Biz ataylab, qisqa ro'yxat tuzamiz, deymiz, ammo baribir uzayadi. Aytishim kerak, aloqalarimiz tabiati yangilangan. Lekin biz azaldan O'zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitlgini quvvatlab kelamiz. Hamkorlikni chuqurlashtirish uchun imkoniyatlar bor. O'zim ham Prezident Mirziyoyevga aytganimdek, tijorat va savdoni kengaytirishga harakat qilshimiz kerak. O'zbekistonga iqtisodiy rivojlanishda yordamlashish uchun ko'proq ishlashimiz kerak.

Iqtisodiy jihatdan farovon O'zbekiston yanayam mustaqil bo'ladi va bundan AQSh uzoq muddatda manfaatdor.

Biz inson huquqlari va demokratiya bilan bog'liq muammolarga aslo ko'z yummaymiz. Matbuot erkinligi va boshqa tamoyillar ham hech qachon chetga surilmaydi. Ular har doim tashqi siyosatimizning ajralmas qismi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Va bu hozir yanayam muhim, ayniqsa bugungi energetik muammolarni hisobga olsak. Sizning o'z maqsadlaringiz ham bor, albatta Amerika maqsadlaridan kelib chiqqan holda. Aynan nimalarni ko'zlayapsiz elchilik davringizda?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Uch katta masala asosiy e'tiborimda bo'ladi: birinchidan, iqtisodiy va tijoriy aloqalar; ikkinchidan, prezidentning islohot dasturini quvvatlash, xususan siyosiy islohotlarni va bu borada qilinadigan ishlar ko'p. Uchinchidan, harbiy aloqalarni kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni chuqurlashtirish. Bunda terrorizmga qarshi kurash, qoradori savdosiga qarshi kurash, chegara xavfsizligi borasidagi ishlarimizni nazarda tutayapman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Inson huquqlari va fuqaro jamiyati, demak, islohotlarni quvvatlashga kiradi, shundaymi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Shunday.

Buni ham ko'ring O'zbekiston: Energetik inqirozdan chiqishda AQShda yordam bera oladimi?

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Afg'oniston, demak, xavsizlik bo'yicha hamkorlik ichida?

AQSh elchisi Jonatan Henik: To'g'ri. Afg'iiston xususida bu haftadagi uchrashuvimizda ham ancha gaplashib oldik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Toshkentdagi energetik muammolardan qochdingiz bu hafta. Bu yil boshqa yillarga qaraganda poytaxt ham ancha qiynalmoqda. Kuzatayapsizmi? Ikki yil oldin gaplashganimizda siz bilan, Davlat kotibi muovini edingiz, 2020-yilning noyabrida, energetik taqchillik davri edi. Suhbatimiz davomida muxlislarimiz savol tashlab, "Amerikaga bizning bu muammolarimiz qanchalik muhim", deb so'rayotgan edi. Va bu savollar hamon ko'p yangraydi va ayniqsa hozir. Amerika yordam bera oladimi? Xohlaydimi, energetik muammolarni hal etishda ko'maklashishni?

Biz gaz ta'minotini oshirib bera olmaymiz, lekin uzoq muddatda tizimdagi nuqsonlarga barham berishda madad ko'rsata olamiz.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Befarq emasmiz va albatta, biz e'tibor beramiz. O'tgan hafta Toshkentdaligimda sezila boshlagan edi, bu muammolar. Quvvatning uzilishi, shaharning ko'plab qismlarida elektr yetishmovchiligi va yonilg'i taqchilligi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: AQSh elchixonasiga ta'siri bo'ldimi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Toshkent mahallalarida sezilgani kabi sezildi, lekin hamkasblarimizning ahvoli yaxshi. Biroq aholi hayoti og'irlashganidan, albatta, tashvishdamiz. AQSh yordam bera oladimi? Yordam bera olamiz, deb o'ylayman, lekin qisqa muddatda emas. Biz gaz ta'minotini oshirib bera olmaymiz, lekin uzoq muddatda tizimdagi nuqsonlarga barham berishda madad ko'rsata olamiz. Bu - iqtisodiy islohotlarning va mintaqaviy hamkorlikning samarasi bo'lishi kerak. Ularga asoslanib, tizimlar yaxshilanadi, muvozanatga erishish mumkin. Xususiylashtirish bilan bog'liq muammolarni hal etish kerak. Energetika sanoatiga sarmoya qilish kerak. Lekin bularni hozir zudlik bilan qila olmaysiz, afsuski.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Bu sektorda ishlayotgan Amerika kompaniyalari bormi? Yoki qiziqayotgan? So'nggi muhokamada, masalan, qanchalik tilga olindi?

Buni ham ko'ring AQShning O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonga elchilikka nomzodlari Senat huzurida

AQSh elchisi Jonatan Henik: AQShning biror kompaniyasi ayni damda O'zbekistonda mahalliy gaz yoki energetika sohasida ekanini bilmayman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Muqobil energiyada-chi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Muqobil energiya sohasida AQSh kompaniyalari ajoyib texnologiyalar taklif qila oladi. Bu borada potensial katta. Hamkorlikda ulkan loyihalarga qo'l urish mumkin. O'zbekiston rahbari va hukumat muqobil energiyaga qanchalik qiziqishi va unga sarmoya qilayotganini bilamiz. Bizning maxsus elchimiz [Jon] Kerri iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi choralar ustida bosh qotirib, yangilanadigan energetikani targ'ib qiladi. O'zbekiston va AQSh bu yo'nalishda ishlay oladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Demak, bu sektorga kirmoqchi bo'lgan bizneslarga ko'maklashasiz? O'zbekistonda allaqachon bu borada harakat boshlaganlarga, muammolarga duch kelganlarga yordam qo'lini cho'zasiz?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Shubhasiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida ko'proq yordam berishimiz kerak, degan gaplaringiz ahamiyatli va qiziq, chunki sarmoya oqimi sekin. Buning ko'plab sabablari bor, bilasiz. O'zbekiston hukumati ham ularni inkor etmaydi, jumladan qonun ustuvorligi va shaffoflik yetishmasligini. Shu bilan birga O'zbekiston hukumati va xususiy sektori vakillari aytishadiki, Amerika va umuman, G'arb bilan ishlash qiyin, chunki talablaringiz, me'yorlaringiz, shartlaringiz juda yuqori emish. Kelishish, til topishish mushkul, deyishadi. Ularga Xitoy, Rossiya, Fors ko'rfazidagi kompaniyalar bilan osonroq ekan. Bunga nima deysiz?

"Amerika kompaniyalarning o'ziga xos jihatlari talay va undan faqat foyda ko'rasiz. AQSh sarmoyasining sifati yuqori. Bu bizdan bugina, sizdan ugina qabilidagi bizneslar emas... Chunki ular aholiga ham sarmoya qiladi.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Geografik jihatdan boshqa davlatlar bizdan osonroq ekanini inkor eta olmaymiz. Til, madaniyat, aloqalar, hammasi muhim rol o'ynaydi. Biroq Amerika kompaniyalarning o'ziga xos jihatlari talay va undan faqat foyda ko'rasiz. AQSh sarmoyasining sifati yuqori. Bu bizdan bugina, sizdan ugina qabilidagi bizneslar emas. Ular uzoq muddatga sarmoya qiladi. Ulardan keladigan naf cheksiz, degan bo'lardim. Chunki ular aholiga ham sarmoya qiladi. "Uzbek Auto" va "General Motors" orasidagi hamkorlik bunga yaqqol misol. Bu sarmoya sabab minglab ish o'rinlari yaratilgan va boshqa sanoatlar rivojlanishiga ham hissa qo'shilgan. O'zbekiston hozirda "GM" avtomobillarining yetakchi eksportchisi. AQSh bizneslari kadrlar tayyorlashga, ta'lim va treninglarga e'tibor qaratadi. AQSh sarmoyasi mahsuli o'laroq liderlar yetishib chiqadi. Bu liderlar faqat o'z sohasida emas, mintaqa va dunyo bo'ylab ta'sir kuchiga ega mutaxassislar bo'ladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Korrupsiyaga qarshi kurash... Bilamiz, bu vazifa yuklangan agentlik bilan ishlayapsiz. Hozirda O'zbekistondagi korrupsiya ko'lami sizni qanchalik bezovta qiladi? AQShdan sarmoya oqimi oz ekanining asosiy sababi ham korrupsiya.

Buni ham ko'ring AQSh elchisining O'zbekistondagi maqsadlari

AQSh elchisi Jonatan Henik: Korrupsiya, shubhasiz, juda katta muammo. Va u yangi muammo emas, nafaqat O'zbekistonda, balki dunyo bo'ylab va xususan AQShda. Hamkorlikda ishlayapmiz. O'zbekiston delegatsiyasi yaqinda bu xususdagi global forumga kelib ketdi. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va sudlar bilan ham aloqamiz bor.

Korrupsiya oson yoki tezgina yengiladigan muammo emas. Muntazam, qattiq choralar ko'rish kerak. Mentalitet, madaniy yondashuvlar o'zgarishi kerak. Shu bois biz korrupsiya O'zbekistonda yaqin orada barham topadi yoki topishi kerak, deya olmaymiz. Prezident Mirziyoyev va uning hukumati bu masalada ham hamkorlikka ochiq ekani bizni quvontiradi. Lekin oldimizda hali ish juda ko'p.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Korrupsiya ko'plab boshqa muammolar ortidagi omil. Masalan, bu yil Qoraqalpog'istonda yuz bergan g'alayonga konstitutsion o'zgartirishlar taklifi turtki bergan bo'lsa-da, odamlar, xususan namoyishchilar Nukus va Toshkentdagi korrupsiyadan nolidi. "Bizning dardimizni eshitadigan yo'q", deya shikoyat qilishdi. "Qoraqalpog'iston uchun ajratilgan mablag' qayerga sarflanmoqda, deya talab qilishdi. Ular sarmoya ta'sirini o'z hayotlarida sezmayotganini aytishdi.

Qoraqalpog'iston voqealaridan keyingi jarayonlar haqida qanday fikrdasiz? Bilamiz, siz va elchixona Buxorodagi sudni diqqat bilan kuzatayapsiz. Iyul voqealari to'liq va shaffof tekshirilsin, tergov qilinsin, deya undayapsiz. Sizningcha, qanday ketayapti ishlar?

Bu komissiya endi o'z xulosalarini chiqarishi kerak. Komissiya hisobotini kutayapmiz. Bu orada bir necha odam sudlanmoqda. Sudlanganlar faqat ular bo'ladimi yoki huquq-tartibot organlarining xodimlari ham javobgarlikka tutiladimi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Aytganingizdek, biz sinchkovlik bilan kuzatib turibmiz. Qoraqalpog'istondagi qonli voqealar ketidan hukumat mustaqil komissiya tuzdi, haqiqatni aniqlashga bel bog'laganini aytib, ijobiy qadamlar tashladi. Bu komissiya endi o'z xulosalarini chiqarishi kerak. Komissiya hisobotini kutayapmiz.

Bu orada bir necha odam sudlanmoqda. Sudlanganlar faqat ular bo'ladimi yoki huquq-tartibot organlarining xodimlari ham javobgarlikka tutiladimi? Jinoyatlarda va kuch ishlatishda ularning ham jinoyat sodir etib-etmagani tekshiriladimi? Adolat, bilasiz, sekin erishiladigan narsa. Biz bu jarayonlar naqadar nozik va ehityotkorlik talab qilishini e'tirof etamiz. Lekin ko'proq ma'lumot berishadi, shaffofroq bo'lishadi va pirovardida Qoraqalpog'iston voqealarida aybdorlar javobgarlikka tutiladi, degan umiddamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Bosh prokuraturaning javoblarini ko'rdingizmi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Yo'q hali.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Bosh prokuraturaga ko'ra, bu voqealar bo'yicha hibsda ushlab turilganlar hozir 59 nafar. Sudlanayotgan 22 kishining 20 nafari va alohida yana tergov ostidagi 39 shaxs. Sudlanayotganlarning biri uy qamog'ida, biri shartli ravishda ozodlikda.

Buni ham ko'ring AQSh elchisi: Yangi O'zbekiston? Demokratik intilish?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Shunaqa deng.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'sha paytda qo'lga olingan jami 516 kishining aksariyati hozir qo'yib yuborilgan. Bu javobni Bosh prokuratura Ombudsman idorasi so'roviga binoan bergan. Bosh prokuratura unda yozganki, xavsizlik organlarining ham xatti-harakati tekshiriladi va agar isbotlar yetarli bo'lsa, ular orasida ham sudlanganlar bo'ladi. Prokuratura hali tergov tugamadi, deya eslatmoqda.

O'zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov Vashingtonda biz bilan suhbatda aytdiki, xulosa qilishga shoshmaslik kerak, sistema o'z ishini qilishi kerak.

Tizim bugun qanchalik o'zgarganini ko'rsatishi uchun imkon bering, degan chaqiriqlarni biz tez-tez eshitamiz hukumatdan. Parlament komissiyasi a'zolari ham shunga o'xshash gaplarni aytadi. O'zbekistonda oldin bunday jarayonlar bo'lmagan, hammasi yangi va katta tajriba, deyishadi. Biroq komissiyaga nisbatan ishonch past, jumladan Qoraqalpog'istonda. Odamlardan so'raganimda ular bu komissiyaga jiddiy qarashmasligini aytishadi. Biroq komissiya ham o'z maqsadlari va roliga urg'u berib keladi. Lekin unga ishonch darajasi baribir past.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Qoraqalpog'iston masalasi, Adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan suhbat

AQSh elchisi Jonatan Henik: Chunki xalq uning hisobotini hali ham ko'rgani yo'q. Xulosalar chiqmas ekan, komissiya tekshiruvi nimadan iborat bo'lganini odamlar bilmas ekan, uning faoliyati yanayam shaffoflashmas ekan, xalq qanday ishonishi mumkin?

Biroq siz qayd etgan ma'lumotlar odamga umid beradi. Demak, hali yana axborot beriladi va hozir sudlanayotganlargina bu voqealarda ayblangan odamlar bo'lmaydi. Biz unda intizorlik bilan kutamiz keyingi jarayonlarni va ishonchim komil, o'zbekistonliklar ham intiqib kutmoqda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekiston delegatsiyasi sizga bu borada nima dedi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Sizga adliya vaziri nima degan bo'lsa, deyarli shu narsa. Sud hali tugamadi, tergov yakunlanmagan. Agar ortiqcha kuch ishlatilganini isbotlovchi dalillar bo'lsa, namoyishchimi yoki huquq-tartibot xodimi, javobgarlikka tutiladi.

Xulosalar chiqmas ekan, komissiya tekshiruvi nimadan iborat bo'lganini odamlar bilmas ekan, uning faoliyati yanayam shaffoflashmas ekan, xalq qanday ishonishi mumkin?

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: AQSh mustaqil tekshiruvga undayaptimi hali ham? Tashqaridan biror guruh kelib tekshirishini tavsiya qilasizmi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Men komissiya hisobotini ko'rishni istardim. U bilan tanishmay turib, bilganlarimiz yetmaydi, deya olmaymiz. Tekshirayotgan tomonning xulosalarini eshitaylik.

Biroq doimiy prinsipimiz shuki, har qanday voqea yuzasidan shaffoflik ta'minlanishi zarur. Jurnalistlar, fuqaro jamiyati, huquq faollari va boshqalar Qoraqalpog'istonda nima bo'lganini yorita olishi, tekshira olishi va qonli voqealar takrorlanmasligi uchun nima qilmoq zarurligini muhokama qila olishi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Bir necha haftadan beri O'zbekistondasiz. Shu paytgacha bilganlaringizga asoslanib nazar tashlaganingizda, nimalar sizni ajablantiryapti, ruhlantirayapti, umid berayapti, shu jumladan siyosiy tizimda ham?

Buni ham ko'ring AQSh elchisi: Qoraqalpog'iston bo'yicha hisobot va adolat kutayapmiz

AQSh elchisi Jonatan Henik: O'zbekistonda oxirgi marta 26-27 yil oldin yashaganman. Toshkentning ko'rinishi bag'oyat o'zgargan. Manzara jismonan ancha boshqacha. Lekin O'zbekistonda eng asosiy o'zgarish odamlarning mentaliteti yangilanib borayotganida, nazarimda. Chorak asr oldin, masalan, xorijliklar bilan nima qilishni bilishmas edi. O'ziga xos xavfsirash bor edi. Bugun O'zbekiston ancha ochilgan. Mehmondorchilik har doimgidek oliy darajada. Hozir, masalan, supermarketda rafiqam bilan ingliz tilida gaplashib yursak, odamlar muloqot qilishga harakat qilishadi, savollar berishadi. Bu men uchun ijobiy manzara.

O'zbekiston, fikrimcha, ochilayapti. Prezident buni, bilasiz, “Yangi O’zbekiston” deb ta'riflaydi. Men bir paytlar yashagan O'zbekistonda bunday iliqlik sezilmas edi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekiston rasmiylari va siyosatchilari bilan gaplashganimizda ular doimo Rossiya yoki Xitoy bosimini tilga olishadi. Har ikkisi oshib bormoqda, deyishayapti. Albatta, Ukrainadagi urush sabab va boshqa omillar ham bor. O'zbekiston biror tomonni tanlashga majbur bo'lishi kerak emas, deyishadi. Vashingtonda ham ko'plab ekspertlar sizga, ya'ni Amerika hukumatiga Markaziy Osiyo davlatlarining biror tarafga og'ishini kutmang, deya tavsiya qilishadi. O'zbekiston Pekin va Moskvaning kayfiyatiga qarab qadam tashlayapti, degan xulosaga qo'shilasizmi? Ayniqsa Rossiyanikiga. Sizning nazaringizda manzara qanday? Ulardan bosim oshgani haqiqatmi? Sezasizmi buni?

Buni ham ko'ring AQSh Qoraqalpog'iston ishida adolatni ta'minlashga undamoqda

AQSh elchisi Jonatan Henik: O'zbekiston hukumatidan boshqa hech kim ayta olmaydi buni.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Albatta, lekin siz nimani kuzatayapsiz, Amerika elchisi sifatida?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Biz 100 foiz samimiylik bilan aytamizki, O'zbekistondan biror tomonni tanlashni kutmaymiz, so'ramaymiz. Qo'shnilar va boshqalar bilan qanday muomala qilib, aloqa yuritadi, ular o'zlari hal qiladi va tabiiyki, ko'p vektorli, muvozanatli tashqi siyosat tarafdorlari. Mustaqillikni asrab qolish uchun bu muhim va AQSh buni faqat quvvatlaydi. Biz ishonamizki, AQSh ularga kuchli sherik bo'la oladi. Gaplashganimizdek, iqtisod va xavfsizlik sohalarida, masalan. Biz bilan hamkorlik uning boshqa davlatlar bilan aloqalari sovuqlashishiga yetaklashini xohlamaymiz va bunday bo'lishi ham kerakmas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Unda O'zbekiston hukumati sizga aytsa va bilamiz, buni allaqachon aytishayapti ham: "bizni ko'p tergamang, ayniqsa inson huquqlari va fuqaro jamiyati deb yoki erkinliklar deb va korrupsiya borasida ham. Biz harakat qilayapmiz, hozircha qila olayotganimiz shu. Biz islohotlar tarafdorimiz, qattiq ishlayapmiz, quvvatlang bizni, olqishlang, imkon qadar yordamlashing" deyishsa, nima deb javob berayapsiz?

Biz 100 foiz samimiylik bilan aytamizki, O'zbekistondan biror tomonni tanlashni kutmaymiz, so'ramaymiz.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Qo'shma Shtatlar tashqi siyosati hamisha uning qadriyatlariga asoslanadi. Biz inson huquqlari va demokratiya bilan bog'liq muammolarga aslo ko'z yummaymiz. Matbuot erkinligi va boshqa tamoyillar ham hech qachon chetga surilmaydi. Ular har doim tashqi siyosatimizning ajralmas qismi.

Shu bilan birga, biz har bir davlatning o'z demokratik yo'li bo'lishi kerakligini ham tan olamiz. O'zbekiston mustasno emas. Biz nimadan xavotirlanayotganimizni bildiramiz, shuningdek, O'zbekiston o'ziga xos sur'atda harakat qilayotganini ham anglaymiz. Hozirgi o'zgarishlarning ko'pi tepadan boshlanib, pastga qarab ketayapti. Bu esa yondashuvlarni o'zgartirish naqadar qiyin ekanini ochib beradi. Xususan korrupsiya va matbuot erkinligi haqida gap ketganda. Qay tomon yursangiz ham murakkablik. Demokratiya va inson huquqlari yoki boshqa narsa deb tanlash shart emas. Ularni qadrlagan holda ham masalalar bilan shug'ullanish mumkin. Bir paytda bularni eplash mumkin.

O'zbekiston buni eplay olishi mumkinligini o'tgan yillarda ko'rdik. Diniy erkinlik, odam savdosi, majburiy mehnatga qarshi kurash... Matbuot erkinligi va so'z erkinligi borasida hali yana progress bo'lishiga ishonaman. Inson huquqlari himoyasi va korrupsiyani bartaraf etish yo'lida ham salmoqli qadamlar tashlanishiga ishonchim komil.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Avlodlar o'zgarganmi, nazaringizda? Ya'ni faqat yoshda emas, mentalitetda? Boshqaruvdagi odamlar, yuqori lavozimlarga yangi kelganlarda, xususan? Prezident administratsiyasi rahbari yangilandi. Yaqinda mana o'zingiz axborot va kommunikatsiya siyosati bilan eng yuqorida shug'ullanadigan ikki kishi bilan uchrashdingiz. Ularning ishini qanday baholaysiz? O'zgarishlar qilishayaptimi, nazaringizda?

Buni ham ko'ring AQSh: Mirziyoyev demokratik lider bo'la oladimi?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Fikrimcha, qilishayapti. O'zbekiston mustaqil bo'lganiga 30 yildan oshdi. Demak, yangi bir avlod yetishdi. Sovet Ittifoqi va sovuq urush davrini ko'rmagan yangi avlod. Bu avlod dunyo ko'rayapti, xorijda o'qiyapti, xususiy sektorda ishlayapti. Ular o'z tajribalarini, bilimi va g'ayratini O'zbekiston uchun sarflashga bel bog'lagan. Ular prezident aytgan "yangi O'zbekiston" ni barpo etishni xohlaydi. Bu oson kechmaydi. Oldinda juda ko'p ishlar turibdi. Bu ishni tepadagi bir necha shaxs qila olmaydi. O'zgarishlar faqat markaziy hukumatda emas, viloyatlarda va mahalliy boshqaruvda ham bo'lishi kerak. Bu esa qattiq mehnat va vaqt talab qiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Siyosiy islohotlar deganda nimani nazarda tutayotganingizni hozir tushuntirayapsiz, shundaymi? O'zbekiston hukumatiga "islohotlar jadallashsin" deya tavsiya berganingizda, shularni nazarda tutayapsiz, ya'ni?

AQSh elchisi Jonatan Henik: "Biz O'zbekiston demokratik jihatdan mustahkamlanib, inson huquqlariga hurmat oshishini xohlaymiz. Buni qanday amalga oshirishni O'zbekistonning o'zi belgilaydi. Bu ish O'zbekiston davlati va xalqi qo'lida. Konstitutsiyani yangilaydimi, mahalliy boshqaruvni o'zgartiradimi, korrupsiyaga qarshi qanday kurashadi - O'zbekiston o'zi qaror qiladi. Biz yordamga shaymiz. So'ralsa, bu masalalarda ko'maklashamiz. Iqtisodiy va siyosiy islohotlarda madad ko'rsatamiz. Lekin biz O'zbekistonga qanday qilib, kuchli demokratik tizimga aylanishi mumkinligini aytmaymiz. Bu jarayon mutlaq uning qo'lida.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Prezident Mirziyoyev bilan qisqa uchrashdingiz. Oldin ham ko'rishganmidingiz?

"Biz O'zbekiston demokratik jihatdan mustahkamlanib, inson huquqlariga hurmat oshishini xohlaymiz. Buni qanday amalga oshirishni O'zbekistonning o'zi belgilaydi. Bu ish O'zbekiston davlati va xalqi qo'lida.

AQSh elchisi Jonatan Henik: Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini lavozimida bo'lganimda Toshkentda bir marta uchrashgan edim. Mana yana muloqot qilish sharafiga muyassar bo'ldim.

Navbahor Imamova, VOA: Prezident nima dedi sizga?

AQSh elchisi Jonatan Henik: Aytdiki, O'zbekistonni oldindan bilganim va ancha oldin bu yerda yashab ko'rganim uchun bugungi vaziyatga to'g'ri baho bera oladigan odamlardan biriman. O'zgarishlarni tahlil qilib, islohotlar jarayoni naqadar qiyin ekanini tushunishim menga osonroq bo'lishi kerak, chunki qiyoslay olaman. Fikrimcha, prezident to'g'ri aytdi. Biz siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish haqida gaplashdik. U bizdan islohotlarni quvvatlashda davom etishimizni so'radi. Afg'oniston xususida ham so'zlashdik, chunki O'zbekiston bu borada xavotirda, bilamiz. Vashingtondagi muloqotda ham shuni muhokama qildik. Prezident Mirziyoyev bilan suhbatim qisqa, ammo juda mazmunli kechdi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekistonda sizga omad yor bo'lsin!

AQSh elchisi Jonatan Henik: Rahmat! Siz bilan Toshkentda ko'rishishni kutamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Albatta, suhbat uchun yana bir bor rahmat.