Ozarbayjon, O'zbekiston elchilari Vashingtonga hamkorlikni tushuntirdi

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva hamda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va rafiqasi Mehribon Aliyeva, Samarqand, 10-noyabr, 2022

O'tgan bir yil ichida Ozarbayjon va O'zbekiston ancha yaqinlashib, qator yangi kelishuvlar e'lon qilindi. G'arb ekspertlari nazarida bu hamkorlik, o'zaro va'dalar bajarilsa, nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo va Kavkaz uchun zarur mevalar beradi.

Shu yilning avgust oyida Bokuda imzolangan hujjatga ko'ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon orasida Oliy davlatlararo kengash ishlashi kerak.

2023-2024 yillardagi strategik sheriklik energetikdan tortib sportgacha bo'lgan yo'nalishlarda aloqalarni kuchaytirishi kutilmoqda.

Vizasiz qatnov, “e-Permit” elektron tizimini joriy etish, oziq-ovqat sanoati va xavfsizlik - ayni damda ikki hukumat birga ishlayotgan yirik masalalar, deydi rasmiylar.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo elchilari AQSh bilan hamkorlikni qanday izohlaydi?

Toshkent va Boku regional tashabbuslarga yetakchilik qilib, integratsiyaga salmoqli hissa qo'sha oladi, deydi Fred Starr, Vashingtondagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti rahbari. Olim buni uzoq yillardan beri aytib keladi, ammo uningcha, hozir davlatlar puxtaroq harakatlanmoqda.

Ozarbayjonning AQShdagi elchisi Xazar Ibrohim deydiki, ikki respublikani turkiy, islomiy, yaqin va uzoq umumiy tarix birlashtirib turadi.

"Sunniy va shia mazhabida ekanimiz bizni uzoqlashtirmaydi, chunki har ikki jamiyat ma'naviyatga asoslanadi, diniy qadriyatlarimiz zamon bilan uyg'un", - deydi Ibrohim.

"Har ikki haftada mening prezidentim Markaziy Osiyoning biror yuqori lavozimli rasmiysi bilan uchrashadi".

Chapdan professor Fred Starr, Ozarbayjonning AQShdagi elchisi Xazar Ibrohim, O'zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va ekspert Svante Kornell, Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti, AQSh Tashqi aloqalar kengashi, Vashington, 2-noyabr, 2023

Prezident Ilhom Aliyev uchun mintaqa, xususan O'zbekiston o'ta muhim davlat, deydi elchi, shu bois siyosiy va biznes doiralar bir-birini tanib, qo'shma loyihalarni ko'paytirmoqda.

Ozarbayjonning O'zbekistonda 300 dan ortiq kompaniyasi ishlaydi, Ozarbayjonda esa O'zbekistonning 75 firmasi.

Tashqi siyosat va global masalalarda Boku va Toshkent hamjihat, maslahatlashib ish ko'radi, deydi Ibrohim.

AQSh hukumati hisobotlarida har ikki davlat erkinlik cheklangan; avtoritar; oshkoralik va shaffoflik ta'minlanmagan; siyosiy huquqlar hurmat qilinmaydigan; muxolifatga toqatsiz tuzumlar deya tasvirlanadi. Xalqaro tashkilotlarning tahlilnoma va reytinglarida ham O'zbekiston va Ozarbayjon bir-biridan uzoq o'rinlarda emas, ya'ni quyida.

Shu bilan birga ko'plab ekspertlar Boku va Toshkentga g'arb va sharqqa birdek ochiq va ko'p vektorli tashqi siyosat olib borayotgan hukumatlar deb qaraydi.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov madaniy va tarixiy yaqinlikka urg'u berib, rahbarlar orasidagi ishonchni eng muhim omil, deb hisoblaydi.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo ramsfeldchilari: Birlashgan o'zar, birlashmagan to'zar

"Muntazam ushrashuvlar, o'zaro tushuncha hamkorlikni misli ko'rilmagan darajada kuchaytirgan", - deydi Sidiqov.

Elchi deydiki, xavfsizlik, transport, konchilik va qishloq xo'jaligi sohalarida yangi proyektlar boshlangan; birgalikda sarmoya fondi ochib, unga 500 million dollar qo'yish rejada.

Biznes forumlarda farmatsevtika, neft-kimyo mahsulotlari, plastmassa buyumlar, polimerlar va togʻ-kon sanoati tovarlarini o'zaro yetkazib berishni koʻpaytirishga kelishilgan.

Rejalar amalga oshsa, O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi savdo kelasi besh yilda 1 milliard dollarga chiqishi mumkin.

Buni ham ko'ring C5+1: AQShdan konkret qadamlar kutilmoqda

Bokuning Vashingtondagi bosh diplomati nazarida mintaqaviy integratsiyada har bir mamlakat o'z o'rniga ega, ya'ni kimningdir roli balandroq yoki pastroq qo'yilmasligi kerak.

Turkiy davlatlar dialogi jadallashgani ham jarayonlarni avj oldirmoqda, deydi Ibrohim. Hukumatlar har bir platformada sidqidildan harakat qilaverishi lozim.

Ozarbayjon elchisi fikricha, yangi bloklar va doiralar tuzilishi har doim ham birdamlikdan darak emas. Guruhlashish - yechim emas, deydi u, birga qattiq ishlab, rivojlanish davlatlarni yaqinlashtiradi, deydi u.

"Avvalo o'zimiz oyoqqa turib, o'z mas'uliyat va manfaatlarimizni anglab, iroda bilan qadam tashlay olishimiz kerak. Boshqalar buni ko'rib, biz tomon intiladi", - deydi Ibrohim.

O'zbekiston elchisiga ko'ra, Toshkent uchun tashqi siyosatdagi prioritet - qo'shnilar bilan aloqani mustahkamlash, oradagi ziddiyatlarni hal etish. Diplomat deydiki, chegaralar bugun ochiq, chegaradosh davlatlar bilan kelishuv va murosa yo'lidan ketilmoqda.

Shuningdek, deydi Sidiqov, O'zbekiston qo'shni mintaqalardagi mamlakatlar, xususan O'zarbayjon bilan mushtarak manfaatlar ustida ishlamoqda.

Siyosiy iqtisodda oxirgi yillarda bot-bot tilga olinadigan "o'rta koridor", ya'ni Markaziy Osiyo va Kavkazdan o'tadigan savdo yo'llar G'arbga Rossiya va Xitoy nazorat qiladigan tizimlarni chetlab o'tish imkonini beradi.

Ibrohim va Sidiqov nazarida "o'rta koridor" keng potensialga ega va unga sarmoya zarur.

Biroq har ikki mintaqa tranzit hududigina bo'lib qolishni xohlamaydi. Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari, xususan O'zbekiston va Ozarbayjon o'z mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochish ilinjida.

Professor Starr hamda O'zbekiston va Ozarbayjon elchilari bilan davra suhbatida yirik davlatlar ko'p tilga olinmadi. Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va AQSh ularga qanchalik ta'sir o'tkazishi muhokama qilinmadi.

Elchilar ikki davlat orasidagi hamkorlikni tushuntirar ekan, bu sheriklikda uchinchi tomon kerak emasligi ayon, ya'ni tashqaridan hech kimning bosimi yoki undovisiz ham bemalol ishlashyapti.