Kelasi 20 yilda dunyoni nimalar kutmoqda? AQSh razvedkasi bashorati

  • Amerika Ovozi

AQSh razvedka tahlilchilari tayyorlagan hisobotga ko’ra, koronavirus pandemiyasi Ikkinchi jahon urushidan beri ro’y bergan eng jiddiy global inqiroz bo’lib, uning sog’liqni saqlash, iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlikka ta’siri yaqin yillarda namoyon bo’lishda davom etadi.

Kasalliklar tarqalishi, moliyaviy krizislar, iqlim o’zgarishi va yangi texnologiyalarning salbiy oqibatlari kabi ko’payib borayotgan muammolar kelasi 20 yilda hukumatlar va xalqaro tashkilotlarni yanada qiyin ahvolga qo’yishi mumkin.

Buni ham ko'ring FAO bosh iqtisodchisi: Pandemiya dunyoda qashshoqlik va ochlikni kuchaytiradi

COVID-19 ayrim salbiy tendensiyalar, jumladan, millatchilik kuchayishi, xalqaro tuzilmalarga bo’lgan ishonchsizlik ortishi, qashshoqlikni ozaytirish va gender tenglik borasida erishilgan progress to’xtab qolishiga olib keldi.

“Ushbu muammolar jamoalar, davlatlar va xalqaro tizimning moslashuvchanligi va yechimlar topish qobiliyatini qayta-qayta sinovdan o’tkazadi. Mavjud tizimlar va modellar dosh bera olmasligi mumkin”, - deyiladi AQSh Milliy razvedka kengashi tayyorlagan “Global Trends 2040” hisobotida.

Unga ko’ra, iqlim o’zgarishi – eng dolzarb muammolardan biri. Kelasi 20 yilda barcha mamlakatlar yuqori harorat, dengiz sathining ko’tarilishi, bo’ron va toshqinlar kabi ekstremal ob-havo bilan yuzlashishi bashorat qilinmoqda.

Qashshoq va rivojlanayotgan mamlakatlar bundan eng ko’p ziyon ko’rishi, hukumatlarning bu kabi muammolar oldida ojizligi migratsiya kuchayishiga sabab bo’lishi mumkin. Bu, o’z navbatida, mezbon davlatlarni ham iqtisodiy jihatdan og’ir ahvolga soladi, deyiladi tahlilnomada.

Texnologiya roli

Kelasi 20 yilda texnologik rivojlanish sur’ati va ta’siri oshib borishi kutilar ekan, keksayish, iqlim o’zgarishi va past unumdorlik kabi muammolarga yechim topish imkoniyati paydo bo’ladi. Shu bilan birga, jamiyatlar, sanoatlar va davlatlar o’rtasida ziddiyatlar oshishi kutilmoqda.

Buni ham ko'ring Sun'iy intellekt hayotimizga qanday ta'sir ko'rsatadi?

Hisobotga ko’ra, texnogolik ustunlikka erishish uchun mutaxassislar, bilim va bozor uchun global raqobat kuchayib boradi.

“Dunyo uzviy bog’lanib, bir paytning o’zida turli tomonlarga qarab parchalanib bormoqda. Insonlar o’zi kabi fikrlovchi guruhlarga bo’linib, jamoalar tarqoqlashib borayapti”.

Sun’iy intellekt kabi texnologiyalarning rivojlanishi esa hukumatlar, guruhlar va hatto bizneslar uchun informatsion kampaniyalar yoki dezinformatsion amaliyotlar orqali jamoatchilik fikrini shakllantirishni osonlashtiradi.

“Sun’iy intellekt va algoritmlar yordamida tayyorlangan media mahsulotlar haqiqatni va reallikni yanada buzib ko’rsatish, hozirgi dezinformatsion kampaniyalarni ham ortda qoldirib jamiyatlarni tezlikda beqarorlashtirishi mumkin”, - deydi hisobot mualliflari.

Demokratiyalar uyg’onishi

Tahlilchilarga ko’ra, kelasi 20 yilda dunyoni shakllantiruvchi yana bir omil bu AQSh va Xitoy o’rtasidagi raqobatdir.

“AQSh va Xitoy raqobati kelasi o’n yilliklarda geosiyosiy muhit parametrlarini belgilab, boshqalarni ham tanlov qilishga undaydi”, - deyiladi tahlilnomada.

Buni ham ko'ring Xitoy global liderlikka erishish uchun nimalar qilmoqda?

Mualliflar olg’a surgan optimistik ssenariylardan biri shuki, AQSh va uning demokratik ittifoqchilari raqobatda ustun keladi, chunki Xitoy va Rossiya kabi jamiyatlarda kuchli nazorat mexanimzlari innovatsiyaga yo’l bermaydi.

Hisobotda ushbu ssenariy “demokratiyalar uyg’onishi” deya tasvirlanadi. G’arb mamlakatlarining yuqori texnologiyalar, iqtisodiy o’sish va daromadlar o’sishi natijasida taraqqiy etib borishi bashorat qilinadi.

Ammo Xitoyning eng qudratli davlatga aylanishi ehtimoli ham yo’q emas. Bu holatda davlatlar turli guruhlarga bo’linib, mintaqaviy kuchlar asosiy e’tiborni o’z-o’zini ta’minlash va mudofaaga qaratadi.

AQSh Milliy razvedka kengashi bunday hisobotni har to’rt yilda bir tayyorlab, “ehtimoliy kelajaklarning bir necha ko’rinishini” taqdim etadi. 156 sahifadan iborat hujjat xalqaro xavfsizlik muhitiga ta’sir ko’rsatuvchi kuchlar va omillar tahlilidir.