BMT yig'ini kun tartibida: Shimoliy Koreya, Myanma, terrorizm, iqlim

  • Amerika Ovozi

Dunyo yetakchilari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik majlisiga yig’ilgan. Qator rahbarlar, jumladan, AQSh Prezidenti Donald minbardan turib ilk bor xalqaro hamjamiyatga murojaat qiladi. Kun tartibidagi asosiy masalalar - Shimoliy Koreyaning yadroviy faoliyati, Myanmada chuqurlashib borayotgan gumanitar inqiroz, terrorizm va iqlim.

Ikki hafta oldin Shimoliy Koreya navbatdagi yadro bombasini sinovdan o’tkazib, xalqaro hamjamiyatning kuchli tanqidiga va sanksiyalariga yo’liqdi.

15-sentabr kuni esa Pxenyan Yaponiya ustidan raketa uchirdi. Shu oyning o’zida ikkinchisi.

Kim Chen Un va u boshqarayotgan rejimga nisbatan qanday chora ko’rish BMT majlisida keng muhokama qilinishi aniq.

“Bu mavzuda ko’p gaplar bo’ladi. Lekin real olib qaraydigan bo’lsak, bu masalani AQSh va Xitoy BMT doirasidan tashqarida hal qilishi kerak”, - deydi yevropalik tahlilchi Richard Govan.

Sobiq Birma, hozirgi Myanmada esa 400 ming rohinja musulmonlari zo’ravonlikdan qochib, qo’shni Bangladeshda panoh topgan.

Myanma siyosiy rahbari Au Sang Su Chi musulmonlarga qarshi zulm haqida sukut saqlayotganlikda ayblanar ekan, u Bosh Assambleya majlisiga bormaslikka qaror qildi. Shunga qaramasdan, xalqaro organning ikki yig’ilishi shu mavzuga bag’ishlanadi.

Dunyo yetakchilari AQSh prezidentini 2015-yilda Eron bilan imzolangan yadroviy kelishuvni saqlab qolishga undamoqda. Donald Tramp nazarida Tehron bitimga amalga qilmayapti va uni bekor qilish kerak.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Eron atom qurollari yaratmasligini kafolatlovchi kelishuv barqarorlik omili bo’lib kelmoqda. Uni saqlab qolish va amal qilish juda muhim, deydi u.

Yana bir mavzu - Karib orollari va Florida janubini xonavayron qilgan “Irma” to’foni. Dovullarga va iqlim o’zgarishiga tayyorgarlik, tabiiy ofatlarga chidamli inshootlar qurish mavzusi ham muhokama qilinadi.

Ayrimlar fikricha, “Irma” va undan oldin Texas shtatini qaqshatgan “Xarvi” to’foni ketidan Prezident Trampni iqlim bo’yicha Parij bitimidan chiqish qaroridan qaytsa ajab emas. Uni 190 dan ziyod mamlakat imzolagan.

“Tramp AQSh bitimdan chiqmaydi deb ishora qilgan. Agar BMTda shuni ochiq aytsa, bu qarorni olqishlashadi”, - dedi Richard Govan.

Bosh Assambleya yig’inida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Zinpin, Germaniya kansleri Angela Merkel qatnashmayapti. Donald Tramp va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa anjumanda ilk bor ishtirok etmoqda.