Amerika Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston yoshlari bilan bog'lanishga urinmoqda

Mayk Hammer, AQSh Davlat kotibining Jamoatchilik bilan ishlash bo’yicha muovini, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 18-aprel, 2013

Amerika Markaziy Osiyo ahli, xususan yoshlari bilan yaqindan bog’lanishga harakat qilmoqda va bunda internet muhim vosita, deydi yetakchi diplomatlardan biri.

Mayk Hammer (Michael Hammer) - AQSh Davlat kotibining Jamoatchilik bilan ishlash bo’yicha muovini.

Janob Hammer yaqinda O’zbekiston va Tojikistonda bo’lib, oshkoralik, matbuot erkinligi, hukumat va jurnalistlar orasidagi munosabatlar, mas’uliyat va huquq haqida gapirdi. Safardan qaytgach, uni muloqotga chorladik (watch the video here or below).

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi muovini Mayk Xammer bilan suhbat/Navbahor Imamova


Your browser doesn’t support HTML5

Interview with Assistant Secretary of State for Public Affairs Mike Hammer - Navbahor Imamova VOA Uzbek


AMERIKA OVOZI: Bu sizning Tojikiston va O’zbekistonga ushbu lavozimdagi birinchi safaringiz, shundaymi?

HAMMER: Shunday... Almatida Eron bo’yicha o’tgan xalqaro yig’in ketidan bu davlatlarga bordim. Mintaqa bilan yaqin tanishish imkoniyati bu.

AMERIKA OVOZI: Siz AQSh xalq diplomatiyasi uchun mas’ulsiz. Xalq diplomatiyasi deganda nima nazarda tutiladi? Rolingiz nima sizning?

HAMMER: Vazifam – Amerika tashqi siyosatini effektiv va haqqoniy tarzda tushuntirish. Axborot bir zumda butun dunyoga tarqalayotgan zamonda har bir daqiqa g’animat. Siyosatimiz, qadriyatlarimiz, bu jamiyat istagi va u yuzlashayotgan masalalarni tashqi dunyoga bayon etish. Kundalik brifinglar va elchixonalarimiz orqali Qo’shma Shtatlar haqida ma’lumot berish.

AMERIKA OVOZI: Yoshlar bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog’lanishga urinayapsiz. Kuch-g’ayratingizni sarflab, vaqt va resurslar ajratayapsiz. Maqsad nima?

HAMMER: Odamlar qayerda axborot almashayotgan, bir-biri bilan gaplashayotgan bo’lsa, biz ham o’sha joyda bo’lishni istaymiz. Haqiqat shuki, bugungi yoshlar internetda, “Facebook” va “Twitter”da. “YouTube” va “Google Plus”dan foydalanishayapti. Xillari Klinton davlat kotibi bo’lgan paytda ham, mana yangi davlat kotibimiz Jon Kerri ham diplomatiyada zamonaviy texnologiyadan keng foydalanishni olg’a surmoqda. Agar siyosatimizni jamoatchilikka o’zimiz tushuntirmasak, boshqalar biz uchun gapira boshlaydi. Buni aslo xohlamaymiz. Viza olishdan tortib ta’limgacha, jamiki mavzularda odamlar savol beradi, biz javob beramiz.

AMERIKA OVOZI: Yoshlar bilan suhbatlashib, nimalarni o’rganayapsiz? Sizningcha ularni aynan qanday masalalar qiynamoqda? Bilasiz, O’zbekiston va Tojikiston internetga to’siqlar qo’yib kelayotgan davlatlar…

HAMMER: Albatta, internet erkin emasligi ularni tashvishga soladi. Axborot oqimi, matbuot erkinligi, global tarmoqdan bemalol foydalanish zarurati haqida muzokaralarda ko’p gapiramiz. Jamoatchilik internetda erkin muloqot qilib, fikr almasha olishi kerak. Demokratiyaga yetaklaydigan, oshkoralikni ta’minlaydigan shartlardan biri shu o’zi. Yoshlarning dardini tinglayapmiz, ularning fikrlariga quloq tutayapmiz. Ularni qiynagan masalalarga javob berayapmiz.

AMERIKA OVOZI: Obama ma’muriyati turli madaniy va o’quv dasturlarini qirqishga qaror qilgan. Buning Markaziy Osiyoga ta’siri qanchalik bo’ladi?

HAMMER: To’g’ri, moliyaviy yetishmovchilik davri hozir, lekin shuni ishonch bilan aytamanki, almashinuv dasturlari tashqi siyosatimizning ajralmas qismi. Amerikani dunyoga bog’lash, uning nufuzini himoya qilishda bu programmalarning o’rni beqiyos. Albatta, byudjet qisqarmoqda, ko’rpaga qarab oyoq uzatamiz. Biroq zarur programmalar qoladi.

AMERIKA OVOZI: Mintaqa yoshlari, masalan O’zbekistonda yangi avlod vakillari bilan gaplashganimizda, ularning hammasi ham demokratiya, amerikacha demokratiyaga o’zlariga mos bir mafkura sifatida qaramaydi. Ayrimlar hatto “biz demokratiyaga hozir tayyor emasmiz” deyishadi. Nima degan bo’lardingiz ularga?

HAMMER: Biz albatta o’z tajribamizdan kelib chiqqan holda gapiramiz. Gap shundaki, inson erkinlik istaydi – so’z erkinligi, fikr erkinligi, axborot erkinligi… Hozirgi zamonda ayniqsa hamma erkin muloqot, fikr almashish tarafdori. Odamlar o’z taqdirini o’zi hal qilgisi, ayniqsa iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirgisi keladi. Demokratiya bizda ishladi va boshqalar xohlasa, marhamat, kelib tatib ko’rsin. Kimdir bizning pozitsiyamizni ma’qul ko’rmasligi mumkin, lekin mening ishim Amerika borayotgan yo’lni targ’ib qilish. Men dunyo bo’ylab sayohat qilib, shunga amin bo’lamanki, bizning qadriyatlar aslida umumbashariy qadriyatlar. Inson qayerda bo’lmasin, erkin va farovon yashashni istaydi.

AMERIKA OVOZI: Toshkentda o’tgan anjumanda oshkoralik, demokratiya, matbuot erkinligi va jurnalistning vazifalari haqida alohida ta’xtaldingiz. Nutqingizdan keyin sizni tinglagan odamlar qanday munosabat bildirdi?

HAMMER: Turli davralarda bo’lib, shuni sezdimki, katta yoshdagilar ko’p hollarda ishonqiramay qaraydi, lekin yangi avlod vakillari juda qiziquvchan. Avlodlar orasida farq bo’lishi mumkin, ammo umuman olganda, odamlar bizni juda iliq kutib olishdi. Samarqand va Buxoro davlat universitetlarida talabalar bilan muloqotimda shunday masalalar ko’tarildiki, bu bahs-munozalarni Amerika universitetlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, internetning ijobiy va salbiy jihatlari, burch va mas’uliyat…

AMERIKA OVOZI: Oshkoralik va erkinlik, hukumat mas’uliyati va jamoatchilik fikri… Bular mintaqada ehtiyotkorlik bilan tilga olinadigan masalalar. Siz Amerika tajribasi haqida so’zlaganingizda, ayniqsa siyosatchilar bilan demokratiya haqida gaplashganingizda, bir-birimizni qanchalik tushunamiz deb o’ylaysiz? Amerikani tushuntirish qiyin emasmi?

HAMMER: Qiyin emas, chunki, aytganingizdek, Toshkentda so’zlaganimda, hukumat xalq oldida qanchalik javobgar ekani va Amerikada prezident va uning ma’muriyati o’z siyosatini tushuntirish va targ’ib qilish uchun nimalar qilishi haqida gapirganimda, odamlar qiziqish bilan tingladi… Siyosat xalqqa qanchalik oydin bo’lsa, fuqarolar ham o’zini shunchalik mas’uliyatli deb sezadi. Yetarlicha informatsiya olgan fuqaro qudratli fuqaro. U o’zini mamlakat kelajagi uchun muhim va foydali shaxs deb biladi. Amerikada biz shunga ishonamiz. Men bu haqda Toshkentda gapirganimda, jamoatchilik qunt bilan tingladi.

AMERIKA OVOZI: Ba’zi faollar va ziyolilar nazarida Amerika yoshlar bilan internetda bog’lanishga harakat qilayaptiku, lekin odamlarni qiynayotgan muammolarni ko’tarmayapti, eng dolzarb masalalar chetda qolib ketayapti. “Facebook” yoki “Twitter”da gaplashish bilan ish bitmaydi deyishadi. Nima deysiz bunga?

HAMMER: Biz rasmiylar bilan muzokaralarda huquq va erkinlik bilan bog’liq muammolarni doimo ko’tarib kelamiz, masalan qamoqdagi jurnalistlar taqdirini… Tashrifim davomida kim bilan gaplashmay erkinlik naqadar muhim talab ekani haqida aytdim. Yoshlar bilan suhbatlarimda, jurnalistlar va mansabdorlar bilan muloqotlarda ham. Odamlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda gaplashayapmiz, lekin konkret muammolarni chetga surib qo’yganimiz yo’q.

AMERIKA OVOZI: Muzokaralardan biror konkret natija, foyda bo’ldi deya olasizmi?

HAMMER: Albatta bu savolga javob berish qiyin, chunki samara ko’zga ko’rinmaydi… Ta’sir qilishga harakat qilayapmiz. Qonun va qarorlar yuzasidan o’z fikrlarimizni bildirib kelamiz. Qonun qabul qilish bilan muammo hal bo’lmaydi, uning ijrosiga e’tibor qarating deymiz.

AMERIKA OVOZI: Vashingtonda tashqi siyosat haqida gap ketganda “odamlarni odamlarga bog’laydigan tashabbuslar” degan chaqiriqlar ko’p quloqqa chalinadi. Buni diplomatlardan ham eshitamiz. Qanday dasturlar nazarda tutiladi?


HAMMER: Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan programmalar… Bir-birimizni yaxshiroq tushunishimiz uchun mana shunday madaniy dasturlarni ishga solish kerak. Siyosiy jihatdan fikrimiz bir joydan chiqmas, lekin mentalitetlar orasidagi farqni tushunish kerak. Masalan, o’zbekistonliklar bu yerga kelib, bizning hayotimiz bilan tanishsin, amerikaliklar u yoqqa borib, o’zbek xalqi turmushi, urf-odatlari va tarixini o’rgansin.

AMERIKA OVOZI: Mana shunday takliflaringizga Toshkentdan qanday javob olayapsiz?

HAMMER: Umuman olganda, ancha ijobiy. Ko’ramiz yaqin kelajakda nimalarga erishamiz. Bu birinchi safarim bo’ldi va men faqat Markaziy Osiyo uchun mas’ul diplomat emasman. Maqsadimizni aytdik, takliflarimizni tushuntirdik, aminmanki, bu harakatlarimiz davom etadi va aloqalarimiz rivojlanaveradi.

AMERIKA OVOZI: Amerika Afg’onistonni 2014-yilda tark etgach, mintaqa unga uncha kerak bo’lmay qoladi deya umidsizlanayotganlar bor. Bu davlat Markaziy Osiyoda faol harakat qiladi deb ayta olasizmi?

HAMMER: Ishoning, mamlakatimiz mintaqani unutib qo’ymaydi. Terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurashdan tortib, madaniy almashinuvlar va ta’limiy dasturlar, bular biz uchun juda muhim va harakatlarni susaytirmaymiz.

AMERIKA OVOZI: Suhbat uchun rahmat!

HAMMER: Bajonidil…

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Markaziy Osiyo: Yoshlar, huquq va siyosat/Assistant Sec Mike Hammer talks to Navbahor Imamova, VOA Uzbek



Watch the interview (original) here:

Your browser doesn’t support HTML5

Assistant Secretary of State for Public Affairs Mike Hammer talks to VOA Uzbek