AQSh qonunchilari Prezident Rahmonga: Matbuot erkinligini ta’minlang

  • Amerika Ovozi

Kongressmen Adam Shiff

AQSh qonunchilari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga “Ozodlik” radiosi jurnalistlariga nisbatan “davom etayotgan tahdidlar” haqida maktub yo’llab, ularning faoliyatiga to’sqinlik qilmaslikka chaqirmoqda.

Kongressmenlar Adam Shiff va Stiv Shabo 2019-yilning oktabrida ham Tojikiston rahbariga o’xshash murojaat bilan chiqqan. Yangi xatda “Ozodlik”ning Tojik xizmati (“Ozodi”) muxbirlari akkreditatsiyasi juda qisqa muddatga yangilangani, ayrimlariga umuman berilmagani qayd etilgan.

AQSh qonunchilari radioning ayrim xodimlari Tojikistonda “tekshiruv ostida” ekani yuzasidan ham xavotir bildirmoqda.

“Dunyo pandemiya bilan yuzlashayotgan hozirgi krizis davrida ishonchli, mustaqil axborot manbalariga talab har qachongidan yuqori”, - deyiladi maktubda.

Adam Shiff va Stiv Shaboga ko’ra, fevral oyida akkreditatsiya uchun murojaat qilgan “Ozodlik” jurnalistlarining 18 nafaridan 10 tasiga berilgan. Byuro rahbari va administratorining hujjatlari “tekshiruvda”. Ularga ishlashga ruxsat berilmasligi “Ozodi”ning Tojikistondagi faoliyatini to’xtatishi mumkin, deydi qonunchilar.

Kongressmen Stiv Shabo

“Umid qilamizki, hukumatingiz bu qarorlarni qayta ko’rib chiqib, radio faoliyatini davom ettirishi uchun ruxsat beradi”, - deyiladi Prezident Rahmonga yo’llangan maktubda.

“Ozodlik” radiosi “Amerika Ovozi” singari AQSh Kongressi tomonidan moliyalanuvchi Global Media Agentligi (U.S. Agency for Global Media) tomonidan boshqariladi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo’yicha vakili Garlem Desir 2019-yilda Tojikiston hukumatini “Ozodlik” muxbiri Humayra Baxtiyorni vataniga qaytishga majburlash uchun, uning oilasiga bosim o’tkazilayotgani haqidagi da’volarni tekshirishni so’ragan edi.

Oktabr oyida esa Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Prezident Rahmonni Humayra Baxtiyor singari jurnalistlar hech qanday to’siqlarsiz ishlay olishi uchun choralar ko’rishga undagan.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi bo’yicha 2019-yilgi reytingida Tojikiston 180 davlat ichida 161-o’rinni egallagan. Tashkilotga ko’ra, “Rahmon avtoritar tendensiyalariga tobora ko’proq berilayotgani 1997-yilda Tojikistonda fuqarolik urushiga yakun yasagan milliy konsensusga tahdid solmoqda”.

Kongressmenlar Adam Shiff va Stiv Shabo maktubda Rahmonga mamlakat konstitutsiyasi matbuot erkinligini himoya qilishini eslatishdi.