Breaking News

Toshkentda jurnalistlar ozod etilgani "misli ko'rilmagan voqea"


Toshkentda jurnalistlar ozod etildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:08 0:00

Toshkentda jurnalistlar ozod etildi

AQSh va Yevropa Ittifoqida asoslangan xalqaro huquq tashkilotlari O'zbekistonda tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan ikki jurnalist va ikki tadbirkor sud zalida ozod etilganini tarixiy voqea deya baholamoqda. Mahkamaning boshidan ochiq kechgani, ayblanuvchilar diqqat bilan tinglangani, jarayonni O'zbekiston axborot vositalari ham yoritgani, masala ijtimoiy tarmoqlarda va jamoatchilik orasida muhokama qilingani o'tgan bir yarim yil mobaynida avj olgan islohotlar samarasi sifatida qabul qilinmoqda.

Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinov ozod
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:51 0:00

45 yoshli Bobomurod Abdullayev va uning jinoiy sheriklari deya gumon qilingan uch shaxs - bloger Hayotxon Nasriddinov, tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov O'zbekiston hukumatini ag'darishga urinish va buning uchun yashirin amaliyot ustida ishlaganlikda ayblangan edi. Sudga ko'ra, ayblovlar isbotlanmagan.

O'zbekistonda deyarli chorak asr mobaynida tuzumga qarshi harakatda ayblangan insonlar aksariyat hollarda og'ir jazolarga mahkum etilgani, mahkama yopiq kechib, jarayon bilan bog'liq savollar javobsiz qolgani, ayblov asossiz ekani haqidagi iddaolar tinglanmagani, apellyatsiya tartibida ko'rib chiqilganida ham hukm o'zgarmaganini hisobga olsak, Abdullayev va uning sheriklari ishi ozodlik bilan yakun topgani "misli ko'rilmagan va kutilmagan" yangilik.

Mana shunday tahlilni Nyu-Yorkdagi "Human Rights Watch" (HRW) va Londondagi Xalqaro Aministiya tashkilotlaridan eshitar ekanmiz, ular sudlanuvchilar o'tgan yilning kuzidan beri hibsda o'tirgani, qiynoqqa solinganini aytgani va ularning yaqinlari ham bu davr mobaynida qo'rquv va bosim ichida yashaganini e'tirof etadi.

AQSh hukumati O'zbekistonda siyosiy mahbuslar birin-ketin ozod etilganini keng olqishlab, "islohotlar ko'lamini erkinlik darajasiga qarab bilamiz", deya eslatib kelmoqda. Bugungi yangilik ham Vashingtonda juda iliq kutib olingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda AQShga rasmiy safar qiladi. Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan yuzma-yuz muloqot qiladi. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va Kongressda ham uchrashuvlar kutilmoqda.

Mana shunday muhim tashrif arafasida Toshkentda hammaning e'tiborida turgan jinoiy ish ijobiy yakun topgani Mirziyoyevni G'arb nazarida real islohotlar qilayotgan va mamlakatini yangi yo'ldan olib borayotgan rahbar sifatida ko'rsatadi.

Bobomurod Abdullayev, bugun Toshkent sudi oldida
Bobomurod Abdullayev, bugun Toshkent sudi oldida

O'zbekistonda jurnalistlar ozod etilgani katta burilish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:51 0:00

O'zbekiston yaqinda AQShning inson huquqlari haqidagi yillik xalqaro hisobotida tarixda ilk bor ijobiy o'zgarishlar yuz berayotgan davlat sifatida tilga olindi. Lekin, deydi Davlat departamenti rasmiylari, huquqni e'zozlash va qonun ustuvorligini ta'minlash bobida qilinadigan ishlar hali juda ko'p.

Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shennon "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashingtonning Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadlaridan biri demokratiya va huquq targ'iboti bo'lib qoladi, deya ta'kidladi. Bu borada rahbarlar bilan uchrashuvlarda ochiq aytiladi, dedi u.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi tadqiqotchisi Gulnoza Said, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O'zbekiston hukumati hozir qila oladigan o'zgarish bu hibsda asossiz va o'z professional faoliyati uchun o'tirgan jurnalistlarni chiqarib yuborish bo'ladi, deya qayd etgan.

HRW: O'zbekistonda islohotlar matbuotni erkinlashtirishi kerak

HRWning O'zbekiston bo'yicha vakili Stiv Sverdlov yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bu ishni shunday muhokama qilgan:

"Bu sud ishi, menimcha, butun O'zbekiston jamiyati uchun muhim bir sinov. Kun.uz, Gazeta.uz va boshqa axborot manbalari nozik masalalar muhokama qilinayotgan bu ishni kuzatib, uni yoritayotgani, jarayonni kundalik ravishda xatlab borayotgani tahsinga sazovor. Ayblanuvchilarning gaplarini bemalol eshitayapmiz. Yillar oldin biz bunday hollarga guvoh bo'lamiz deb xayolga keltirmagan edik. Ochiq sud, ochiq muhokama. Qiynoqlar haqida ham ochiq gaplar".

"Bu ish O'zbekiston hayotining har bir jabhasi bilan bog'liq. Xavfsizlik organlarining ishi muhokamada. Shu paytning o'zida parlament Davlat xavfsizlik xizmati faoliyati bilan bog'liq qonun ustida ishlayotganini ko'rdik. Bu esa matbuot, inson huquqlari bilan chambarchas bog'liq. Sud ishi bu masalalar ahamiyatini aks ettirmoqda".

"Lekin bu jurnalistlarning 10-20 yilga qamalib ketish ehtimoli chuqur xavotir uyg'otadi. Agar shunday bo'lsa, bu orqaga qaytish, chekinish bo'ladi. Hukumat tanqidga chidamli ekanini ko'rsata olishi kerak. Qamash va ozod etish masalaning bir tarafi, lekin davlat qanchalik kuchli ekanini uning tanqidga, erkinlikka toqati belgilaydi. Bu o'ta muhim omil. Mana shu sudni kuzatayotganlardan biri hozir sobiq siyosiy mahbus, eng ko'p yil panjara ortida o'tirgan jurnalist Muhammad Bekjonov. Kecha yana bir sobiq mahbus, jurnalist Dilmurod Saidov bilan ko'rishdim. Ularning ozod ekani ajoyib o'zgarish lekin boshqalarni asossiz qamash bilan orqaga chekinasiz. Hukumat erkinlik tarafdori ekanini ko'rsata olishi lozim".

Sverdlov deydiki, Hukumat va HRW orasidagi muloqot kengaygan va chuqurlashgan.

"Tanqidimizni eshitishayapti. Fikr almashayapmiz. Bir-birimizni tinglayapmiz. Ochiq tadbirlar o'tkazish, ularda tanqidiy materiallari bilan tanilgan faollar va jurnalistlar qatnashishi uchun sharoit zarurligi haqida gaplashayapmiz. Huquqbuzarlik, qonunbuzarlik hollari haqida erkin gaplashib olish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda. Islohot degan narsa o'tmishni tahlil qilib, qilingan xatolardan o'rganish demakdir. Shu bois ham hozirgi muloqotimiz umid bag'ishlaydi", - deydi HRW vakili.

O'zbekistonda matbuot bugun qanchalik erkin?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:27:37 0:00

Abdullayev O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi, 1-qismi, "b" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga bir yil davomida ish haqining 20 foizini davlatga o'tkazish, uch yil davomida axloqni tuzatish ishlarini bajarish jazosi tayinlangan. Abdullayevning o'tgan yetti oydan beri hibsda o'tirgani hisobga olinadi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti nazarida Abdullayev aslida qilmagan ishi uchun allaqachon jazolanib bo'ldi, ya'ni o'tgan yilning kuzidan beri panjara ortida azoblandi. Uning qiynoqqa solingani haqidagi da'volari jiddiy ko'rib chiqilsihi va kelajakda biror mahbus bunday holga solinmasligi ta'minlanishi shart, deya undamoqda bu xalqaro tashkilot.

Shvetsiyadagi Fuqaro Erkinliklari Himoyachilari tashkiloti, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Belgiyadagi Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti ham Abdullayev va uning sheriklari ozod etilganini olqishlab, O'zbekistonda adliya tizimi mustaqilligi va huquq ta'minoti bo'yicha islohotlar jadallashaveradi, deya umid bildirmoqda.

Bugun sud eshigi oldida ommaga gapirgan Bobomurod Abdullayev fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqni va jamiyatni erkinlik tomon yetaklamoqda. Lekin haqiqiy sinovlar oldinda. Mirziyoyev va uning ma'muriyati tanqidiy jurnalistikaga qanchalik toqat qiladi? O'ziga nisbatan tanqidga qanchalik tayyor? O'zbekistonda jurnalistni ishi uchun qamash odatiga barham beriladimi yo'qmi? Xalqaro hamjamiyat mana shunday savollar bilan vaziyatni kuzatishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG