Breaking News

Prezident Mirziyoyev kelasi hafta AQShda bo'ladi


O'zbekiston va AQSh rahbarlari rafiqalari bilan, 2017-yilning sentabri, Nyu-York

15-17 may kunlari O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Qo'shma Shtatlar poytaxtiga safar qiladi. Toshkent buni rasman tasdiqladi. Bu - Prezident Mirziyoyevning G'arb davlatlariga ilk rasmiy tashrifi.

O'tgan yilning sentabrida Mirziyoyev Nyu-Yorkka BMT Bosh Assambleyasi yig'iniga kelgan edi. Lekin bu Amerikaga rasmiy tashrif emas edi.

16-may kuni u Oq uyda AQSh rahbari Donald Tramp bilan muloqot qiladi. AQSh Kongressi a'zolari, Mudofaa vazirligi va boshqa vazirliklarning rahbarlari hamda Vashingtonda joylashgan xalqaro organ - Jahon banki boshqaruvchilari bilan ham muzokara va uchrashuvlar rejalangan.

Oq uyga ko'ra, Mirziyoyev tashrifi tarixiydir, chunki ilk bor kechmoqda. Prezident Tramp matbuot xizmatiga ko'ra, rahbarlar O'zbekistondagi islohotlar, tijorat va sarmoya, mintaqaviy xavfsizlik va Afg'onistondagi vaziyat haqida gaplashadi.

O'zbekiston rahbari matbuot xizmati tasdiqlashicha, prezidentlar mushtarak maqsadlar va hamkorlik xususida qo'shma bayonot chiqaradi.

Vashington Mirziyoyevni kutmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:45 0:00

Vashington Mirziyoyevni kutmoqda

Vashingtonda siyosatdonlar fikricha, Mirziyoyevning AQShga safari chuqur ahamiyatga ega. Islohotlar boshlagan prezident O'zbekiston bugun haqiqatdan ham yangi yo'ldan ketayotganini nafaqat so'zda balki amalda ham ko'rsata olishi kerak. Bu, deydi tahlilchilar, avvalo O'zbekiston kelajagi uchun muhim.

Qo'shma Shtatlar Mirziyoyevni quvvatlab, uni buyuk o'zgarishlar qilishga qodir rahbar, deya maqtab kelmoqda.

Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shennon nazarida Mirziyoyev qisqa davrda katta ishlar qila olgan lider.

"O'zbekistonni qo'shnilarga ochdi va mintaqa unga ijobiy javob berdi. Afg'oniston anjumani uning mintaqaviy faolligining yaqqol isboti. Masalani, o'z tashabbusini xalqaro maydonga olib chiqdi va olqishlandi", - deydi Shennon.

"Biz Mirziyoyev bilan keng strategik muloqot olib borayapmiz. Hamkorlik kengayishi uchun zamin hozirlayapmiz... O'z uchrashuv va muloqotlarimga asoslanib, ishonchim komilki, O'zbekiston hukumati biz bilan yaqindan ishlashni va keng hamkorlik qilishni istaydi".

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Shennon jumladan shunday deydi:

"Islohotlarga yordamimiz hamkor davlatning irodasiga bog'liq. Real o'zgarishlar qilaman degan tomon bilan ishlaganimizda, ko'magimiz samara bergan. Sabr-toqat hamda davomiylik va bir maromda harakat qilishga kelganda orada tushunmovchiliklar bo'ladi. Aytmoqchimanki, islohotlar boshlayotganda jarayonni belgilab olish kerak. Protsess siyosiy jihatdan to'xtovsiz bo'lishini ta'minlovchi qarorlar qilish kerak. Shundagina, qadamma-qadam yutuqqa erishish mumkin. Har bir qadam maqsadga muvofiq bo'lishi zarur. Jarayon sekin, vaqt kerak. Markaziy Osiyoda islohotlar qilish oson emasligini tushunamiz. Boy o'tmishga ega mintaqa, lekin siyosiy tuzumlar bu borada tajribaga ega emas. Sovet o'tmishi, mustaqillik yillaridagi mashaqqatli davr, xalqaro maydonda o'rin topish, xavfsizlikni ta'minlash - qiyin sinovlar. Islohotlarda samarali yordam bera olish bizdan o'sha murakkab muhitni tushuna olishni talab qiladi. Lekin ko'p narsa islohotlar boshida turgan hukumat va uning rahbariga bog'liq".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG