Breaking News

"El-yurt umidi": O'zbekiston kadrlarga, vatandoshlar yordamiga muhtoj


"El-yurt umidi": O'zbekistonga kuchli kadrlar kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

"El-yurt umidi": O'zbekistonga kuchli kadrlar kerak

2018-yilning oxirida ish boshlagan "El-yurt umidi" jamg'armasi O'zbekiston uchun kelasi 2-3 yil ichida xorijda kamida 5000 mutaxassis tayyorlashi kerak. Yiliga 75 milliard so'm ajratiladi. Fond stipendiyasini yutganlar dunyoning 500 eng yetuk oliygohiga kirishi, o'qishni bitirib, vatanga qaytib, islohotlar samarasi yo'lida ter to'kishi kerak. Stipendiya magistratura, doktorantura va malaka oshirish uchun beriladi. To'rt bosqichli sinovdan o'tish kerak. Jamg'arma saralash jarayoni haqqoniy, adolatli, oshkora va professional ravishda o'tayapti, deya so'z bermoqda. "Amerika Ovozi" Toshkentda bu fond direktori Adham Bekmurodov bilan suhbatlashar ekan, tashkilotning boshqa maqsadlari borligi haqida ham o'rgandi: vatandoshlar bilan yaqindan ishlash.

"El-yurt umidi": Kadrlar, vatandoshlar va islohotlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:15:04 0:00

"O'zbekistonning ertangi kunini bugun yaratish masalasi qo'yilgan", - deydi Bekmurodov.

"Zarur kadrlarni tayyorlash uchun biz 4-5 yil kuta olmaymiz. Ular bizga 1-2 yilda kerak. Aks holda islohotlar samara berishi qiyin".

O'zbekistonda oldin ham xorijda ta'limga homiylik qiluvchi fondlar bo'lgan, masalan, "Umid" va "Iste'dod" jamg'armalari.

"Tanlov hay'atida manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilmaydi".

Bekmurodov bu tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanish. "Umid" 1997-2003 yillar orasida ishladi va 828 talabaga stipendiya berdi. "Iste'dod" esa 15 yil ichida 414 mutaxassisning malakasini oshirish uchun to'ladi. 22 yil ichida O'zbekiston chet elda o'qitgan yoshlar soni 2000 nafarga ham yetmaydi.

Bekmurodovning tushuntirishicha, O'zbekiston hozirda qilayotgan sarmoya sifatli kadrlarni tezlikda yetishtirishni ko'zlaydi. Bu juda qiyin, lekin o'ta zarur investitsiya, deydi u.

"El-yurt umidi" jamg'armasi direktori Adham Bekmurodov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, 26-aprel, 2019
"El-yurt umidi" jamg'armasi direktori Adham Bekmurodov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, 26-aprel, 2019

"El-yurt umidi" avvalo hukumatga kerakli mutaxassislarga e'tibor qaratmoqda. Kamida ikki yillik tajribaga ega xodimlar topshirishi mumkin. Keyingi bosqichda xususiy sektor uchun kadrlarni o'qitish va malakasini oshirish rejalangan.

"Tanlov hay'atida manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilmaydi", - deydi Bekmurodov.

Vaholanki, O'zbekistonda bu tushuncha deyarli muhokamada emas. Manfaatlar to'qnashuvi hukumatda ham, matbuotda ham, xususiy sektor va nohukumat tashkilotlarda ham yaqqol ko'zga tashlanadi va umuman olganda, muammo deb qaralmaydi. Tanish-bilishchilik, poraxo'rlik, sendan ugina mendan bugina qabilida ishlash hamon chuqur ildiz otgan illatlardir.

Stipendiya tanlovining birinchisiga 600 o'rin uchun 2500 ga yaqin odam topshirgan.

Bekmurodov deydiki, tanlov hay'atiga yetuk mutaxassislar jalb etilmoqda, korrupsiyaga toqat yo'q. Nomzodlarga til va tegishli soha yuzasidan talablardan tashqari yana bir muhim imtihon bor: islohotlarni ular qanday tahlil qiladi va nimani o'zgartirgan bo'lardi? Oqsayotgan jihatlarini qanday to'g'rilagan bo'lar edi? Xorijda olgan bilimi vatanda nima uchun va qay tariqa qo'l keladi?

Yana bir omil - vatanparvarlik. Uni qanday o'lchashadi? Qarsakbozlik hukumatni ulug'lash emasmi?

Bu har bir nomzodga va uning tushunchalariga bog'liq, deydi Bekmurodov.

Bu odam vatanga xizmat deganda nimani tushunadi? O'zbekiston ravnaqi uchun qanday hissa qo'shmoqchi?

Nomzodda mas'uliyat hissa kuchli bo'lishi kerak. Uni vatanga bog'lab turadigan faktorlar nima?

Stipendiya tanlovining birinchisiga 600 o'rin uchun 2500 ga yaqin odam topshirgan.

"Raqobat yuqori. Talablar global darajada", - deydi Bekmurodov.

2-3 yil ichida xorijda kamida 5000 mutaxassis tayyorlashi kerak. 75 milliard so'm ajratilgan.

Kimdir ishxonasi tavsiyasi bilan, kimdir esa o'zi qiziqib topshirgan. Fond soha va sektor tanlamaydi. Muhimi, potensial, intilish va iroda kuchli bo'lsin, deydi "El-yurt umidi" direktori.

"Mablag'dan muammo yo'q, muhimi samara... Stipendiya 100 foiz davlat byudjetidan".

Tanlovdan o'tsangiz, sertifikat olasiz. Unda sizning xorijdagi o'qishingiz yoki malaka oshirishingiz 100 foiz fond tomonidan qoplanishi kafolatlanadi. Qaytib kelishingiz haqida shartnoma imzolaysiz. Ishxonangiz ham bu bitimga sherik.

Qaysi universitetga kirishni o'zingiz tanlaysiz, lekin kira olishingiz kerak. Dunyodagi eng zo'r 500 oliygoh yoki o'z sohangizda yetakchi 200 oliygohdan biri bo'lishi shart.

"Bizga qanday lavozim bor deya talab qo'yish yaramaydi", - deydi Bekmurodov.

Xorijda yurgan vatandoshmi, fond puli bilan o'qib qaytgan mutaxassismi, hamma o'z o'rnini o'zi topadi, deydi rasmiy.

El-yurt umidi" uzog'i bilan 5-7 yil ishlashi kerak... Keyin O'zbekiston o'zini eplab ketishi kerak.

​Vatandoshlar hukumat qanchalik undamasin, vatanga katta sonlarda qaytmayapti.

Bekmurodov nazarida qaytayotganlar juda kam. Vaholanki, deydi u, vatandoshlar yurtga hozir, mana shu qiyin davrda kerak. Mamlakat real tarzda o'zgarsin, chora-tadbirlar samara bersin, to'g'ri yo'ldan borsin desangiz, keling, deya chorlaydi fond rahbari.

"El-yurt umidi", uning aytishicha, 5-7 yillik dastur. Keyin O'zbekiston oliy ta'lim tizimi o'zini eplab ketishi, zarur kadrlar vatanda yetisha boshlashi kerak. Xorijdan qaytganlar ulkan o'zgarishlar qila olishi lozim.

Vatandoshlar ish bitganda kerak emas, deydi Bekmurodov. Ularning malaka va mehnatiga O'zbekiston hozir muhtoj.

Kelaman deganlar "El-yurt umidi" fondiga murojaat qilsin, deydi Bekmurodov.

"Vatandoshlar nimaga qodir ekaniga bizni ham ishontira olishi kerak", - deydi u.

"Biz bu vatandoshlar bilan tanishamiz. Faoliyati, bilimi va tajribasini tekshiramiz. Qayerga to'g'ri kelsa, yo'naltiramiz. Tayyor sharoit kuta olmaysiz. Uni tayyorlash uchun ham vatandoshlar yordami zarur".

Bekmurodov tahlilicha, O'zbekistonning xalqaro maydondagi obrazi salbiylashishida vatandoshlarning ham ma'lum darajada o'rni bor. Endi uni tuzatish uchun ham vatandoshlar hissa qo'shishi lozim, deydi Bekmurodov.

"El-yurt umidi": Vatandoshlar, qanisiz, tayyormisiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:50 0:00

"Vatandoshlar nimaga qodir ekaniga bizni ham ishontira olishi kerak".

"El-yurt umidi" vatandoshlarni vatandagi jarayonlarga jalb qilish bilan birga xalqaro loyihalar va sarmoyani ham O'zbekiston tomon chorlashni maqsad qilgan. Tashkilot nazarida uning har bir ishida vatandoshlar ko'maklasha oladi.

Lekin vatandoshlar o'z qadrini biladi. Qanchalik qiziqmasin, xohlamasin, xorijda ildiz otganidan keyin qaytish qiyin. Bekmurodovga ko'ra, chet eldan turib ham yordam berishi mumkin va bunday qilayotganlar anchagina. Rasman yoki norasman, muhimi, madad qo'lini cho'zish.

Bekmurodov deydiki, ayni damda xorijdagi mutaxassislar, xususan talabalar ro'yxati tuzilmoqda. 10 mingcha odam bor, deydi u. Ular haqidagi ma'lumotlar hukumatga ochiq bo'ladi va zaruratga qarab, ularga murojaat qilinishi mumkin, deydi rasmiy.

Mahalliy kadrlar-chi? To'g'ri joyga to'g'ri mutaxassisni qo'yish borasida qanday qadamlar tashlanmoqda?

Bekmurodov bu masala eng dolzarblaridan biri, deydi. Tizim o'z kuchini, mahalliy potensialni o'lchamoqda. Achchiq haqiqat shuki, deydi u, O'zbekistonda oliy ma'lumotli, tajribali mutaxassislar juda oz. Oliy ta'lim tizimi yetarlicha yetishtirib bera olmaydi. U isloh qilinar ekan, mavjud kadrlar borasida mahalliy ravishda ishlar amalga oshirilar ekan, respublika chetda tayyorlashga majbur.

Xorijdagilar ham O'zbekiston jamiyatining bir qismi, deydi Bekmurodov.

"3-4 yil oldin vatandosh degan so'z salbiy ma'noda ishlatilar edi. Hozir esa vatandoshlar bilan ishlash davlat siyosati."

"Hammamiz tomoshabin bo'lsak, o'zgarishni kim qiladi? Orqaga qaytishimiz mumkin".

Lekin vatan hamma vatandoshlarga ham ochiq emas. Minglab o'zbekistonliklar hujjatlari yo'qligi, qora ro'yxatda ekani yoki mamlakatga qaytishga qo'rqqani uchun ham Bekmurodov aytayotgan muhim jarayonlarga qo'shila olmaydi.

"Tub muammolar 1-2 yilda hal bo'lmaydi. Vaqt kerak, mehnat qilish kerak. Har bir shaxsning muammosi birma-bir ko'rib chiqilib, yechilishi kerak", - deydi "El-yurt umidi" fondi rahbari.

O'zbekistondagi o'zgarishlarga ishonch bilan qaramaydiganlar ham ko'p. Ularga hukumatda 30 yildan beri ishlab yurgan Bekmurodovning gapi shuki, hozirgi burilish jiddiy va bu yo'lda davom etish uchun hamma o'z hissasini qo'shishi kerak.

"Hammamiz tomoshabin bo'lsak, o'zgarishni kim qiladi? Orqaga qaytishimiz mumkin", - deydi rasmiy.

Vatandoshlar O'zbekistonning global maydonda o'z o'rnini topib, xalq va davlat sifatida ko'tarilishi uchun muhim rol o'ynay oladi, deydi Bekmurodov.

"O'zbekistonning umidi shu".

Iyun oyining oxirida Samarqandda vatandoshlar forumi o'tishi kutilmoqda. "El-yurt umidi" jamg'armasi bu borada ma'lumot berishga tayyor.

"El-yurt umidi" jamg'armasi tanlovlari qanchalik haqqoniy?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

"Amerika Ovozi" Toshkentda "El-yurt umidi" stipendiyasi tanlovida qatnashgan va natijani kutayotgan tadqiqotchi Rustam Ashurov bilan gaplashdi. (video quyida)

Nomzod nazarida jarayonni tushunish oson; ariza topshirish, imtihonlar va suhbatlar yaxshi tashkil etilgan. Tanlov, Ashurov fikricha, haqqoniy kechgan, lekin natijaga qarab norozi bo'ladiganlar har doim topiladi.

Anketalar elektron tarzda topshirildi, deya hikoya qiladi yosh olim.

"Boshida internet orqali ariza va hujjatlarni topshirish qiyin kechsa kerak, tashkilot eplay olmasa kerak, deb o'ylagan edik. Lekin hech qanday muammo bo'lmadi", - deydi Ashurov.

"El-yurt umidi" stipendiyasi orqali xorijga otlanayotgan yoshlar bilan suhbat, Toshkent, 26-aprel, 2019
"El-yurt umidi" stipendiyasi orqali xorijga otlanayotgan yoshlar bilan suhbat, Toshkent, 26-aprel, 2019

Islohotlar bobida bu mutaxassis nimalar qilgan bo'lar edi?

Mamlakat oldinga qadam tashlayverishi kerak; islohotlar davom etib, bir ko'lamda emas, serqirra tus olishi lozim, deydi Ashurov.

Xorijda o'qib, malaka oshirib kelgan kadrlar vatanda yangiliklar qila olishi uchun hukumat sharoit yaratish haqida o'ylashi kerak. Mutaxassislar qay jihatdan qiynaladi? Mana shu borada chuqurroq o'ylash kerak. Ularning tashabbus va g'oyalariga ochiq bo'lishi zarur, deydi stipendiyaga nomzod.

"Biz bu yoshlarni chet elga jo'natayapmiz, qaytib kelganidan keyin qanday foydalanamiz"?

Mana shu savol ustida bosh qotirish kerak, deydi Ashurov.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG