Breaking News

Muxolifat: Berdimuhammedov tirikdir lekin og'ir kasal


Prezident Berdimuhammedov (Arxiv)

Turkman televideniyesi Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov haqidagi kuni kecha ko'rsatgan lavha may oylarida tasvirga olingan bo'lishi mumkin. Hozirda prezident jamoatchilikka ko’rinish darajasida sog’lom emasligi iddao qilinmoqda.

Berdimuhammedov tirikmi?
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:07:20 0:00

Berdimuhammedov vafot etgani haqidagi xabarlar o'tgan kunlar ichida keng tarqalib, shov-shuv uyg'otdi. Turkman yozuvchisi Ak Velsapar fikricha, prezidentning salomatligi har holda og’ir va televideniye jamoatchilikni tinchlantirish uchun eski lavhalardan foydalanishga majbur bo’lgan.

Turkmaniston prezidenti o’lgani haqidagi xabarlar 20- iyuldan boshlab tarqalgan edi. Bir kun o’tib turkman diplomatlari bu xabarni inkor etishdi, ammo Berdimuhammedovning ko’rinish bermagani mish-mishlarni yanada avj oldirdi.

Tez o'tmay turkman televideniyesi Ashxobodda Berdimuhammedov uchrashuvlar o'tkazdi deya xabar berdi. Shuningdek, telefon orqali O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan gaplashdi, degan axborot ham uzatildi.

Lekin u informatsiya ham Berdimuhammedov salomatligiga doir shubhalarni kamaytirgani yo’q. Turkman faollari taxminicha, ko'rsatilgan videolar yozning jaziramasida emas, bahor oylarida tasvirga olingan.

Berdimuhammedov o’lgani haqidagi dastlabki xabar xorijdagi turkman yozuvchisi, muxolifat faollaridan biri Ak Velsaparning Ashgabatdagi manbalariga tayanib tarqaldi.

Ak Velsaparning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Berdimuhammedovning o’limiga doir ilk xabarga prezident qo’riqchilari xizmatiga yaqin manbadan kelgan. Aynan shu manba keyinchalik Berdimuhammedov ikki kun davomida xushsiz yotgani, yarim koma holatini boshdan kechirgani, bu davrda esa prezident xizmati va hukumat amaldorlari o’rtasidagi aloqa mutlaqo uzib qo’yilganini ma’lum qilgan.

Ak Velsapar Berdimuhammedovning sog’lig’i hamon og’ir, jamoatchilikka ko’rinish berish darajasida emas, deya ishonadi.

“Turkman televideniyesi nafaqat o’z tomoshabinlarini balki xalqaro jamoatchilikni ham laqillatmoqda, chunki prezident rasman hali ta’tilda, biroq shunga qaramasdan u Ashgabat hokimitining taklifiga binoan hukumat uyiga tashrif buyurgani ko’rsatildi. 40-50 darajadagi jaziramaga qaramasdan prezident kostyumda, avvalgi syujetlarda esa u yengil ko’ylakda ko’rsatilayotgan edi. Bundan tashqari hukumat uyi oldidagi manzaraga diqqat qaratilsa, daraxtlar yam-yashil, jazirama paytlari daraxtlar Turkmanistonda bunday ko’rinishda bo’lmaydi. Bu lavha shu yilning aprel-may oylarida suratga olingan. Uni endi jamoatchilikni tinchlantirish uchun efirga uzatishmoqda ”, - deydi Ak Velsapar.

Aprel, 2017-yil
Aprel, 2017-yil

Berdimuhammedovning o’lgani haqidagi xabarlar uning jarrohlik amaliyotidan omon chiqmaganiga asoslanayotgan edi. Prezidentning ta’tilga chiqqanini e’lon qilgan turkman matbuoti Berdimuhammedov dam olish paytida shifobaxsh o’simliklarga oid kitobini yozib tugatdi, deya bong urgan edi.

“Endi vaziyat bir qaday oydinlashmoqda, uni bir amallab yarim koma holatidan olib chiqishgan, lekin u hali jamoatchilikka ko’rinish berish darajasida emas. Shu bois ham televideniye avval suratga olingan, qandaydir sabablarga ko’ra e’lon qilinmagan lavhadan foydalanmoqda. Mayli, kadrda Berdimuhammedovning jonli gapirmasligiga jamoatchilik ko’nikib bo’ldi, uning nomidan faqat televideniye gapiradi”, - deydi Velsapar.

Berdimuhammedov Turkmaniston prezidentligiga 2007-yilda Saparmurod Niyozovning o’limi ortidan kelgan edi.

Hokimiyatdagi dastlabki yilida demokratik o’zgarishlar va’da qilgan Berdimuhammedov keyinchalik bu qaroridan voz kechib, diktatura rejimini mustahkamladi.

Berdimuhammedov hayot ekan, deydi faollar, mamlakatda boshqa bir muqobil yetakchi bo’lishini tasavvur qilish mumkin emas.

“Bu xabarlar ortidan jamoatchilikda uning o’rnida kim bo’lishi mumkinligi haqidagi mulohazalar paydo bo’la boshladi, chunki u o’z diktaturasiga voris tanlashga ulgurgani yo’q. Ko’pchilik asosiy da’vogar sifatida Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni ko’rsatayotgan edi. Chunki u hukumatdagi barcha guruhlarni qanoatlantiruvchi nomzod. Berdimuhamedovning o’g’li Sardor esa hali hokimiyatni qo’lga olishga tayyor emas”, - deydi Velsapar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG