Breaking News

Oq uy: Kaliforniya va Vashington shtatlarida koronavirus sekinlashgan


San-Fransisko ko'chalarida

Pandemiyaga qarshi kurash bo'yicha komissiya tahlilicha, amerikaliklarning uyda o'tirib, o'zini ehtiyot qilishga harakat qilayotgani samara bermoqda.

Chikago, Detroyt va poytaxt Vashingtonda koronavirus keng qanot yozayotgani xavotirga molik va bu hududlarga e'tibor oshmoqda, deydi Debra Birx, komissiya koordinatori.

Niqob taqish majburiyat emas, lekin Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi buni tavsiya qiladi. Kasallanganlarning tibbiy to'lovlari bo'yicha imtiyozlar taklif qilinadi va Oq uy har qanday vaziyatda muolaja taklif qilinishini ta'minlaydi, deydi Prezident Tramp.

Davlat rahbarining o'zi niqob taqmochi emas.

"Menga bu yoqmaydi va zarurat ko'rmayapman", - deydi u.

Prezident koronavirus ko'rigidan ikki bor o'tgan va kasallik aniqlanmagan.

Amerikaliklar o'zini himoya qilish uchun taqaversin, deydi Tramp. Sog'likni saqlash vazirligiga ko'ra, niqoblar jarrohlar taqadigan yoki tibbiy talablarga to'liq javob beradigan xilidan bo'lishi shart emas. Og'iz va burunni yopadigan mato, uyda tikilgan yoki do'konlardan olish mumkin bo'lgan niqob ham yaroqli, deydi mutaxassislar. Muhimi, qo'llar yuvilsin, gigiyenaga rioya qiling.

Odamlardan uyda o'tirishni talab qilish gubernatorlarga bog'liq, deydi Tramp. Oq uy bu borada farmon chiqarmaydi. Hozirda AQShning 90 foizida mahalliy rahbarlar aholining tashqariga chiqmasligini buyurgan. Ovqat, dori va o'ta zarur xizmat uchungina ko'chada yurish mumkin.

Oq uy, 3-aprel, 2020
Oq uy, 3-aprel, 2020

Nima uchun pandemiyaning oldini olish uchun o'z vaqtida chora ko'rmadingiz?

Prezidentga har kuni berilayotgan bu savolga bugun Tramp shunday javob berdi:

"Pandemiya qanchalik xavfli ekanini bilamiz. E'tibor berdik va chora ko'rdik. Lekin har qancha tayyorgarlik ko'rsangiz ham tahdid ko'lamini oldindan aniq ko'rish qiyin... Buning ustiga bizdan oldingi rahbarlar pandemiyaga qarshi kurash borasida biror ish qilmagan. Biz zarur vositalarni tayyorlashimiz, virusga qarshi kurashni har jihatdan samarali olib borishimiz uchun vaqt kerak bo'ldi".

Biroq jarayonni tahlil qilib kelayotgan mutaxassislar nazarida, Oq uy koronavirus Amerikaga yaqinlashayotgani va tezlikda yoyilib ketishini bila turib, jiddiy chora ko'rmadi va mart o'rtalariga kelib, masala birinchi o'ringa chiqdi.

Trampdan oldingi prezident Barak Obama davrida pandemiyaga qarshi kurashga boshchilik qilgan Syuzan Rays, davlat xavfsizligi bo'yicha sobiq maslahatchi, Oq uyni xalq manfaatlariga befarqlikda, nafaqat salomatlik balki barqarorlik talablariga loqaydlikda ayblaydi.

Nyu-Yorkda hukumatdan tibbiy vositalar talab qilayotgan xodimlar
Nyu-Yorkda hukumatdan tibbiy vositalar talab qilayotgan xodimlar

Tramp deydiki, bugun hukumat amerikaliklarni himoya qilish uchun bor kuchini ishga solmoqda. Tibbiy ehtiyojni qondirish - birlamchi vazifa, deydi prezident, har jihatdan.

Iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun tezlikda chora ko'rildi, deydi prezident. Kongress ma'qullagan 2,2 trillion dollarlik ko'mak har bir sektor va har bir amerikalikka madad berishi kerak. O'tgan uch haftada 10 million amerikalik ishsiz ekanini da'vo qilib, hukumatdan yordam so'ragan.

Ayni damda AQShda koronavirusni yuqtirganlar 262 mingga, o'lganlar soni esa 7000 ga yaqinlashgan. Tuzalganlar qairyb 9500.

Dunyo bo'ylab kasallik aniqlanganlar 1 milliondan oshgan, undan vafot etganlar 58 mingdan ziyod. Tuzalganlar 226 mingga yaqin.

Amerika virusni yuqtirish bo'yicha birinchi o'rinda, o'lganlar soni jihatidan esa Italiya. U yerda qariyb 15 ming odam jon bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG