Breaking News

O'zbekiston xususiy sektorida nima gaplar?


2016-yildan beri O'zbekiston xususiy sektori qanchalik o'zgardi? Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti bu borada respublikadagi tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

Savdo va ta'lim sohasida sarmoya qilib, o'z bizneslarini yuritadigan Hikmat Abdurahmonov nazarida hozirda davlat xususiy sektorga kamroq aralashmoqda. Konvertatsiya masalasi ham muammo emas. 5-6 yl oldin valyuta savdosi doimiy boshog'riq edi.

"Oldinlari hukumat xususiy sektorida total hukmronlik qilar edi", - deya eslaydi ishbilarmon.

Abdurahmonov fikricha, endilikda asosiy vazifa - ishga e'tibor berish, raqobat maydonini o'rganib, oldinga intilish.

Tadbirkor Amerika va umuman G'arbda o'rganganlari va orttirgan tanishlari uning biznes faoliyatida beqiyos yordam berganini aytadi.

Bozorda muhim o'rinni egallash, Abdurahmonov uchun, bugungi kundagi prioritet.

Hukumatdagi o'zgarishlar iqtisodiyotda har doim ham katta o'zgarishlarga yetaklamaydi. Tizimda boshqaruvchilr yangilanib, yoshlar kelgani muammolarga barham berish uchun yetmaydi. Ayrim sohalarda yangiliklar salmoqli, boshqalarida esa o'sha-o'sha, deydi tadbirkor.

Boshqa ishbilarmonlar tahlilicha ham bir-biridan murakkab masalalarni hal etish vaqt, iroda va iqtidor talab qiladi. Ammo xususiy sektorga erkinlik berish, imtiyozqlar taklif qilish va bizneslarni quvvatlash har qanday davlatda taraqqiyotga yetaklaydi.

Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiladigan "Teodora Goods" kompaniyasi asoschisi va rahbari Dora Atajanova o'z biznesini tanishtirar ekan, ishlab chiqaruvchilar chet eldagi xaridorlarni bog'lovchi "Dalatek" mobil tizimini tushuntirdi.

Turli vazirliklar va agentliklar bilan hamkor Atajanova fikricha, O'zbekiston uchun bizneslar, iste'molchi, xaridor, sherik va imkoniyatlar haqida ma'lumotlar manbaini yaratish nihoyatda muhim. "Dalatek" shu maqsadda ishga solingan.

Atajanova qishloq xo'jaligidan chiqqan mutaxassis emas. Malayziyada o'qib, tajriba orttirgan, shuningdek, uning aytishicha, otasi 1990-yillarda import-eksport yo'nalishida ishlagan va qiziga ilhom bergan.

Germaniyada tahsil olgan biznes maslahatchi va tadbirkor Anvar Irchayev nazarida kichik va o'rta bizneslar iqtisodiyotning hal qiluvchi bo'laklari bo'lib, uning xilma-xillashishi va kengayishida chuqur ahamiyat kasb etadi.

Forumda O'zbekistondan qatnashgan tadbirkorlar pandemiya davri qiyin kechganini tan oladi, ammo ular respublikadagi bugungi sharoitdan jiddiy shikoyat qilmaydi
Forumda O'zbekistondan qatnashgan tadbirkorlar pandemiya davri qiyin kechganini tan oladi, ammo ular respublikadagi bugungi sharoitdan jiddiy shikoyat qilmaydi

Hozirda yuzlab million dollarlik bizneslarda ulushga ega Irchayev startaplar, qishloq xo'jaligi va ko'chmas mulkka sarmoya qilayotganini aytadi. Uningcha, moliya sektori va bank tizimida muammolar ko'pligiga qaramasdan, bu sohada potensial yuqori.

"Moliya bahosi O'zbekistonda nihoyatda yuqori. Dunyoda u 0 ga yaqin, ammo bizning mamlakatda buning aksi", - deydi Irchayev.

Davlat monopoliyasi bo'lgan sohalarda o'sish past. Bu tarmoqlar erkinlashmasa, iqtisod ham ildamlamaydi.

Irchayev nazarida telekommunikatsiyani rivojlantirish ham ulkan imkoniyatlar ochishi mumkin.

'Korzinka" supermarketlari asoschisi, yirik tadbirkor Zafar Hoshimov deydiki, o'tgan besh yilda mamlakat soliq tizimi yangilandi va tashqi dunyo bilan savdo kengaydi.

"Umuman olganda, men yanayam katta o'zgarishlardan umidvorman va harakatdamiz", - deydi Hoshimov bugungi vaziyatni baholar ekan.

"Xususiy biznes nima ekanini bugun hukumat yaxshiroq tushunadi. Tizim ochilgan, hamkorlikka va muloqotga moyil. Islohotlar ish berishini xohlashadi".

Bozor erkin bo'lishidan davlat va xalq qanchalik manfaatdor ekani hozirda yanayam ayon, deydi Hoshimov. Raqobat maydoni kengayishi, bozordagi xilma-xillik, uningcha, ijobiy holatlar. "Korzinka" do'konlari ko'paygan. Kompaniyaga Yevropada Tiklanish va taraqqiyot banki sarmoya qilgan. Hoshimov xorijiy investorlar bilan hamkorlikdan mamnun.

Xususiylashtirish, bu ishbilarmon ta'biricha, tizim uchun o'ta nozik sinov. Davlat o'z qo'lidagi mulklarni sotishga tayyor ekani yaxshi, deydi u, lekin xususiylashtirish jarayoni qanchalik oshkora, shaffof va adolatli bo'ladi, mana shu omillar ko'p narsani hal qiladi.

"O'zbekiston iqtisodiyotida davlat hamisha juda katta rol o'ynab kelgan. Xususiylashtirish uni iqtisoddan chiqarishi kerak, chunki davlatga unda o'rin bo'lmasligi kerak", - deydi Hoshimov.

Hikmat Abdurahmonovga ko'ra, xususiy kompaniyalar ko'payishi va xususiy sektorning kengayishi korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo'li.

U yana bir narsa urg'u beradi: xorijiy sheriklar bilan ishlashda nafaqat kapital, balki texnologiya va tajriba ham yuqori o'rinda turadi.

Dora Atajanova uchun chetdan yordam grantlar shaklida kelgani ma'qul, ayniqsa agar ular xotin-qizlar ishlaydigan bizneslarni quvvatlamoqchi bo'lsa.

Forumda O'zbekistondan qatnashgan tadbirkorlar pandemiya davri qiyin kechganini tan oladi, ammo ular respublikadagi bugungi sharoitdan jiddiy shikoyat qilmaydi. Bu tadbirkorlar qo'shni davlatlarga ham kengayish niyatida.

Qo'shni Tojikistondan turib, O'zbekistonda biznes qilayotgan Alif banki asoschisi Zuhursho Rahmatullayev ham respublikadagi vaziyatdan rozi.

"Kompaniyamiz shu kungacha O'zbekistonda bemalol ishlab, daromad qilib, rejalarni amalga oshirayotgani bu davlatda siyosiy va'dalar bajarilayotganidan dalolat", - deydi Rahmatullayev.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG