Breaking News

O’zbekiston iqtisodi inqirozdan chiqib olishga qanchalik tayyor?


Prezident Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida, 13-oktabr, 2020
Prezident Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida, 13-oktabr, 2020

2021-yilda O’zbekiston iqtisodiyoti pandemiya inqirozidan chiqib olishi eksport va sarmoya oqimi tiklanishini taqozo etadi. Iqtisodiy rivojlanish istiqboli, jumladan, xususiy tadbirkorlikka yo’l ochilishi, sarmoya muhiti, biznes uchun teng imkoniyatlar, inson kapitaliga nisbatan munosabatga bog’liq, deyiladi Jahon banki ekspertlarining Markaziy Osiyo iqtisodiga oid tahlilida.

Xususiy tadbirkorlik iqtisodiy rivojlanishning bayroqdori bo’lishi ta’kidlanar ekan, sarmoya muhiti yaratilishida, tadbirkorlik va sarmoyadorlarga imkoniyat berilishida mahalliy hukumatlar davlatga yoki siyosiy elitaga qarashli kompaniyalar manfaatlarini himoyalashdan ehtiyotkorlikka chaqiriladi.

Avvalroq Jahon banki tomonidan e’lon qilingan hisobotda koronavirus pandemiyasi Markaziy Osiyo iqtisodi uchun so’nggi chorak asrdagi eng yirik inqiroz ekanligi, 2021-yilga kelib ham mintaqada iqtisodiy o’sish ko’rsatkichi 3 foiz atrofida bo’lishini taxmin qilgan edi.

AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan pandemiya inqirozining Markaziy Osiyoga ta’siri yuzasidan muqaddam tayyorlangan tadqiqotda eksport va sarmoya hajmi tiklanishi sharti bilan O’zbekiston iqtisodi bir qadar tezroq o’nglanishi mumkinligi ta’kidlangan edi.

Pandemiya inqirozidan chiqib olish shartlari Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O’zbekiston uchun ham deyarli bir xil: eksport va sarmoya oqimi tiklanishi, xorijdan yuborilayotgan mablag’lar miqdorining oshishi.

Ekspertlar O’zbekiston iqtisodining inqirozdan tiklanishga qanchalik tayyor ekanligi haqida aniq gapirish qiyinligini, bu ko’proq dunyodagi, jumladan Rossiya, Xitoy va mintaqadagi iqtisodiy vaziyatga bog’liqligini aytishadi.

Moliya bo’yicha mutaxassis Saparboy Jubayevga ko’ra, chegaralar ochilib, mintaqaviy hamkorlik qo’llab quvvatlanayotgani O’zbekiston iqtisodi uchun yangi imkoniyatlar berdi.

“Ammo gap ichki iqtisodiy islohotlar haqida ketadigan bo’lsa, hali ancha ishlar qilinishi kerak. Ayniqsa bank, moliya, sarmoya muhitini shakllantirish, monopollik, davlat korxonalari, mulki, elita manfaatlariga doir ahvol har doim ham shaffof emas. So’nggi paytda O’zbekistonda shubhali bo’lgan investorlar ko’paydi. Mayli, ular xorij orqali kirib kelayotgan, ma’lum obyektlarga sarmoya tikayotgan o’zbek boylaridir. Ammo bu jarayon hamma uchun ochiq, teng bo’lsin, shubhali sarmoyalarning manfaati hokimiyatdagilar, qudratdagilar tomonidan himoya qilinmasin”, - deydi ekspert.

O’zbekistonda tadbirkorlarning aksariyat muammosi hokimiyat, davlat idoralari tomonidan qo’yilgan turli to’siqlarga borib taqaladi. Tadbirkor, investorning bu to’siqlardan o’tishi, faoliyat boshlashi ham aksariyat hollarda imzolangan bitimlarga emas, shu idoralar bilan kelishishga bog’liq.

Saparboy Jubayev nazarida qonunchilik, me’yoriy hujjatlarning tegishli ravishda sodda, aniq tuzilmagani, turli ilovalar bilan to’ldirilishi bir tomondan tadbirkorga qiyinchilik tug’dirsa, boshqa tomondan amaldorlarga qo’shimcha dastak beradi.

O’zbekistonda yaqinda ish boshlagan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, so‘nggi to’qqiz oy ichida 647 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib, jinoiy jazoga tortilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning aksariyati ijtimoiy sohalarga, sog’liqni saqlash, xalq ta’limiga to’g’ri keladi. Tadbirkorlik, investorlar va sarmoya muhiti, iqtisodiy jinoyatlar bilan bog’liq javobgarlik holatlari statistikasi juda kam.

O’zbekistonga sarmoya kiritib, yirik summaga kuygan, mol-mulki musodara qilingan investorlar ko’p topiladi. Aksariyati sobiq tuzum davrida kuzatilgan bu holatlarning ayrimlari yuzasidan xalqaro miqyosda mahkama jarayonlari ham bo’lib o’tgan. Bu mahkamalar, investorlar huquqi qo’pol buzilishi va mulk daxlsizligi kafolatlanmagani xalqaro maydonda O’zbekistonning sarmoya yotqizish xavfli bo’lgan davlatlar qatoridan joy olishiga sabab bo’ldi.

Iqtidordagi hukumatning asosiy vazifasi, islohotlar maqsadi O’zbekistonni shu ro’yxatdan chiqarishga, sarmoyadorlar uchun jozibali mamlakatga aylantirishga qaratilmoqda.

Hozircha bu harakatlar aniq samara bilan kuzatilgani yo’q. Pandemiya bois yuzaga kelgan inqiroz esa mavjud tashabbuslarning ham keskin cheklanishiga olib keldi. Mahalliy matbuotda sarmoyador, tadbirkorlar to’qnash kelayotgan muammolar haqida muntazam o’qish mumkin.

Mamlakatdagi ommaviy nashrlardan biri “Kun.uz” Germaniyada yashayotgan afg’onistonliklarning O’zbekistonga sarmoya yotqizishi ortidan boshdan kechirgan muammolari haqida yozdi.

Avvalroq esa nashr AQShdan qaytib, O’zbekistonda biznes qilishga qaror qilgan o’zbek tadbirkoriga nisbatan mahalliy hokimiyat tomonidan qo’yilayotgan to’siqlar haqida hikoya qilgan edi.

“Yangi O’zbekiston” shiori bilan hokimiyatga kelgan Prezident Mirziyoyev asosiy diqqatni iqtisodiy islohotlarga qaratdi, ammo hozirgacha bu islohotlar mamlakat iqtisodi jiddiy rivojlanishi, tiklanishi bilan sezilganicha yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG