Breaking News

AQShda elektron to'lov tizimi yaratgan o'zbekistonlik


Xusrav Mahmudov, o'zbekistonlik tadbirkor

“Upaynet” - elektron to’lovni amalga oshirishga xizmat qiluvchi ilova bo’lib, u o’zbekistonlik immigrant tomonidan yaratilgan. Husrav Mahmudov Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelgandan keyin o’zini turli yo’nalishlarda sinagan. "Upaynet" o’zi kabi yangi joyda yangi hayot boshlaganlar uchun kerakli ilova ekanligi bois tadbirkorga qadrli.

Devorda ruhlantiruvchi shior bitilgan bezakdan tortib, malaka oshirish kurslarini bitirganligi to’g’risidagi sertifikatlar osilgan. Javonlarda biznes va shaxsiy o’sish sirlariga bag’ishlangan adabiyotlar. Ish stolini esa rafiqasi va farzandlari ulashgan, ingliz tilida “Jahondagi eng ulug’ ota” deb yozilgan sovg’a-e’tirof bezab turibdi.

Pensilvaniya shtatida yashaydigan o’zbekistonlik immigrant startaper Husrav Mahmudovning ishxonasidamiz.

U 8 yil oldin okean ortiga ko’chib kelib, o’z o’rnini topgan immigrantlardan biri.

“Samarqand shahrida tug’ilganman, yoshim 38 da. Amerikada Filadelfiyada yashayman. Uylanganman, 2 ta farzandim bor. Ota-onam Samarqandda”, - deya o’zini tanishtiradi u.

Husrav Samarqandda fizika-matematika litseyida o’qigan, Samarqand davlat universisteti iqtisodiyot fakultetini bitirgan. Samarqand iqtisodiyot va servis institutidan magistr diplomiga ega.

Bir muddat kollejda talabalarga dars bergan. Magistraturani bitirgach u Samarqandda tadbirkorlik bilan shug’ullana boshlagan.

“2006-yil o’zimning soham, "Paynet" (O’zbekistonda mobil to’lov xizmatini ko’rsatuvchi kompaniya) chiqqanida, kompaniya agentligini Samarqandga birinchilardan bo’lib olib kelganmiz. Keyinchalik informatsion kommunikatsion texnologiyalar bo’yicha ishlab kelganman. Londonda tahsil olib kelgan sherigim, IT mutaxassisi Jafar bilan birga 2010-yil IT kompaniyasi tuzganmiz. Kompaniyamiz davlat tashkilotlariga veb saytlar yaratib bergan. 2013-yil men Amerikaga kelganman”, - deya eslaydi suhbatdosh.

Bugungi kunda u Qo’shma Shtatlarda o’zi ochgan “Upaynet” kompaniyasiga rahbarlik qiladi.

“Mana, “Upaynet”ga kiramiz, mening o’zim shaxsan har oy ota-onamga pul o’tkazaman. Ilovaga kirib gaz-svet pulini to’layman. Samarqandni, Siyob tumanini tanlaymiz. Akauntga kirsangiz ularning qancha miqdorda qarzlari yoki oldindan qilib qo’ygan to’lovlari borligini ko’rishingiz mumkin. Manaб hisoblarida 53 ming so’m bor ekan. Manzillari, ism-shariflari ham chiqadi. Bu sahifani yopamiz va davomiga o’tamiz. Men har oy 10 dollar o’tkazaman, bu 100 ming so’m bo’ladi. Bu to’lovni kartamdan to’lasamб 3-4 sekundda o’tadi. Manaб to’lov o’tdi deb xabar keldi. Juda qulay, hozir biz 8 ta davlatni qo’shganmiz - Amerika, O’zbekiston, Tojikiston, Afg’oniston, Armaniston, Gruziya, Qozog’iston va Qirg’iziston. Yaqin orada 20 ta sobiq sovet mamlakatlari bo’lgan davlatlarni ham kiritmoqchimiz”, - deya tushuntiradi Husrav Mahmudov.

"Upaynet" immigrantlarning og'irini yengil qiladi
"Upaynet" immigrantlarning og'irini yengil qiladi

Husrav Mahmudov uchun olisda qolib ketgan ota-onasi va yaqinlariga g’amxo’rlik qilishni kanda qilmaslik bir qadriyat. Ana shu xislat yer yuzidagi millionlab immigrantlar uchun begona emasligini ham biladi u.

Biznesda yutuqqa erishish uchun shunchaki xizmatni emas, qadriyatni yaratish muhimligiga urg’u bermoqda Husrav Mahmudov.

“Bu kompaniyaga 2016-yil asos solganmiz. Hozir bu kompaniyaning 3 ta davlatda ofisi bor - O’zbekiston, Rossiya va Amerikada. [Kompaniyada] 20 dan ortiq odam ishlaydi. Bizning pltaformada 100 ming kishiga yaqin odam ro’yxatdan o’tgan. Kompaniyamizning asosiy mijozlari immigrantlar hisoblanadi. Immigrantlar uchun bizlar to’lov xizmatini amalga oshiramiz. 80 foiz mijozlarimiz Amerikadan. Shuningdek, yana 60 tadan ortiq davlatlardan turib to’lov qilishadi”, - deydi tadbirkor.

Husravning vatandoshi Daler Hamidov “Upaynet”ning Amerikadagi ko’p yillik mijozlaridan biri.

“Mana shu telefonda aplikatsiyasi bo’lgan “Upaynet” programmasini 2016-yilda bizning vatandoshimiz Husravjon Mahmudov ochgan. Men u kishini ilgari tanimasdim, lekin o’zimning telefonimga [bu ilovani] o’rnatib olganman. 2016-yildan buyon men shu kompaniyaning juda faol mijozi bo’lib kelaman. Hozir AQShning Filadelfiya shahridan turib, har oy o’zimni qarindoshlarimning O’zbekistondagi hisob raqamlariga... telefonlari, internet to’lovlari, elektr energiyasi to’lovlarini to’lab kelaman. Amerikadan turib. Ular bilan har kuni muloqotda bo’lish imkoniyatiga egaman. Buning natijasida ularning xotirlari jam, tinch ular. Bizga nisbatan hech qanday xavotirlarsiz yurishadi. Programma juda qulay. Istagan tilda foydalanishingiz mumkin. Ingliz tili, o’zbek tili, tojik tili, rus tillarida bor. Uning interfeysi juda qulay qilingan. Oxirgi to’lovlarni xotirasida saqlab qoladi. Necha pul to’laganingiz, hisob raqamlarini hammasi bor”, - deya mamnunligini bildiradi mijozlardan biri, filadelfiyalik Daler Hamidov.

“2013-yil Amerikaga kelganimda otamga telefon qilmoqchi bo’lgandim. Telefonda gaplashayotgan paytda otamning telefonlarida pul tugab qolgan. Keyin men shunaqa servis qidirganman, shu yerdan Paynet qilsam deb (mobil to’lovni amalga oshirish nazarda tutilyapti), ammo bunaqa servis topolmaganman”, - deya bunday xizmatga ehtiyojni immigratsiyaning boshidayoq sezganini eslaydi suhbatdosh.

Mavjudlarining xizmatidan foydalanish ham qimmat, ham murakkab edi, deydi Husrav. Ustiga ustak, uning ingliz tilini bilmasligi ham bu jarayonni chigallashtirgan.

“O’sha payt men shunday xulosa qilganmanki, o’zim shu sohadan chiqqanman, 2006-yildan beri shu ish bilan mashg’ulman va bir kun kelib shu ishni qilishim kerak, deb o’zimga mo’ljal qilib olgandim. Keyin 2015-yil boshqa proyektlarni ochdik. Shuning ichida “Upaynet” ham bor edi. 5-6 proyektlarim ichidan “Upaynet” yaxshiroq chiqdi”, - deydi Husrav Mahmudov.

Bugungi kunda Husrav ochgan kompaniyaning xizmatidan Qo’shma Shtatlardagi 70 mingga yaqin o’zbekistonlik foydalanib keladi. Tadbirkor loyihasi 5 yil deganda foyda keltira boshlagan.

Ungacha Husrav ham ko’p qatori immigratsiyaning achchiq ta’mini totgan. Ro’zg’or tebratish uchun o’zini to’rt tomonga urgan.

“Kelganimdan keyin bir necha oy ishlamaganman. Ish qidirganman, ammo topolmaganman. Keyin o’zimizning bolalar ochgan avtomoykaga ishga kirganman. “Toyota” dilerlik korxonasining avtomoykasida avtomoyshiklikdan ishni boshlaganman. Oyligi juda past edi. Hamma immigrantlar kabi qiyinchiliklardan o’tganmiz”, - deya Amerikadagi hayotining dastlabki davrlarini eslaydi u.

Yangi hayotidagi har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan u oldinga intilgan. Birin-ketin erishgan yutuqlariga qarab o’ziga ishonchi oshgan. Shundan keyin atrofdagilar unga ishonishgan.

“Birinchi navbatda odam o’ziga ishonishi kerak. Amerika davlati bunday ishonchni beradi. Chunki men O’zbekistonda ishlab yurgan paytlarim tadbirkor edim, 10 ta instansiyadan kelib, har xil bahonalarni qilib, pulimizni olib ketardi. Bu fakt, Amerikada bunaqa narsa yo’q. Men beshta kompaniya ochgan bo’lsam, birontasiga borib, ariza yozib, navbatda turganim yo’q. Hammasi onlayn 5 minut ichida bo’ladigan ish. Amerika shu jihatdan yaxshi sharoit qilib bergan. Har yili millionlab yangi tadbirkorlar to’siqsiz ro’yxatdan o’tadi. Shuning uchun men har bir kompaniyamni ochganimda o’zimga ko’proq ishonganman. Chunki Amerikada nimani qilsam ham natija bo’ladi deganman”, - deydi suhbatdosh.

AQShda "Upaynet" asoschisi - o'zbekistonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:06 0:00

Husrav Mahmudov muhojirotdagi hayotining birinchi kunidan rafiqasi va yaqinlarining qo’llovini his etganini yashirmaydi. Qaysi sohada ish boshlamasin, rafiqasi uning yonida turadi.

2019-yil Husrav boshqa bizneslarini sotib, bor-budini “Upaynet” startapiga yo’naltirishga qaror qilgani oilasining hayot tarziga ta’sir qilmay qo’ymagan. Biroq yangi sinov oilani yanada jipslashtirgan.

“To’g’risini aytaman, men boshida turmush o’rtog’imning bu qarorini qo’llab-quvvatlamaganman, balki unga qarshi chiqqandim ham. Chunki birinchidan, bu biznes haqida tushuncham yo’q edi. Biz bu masalani uzoq muhokama qilganmiz. Biznes qanday kechishi haqida batafsil gaplashgandik. Bu sohadan xabardor emasligim bois u boshlamoqchi bo’lgan biznesni tushunishim qiyin bo’lgan. Bu jarayon turmush o’rtog’im ana shu ish bilan astoydil shug’ullanmoqchi ekanligini va bu ish u uchun juda qadrli ekanligini his qilgunimga qadar davom etdi. Ishi rivojlanaverishi bilan men ham unga ko’proq yon bosa boshladim”, - deya eslaydi uch yil oldingi voqealarni Husravning rafiqasi Saodat Azizova.

Husrav esa startapini yangi darajaga chiqarishini Amerikada orzu qilgan yangi hayot sari tashlagan navbatdagi qadami deb ko’rgan.

“Tadbirkorlik bir nechta narsani birdan beradi. Ozodlik bu. O’zingizga o’zingiz xo’jayin. Hech kim sizga baqir-chaqir qilmaydi. Tadbirkorlik, shuningdek, bu bir nechta oilani boqish degani. Masalan bizning kompaniyada 20 kishi ishlaydi va ularning hammasini ro’zg’ori bor va ular tadbirkorning orqasidan ro’zg’or tutadi. Tadbrkorlik bu - davlatlar uchun katta soliq olib keluvchi insonlar. Tadbirkorlar - ish joyi yaratuvchi insonlar va hokazo. Shuning uchun tadbirkorlikni plyuslari ko’p”, - deydi Husrav Mahmudov.

Uning bu da’volarining bahosi ham baland edi. Ayniqsa immigrant oila uchun. Husravning oila a’zolarini ham masalaning shu tomoni xavotirga solgan.

“Katta pulni yo’qotishimizdan qo’rqqanman. Chunki biznes katta sarmoya talab qilardi. Uni boshlashga nuqul jamg’arilgan pullarimiz yetmasdi. Biz buning uchun ko’p miqdorda qarz va kredit olishimizga to’g’ri kelgan. Mabodo biznes kutilgan natijani bermasa, buncha qarzni qanday qoplaymiz deb xavotirlanganman”, - deydi Saodat Azizova.

Husrav esa uzoqni ko’rib ish boshlaganiga barchani ishontirmoqda.

“Bizda AQShda har qaysi millatdan, har qaysi davlatdan qancha odamlar yashashi xususida ma’lumotlar bor. Ular bir necha millionni tashkil etadi. Bizning bozor juda katta. Bizlar hozir faqatgina “Mobile Top Up” qamrovidagi bozorini olyapmiz, bu 20 milliard dollarlik bozor. Shuning kichik bir foizini egallasak, shuning o’zi bir necha milliard dollarni tashkil etadi. Bu juda katta bozor. Agarda bugundan boshlab umuman immigrantlar kelmaydi desak ham, ancha yillarga yetadigan immigrantlar bor. Chunki menga o’xshagan 30 yoshga to’lgan odam u yoqda qolgan ota-onasi, xotin, bola-chaqasiga doim yordam beradi”, - deya o’z hisob-kitoblarini keltiradi tadbirkor.

Biznes ravnaqini o’ylab, yaqinda Husrav va Saodat farzandlari bilan Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahriga ko’chishgan. Bu - Qo’shma Shtatlarda o’zbekistonliklar eng gavjum yashaydigan ikkinchi shahar.

Oilaning odatiga ko’ra dam olish kunini nonushtatadan so’ng Husrav va Saodat farzandlari bilan oilaviy kino ko’rish bilan boshlashmoqda. Kino tugagach, farzandlarini sport mashg’ulotlariga olib borishdi.

“Turmush o’rtog’im o’z ishini boshlagani bois oilaviy hayotimiz yaxshilandi. U ko’p vaqtini uyda o’tkazishni boshladi. U uydan turib ham ishlayapti. Oiladagi birdamlik kuchaydi. Ko’proq oila davrasida yig’iladigan bo’ldik. Kundalik muloqotlarimiz endi faqatgina kunni kim qanday o’tkazgani atrofida bo’lmayapti. Bu biznes xuddi oilaviydek bo’lib qolgani bois bu jabhadagi har qanday o’zgarishlar ham oila davrasida ochiq gapiriladi. Buni farzandlarimiz ham yoqtirmoqda. Farzandlarimiz otasining ishi ravnaq topayotganidan xursand bo’lishadi. Allaqachon qo’lga kiritilgan va kelajakdagi kutilayotgan yutuqlar, rejalar haqida bolalarimiz bilishadi. Hozir oilaviy hayotimiz ancha yengillashgan”, - deydi Saodat.

Oiladagi xotirjamlik, biznesdagi yutug’idan ilhomlangan Husrav atrofdagilar bilan ham o’z muvaffaqiyat formulasini o’rtoqlashmoqda. Shu maqsadda u “YouTube” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o’z kanal va sahifalarini ochgan.

Endi immigratsiyaga otlanganlarga maslahatini so’raganimizda, Husrav o’z tajribasiga tayanib shunday deydi:

“Men agar O’zbekistondan endi bu yerga kelayotgan bo’lganimda, uchta narsaga urg’u berardim. Birinchi navbatda, odam o’ziga ishonishi kerak ekan, albatta qiyinchiliklar bo’ladi va men ulardan albatta o’taman deb kelishi kerak. Ikkinchisi, Amerikaga biror kasbni egallab kelish kerak ekan. Uchinchisi va nihoyat juda zaruri, ingliz tilini bilish kerak. Agarda odam tilni bilmasdan kelsa, anchagina imkoniyatlarni boy berib qo’yarkan”.

“Pandemiya davrida “Upaynet” kompaniyasi 500 foiz o’sish ko’rsatdi”, deya bo’lishadi Husrav. Unga ko’ra, 300 ming dollar atrofidagi sarmoya, 20 kishilik jamoa va albatta oilasiyu yaqinlari zahmatlari tufayli faoliyat boshlagan kompaniya sinovli kunlarda odamlarga asqatganidan bir darak.

Minglab immigrantlar mobil ilova yordamida olisdagi yaqinlari og’irini yengil qiladi. Ular orasida Amerikada 300 ming kishilik o’zbekistonliklar jamiyati a’zolarining soni ortib borayotgani esa Husrav Mahmudovni yanada ruhlantiradi.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG