Breaking News

Pokiston Afg'onistondan boshqa qochqin qabul qilmoqchi emas


Afg'on qochqinlari lageri, Islomobod, Pokiston

Pokiston hukumatiga ko'ra, u Afg'onistondan boshqa qochqin qabul qila olmaydi. Islomobod xalqaro hamjamiyatni bu borada ogohlantirib, notinch qo'shnisining fuqarolariga yordamni oshirishga undamoqda.

Tolibon, boshqa kuchlar va hukumat orasida janglar qizir ekan, Afg'onistondan qochayotgan odamlar soni ko'payishi kutilmoqda.

Pokistonda azaldan afg'on qochqinlar ko'p. Ayni damda qariyb 3 million afg'on u yerda yashaydi. 1980-yillardan beri ikki davlat orasida qochqinlar oqimi tinmaydi.

“Biz yordam berishda davom etamiz, ammo yangilarini qabul qilishga imkonimiz yo'q. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Afg'onistonning o'zida sharoitni tayyorlashi kerak", - deydi Pokiston rahbarining Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Moyid Yusuf "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Pokistondagi qochqinlar
Pokistondagi qochqinlar

BMT Qochqinlar idorasi afg'onlar uchun yangi lagerlar qura boshlashi kerak, deydi rasmiy.

Hozirda Pokiston va Afg'oniston chegarasida ikki o'tish punkti bor. Biri Baluchistonning Chaman degan joyida, ikkinchisi esa To'rxamda, Xaybar Paxtunxava hududida. Orada bir necha savdo postlari ham mavjud.

2640 kilometrlik chegaraning 90 foizga yaqini Pokiston armiyasining bevosita nazoratida hamda ichki ishlar iznida.

Islomobod qochqin degan maqom bilan uning hududiga Afg'onistondan terrorchilar va man etilgan guruhlarning a'zolari o'tayotganidan xavotir bildirib keladi.

Pokistondan chiqqan toliblar Afg'onistonning toliblaridan farq qilishi aytiladi. Ammo, hukumatlarning o'zi ularni ajratishga qiynaladi.

Islomobod nazarida Afg'onistonda vaziyat yanada og'irlashsa, Hindiston ham vaziyatdan foydalanib, Pokistonga zarar yetkazishga urinishi mumkin.

Pokistondagi afg'onlar
Pokistondagi afg'onlar

"Shunday harakatlar borligiiga bizda isbot bor", - deydi Moyib Yusuf. "Qochqinlar oqimi kengaysa, Hindiston ularni bizga qarshi qo'llashi mumkin yoki bu davlat odamlari qochqinlar orasida kirib kelishi mumkin".

Pokiston harbiy va razvedka qo'mondonlari yaqinda parlamentga hisobot berar ekan, Afg'oniston yana bir fuqaro urushi arafasida, degan.

Bosh vazir Imron Xon ham yaqinda G'arb matbuotiga intervyuda Afg'onistondan boshqa qochqin kiritilmaydi, deya qayd etgan.

BMT Qochqinlar agentligi Pokiston bilan ishlayotganini bidirib, Afg'onistondan qochayotganlar ko'payar ekan, yangi strategiya zarur, deya eslatmoqda.

Pokistonga ko'ra, bu davlat qochqinlar bo'yicha BMTning biror konvensiyasiga a'zo bo'lmasa-da, o'nlab yillardan beri hamkorlik qilayotganini ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG