Breaking News

Tolibondan qochayotgan afg'onlar harbiy bazada joylashadi


Minglab afg'onlar yillar davomida AQSh harbiylari bilan ishlagan

Afg'onistondan AQShga yaqin kelajakda 2500 afg'on olib kelinadi. Ular Virjiniya shtatidagi Fort Li harbiy bazasiga joylashtiriladi. Davlat departamenti va Pentagon bu ma'lumotni tasdiqladi.

Olib kelinadiganlar orasida qariyb 700 nafari AQSh harbiylariga tarjimonlik qilganlar va boshqa sohalarda ishlaganlar. Bazadan turib, bu insonlarga doimiy tururjoy izlanadi va ular astalik bilan mamlakatning boshqa qismlariga ko'chadi.

Kelayotganlar Maxsus immigrant vizasiga topshirganlar va uni olish arafasida turganlar, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays.

“Bu afg'onlar va ularning oilalari AQShga ishlagani aniq va tekshiruvlardan o'tishgan", - deydi rasmiy.

Pentagon madad kutayotgan afg'onlar ko'pligini tan oladi va ularni AQShga olib kelish vaqt talab qilishini eslatadi.

Bazada ular uzoq qolmaydi, deydi mutasaddilar, kelishi bilanoq yangi jamiyatga o'rgana boshlashi kerak bo'ladi, chunki yangi joylarga tarqaladi.

Fort Li harbiy bazasi, Virjiniya shtati
Fort Li harbiy bazasi, Virjiniya shtati

Amerika harbiylari 31-avgustgacha Afg'onistondan butkul chiqib ketishni rejalayotgan bo'lsa, o'sha paytgacha taxminan 18 ming afg'on ham bu mamlakatga olib kelinishi kerak. Aks holda ularning hayoti xavf ostida. Qudratini har kuni namoyish etib turgan Tolibon birinchi navbatda ularni jazolashga bel bog'laganini ta'kidlab keladi.

Boshqa harbiy bazalar ham ular uchun ochilishi mumkin.

4000 afg'on esa boshqa davlatlarga vaqtincha olib borilishi kutilmoqda. Bu borada Qozog'iston, Tojikiston, O'zbekiston bilan muloqot ketayotgani aytiladi. AQSh bu afg'onlar uchun, ular viza kutar ekan, 90 kun davomida xarajatlarni qoplaydi, jumladan yegulik, kiyim-kechak va boshqa zaruratlarni.

Demokrat senator Jinni Shahin yangilikdan mamnun.

“Bayden ma'muriyati biz uchun mehnat qilganlarni qadrlayotganidan xursandmiz", - deydi u.

“AQSh bilan hamkorlik qilganlarni quvvatlash biz o'z so'zimizda turishimizni anglatadi, do'stlarni unutmaymiz", - deydi Shahin. "Va'dada turmaslik xavfsizlik nuqtai nazaridan ham xato bo'ladi".

Fort Li AQSh armiyasi uchun uchinchi eng yirik trening inshooti. Bazada, shuningdek, 27 ming harbiy oiladi bilan yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG