Breaking News

AQSh Afg’onistondagi harbiy missiyani 31-avgustgacha tugatadi


Prezident Jo Bayden Afg’onistondagi harbiy missiya 31-avgustgacha yakuniga yetishini e’lon qilib, bu mamlakat siyosatchilarini fuqarolik urushini bartaraf etish uchun bir yoqadan bosh chiqarishga undamoqda.

“Biz Afg’onistonni qayta qurish uchun u yerga borganmiz. Afg’oniston rahbarlari birlashib, kelajak tomon qadam tashlashi darkor”, - dedi Bayden Oq uydan qilgan murojaatida.

AQSh Afg’onistonda harbiy yo’l bilan tinchlikka erishib bo’lmasligiga, harbiy g'alaba imkonsiz ekaniga urg’u bermoqda.

“Amerika yana minglab o’g’il-qizlarini urushga jo’natib, ularning hayotini xavf ostiga qo’yishga tayyormi? Natija o’zgarmasligi ayon ekan, amerikaliklarning yana bir avlodini urushga yubormayman, - deydi Bayden tanqidchilarga qarata. – Afg’onlar o’z mamlakatlari kelajagini o’zlari hal etishsin”.

O’tgan 20 yil ichida 300 ming nafar afg’on askari AQSh tomonidan harbiy treningdan o’tkazilgan va jihozlangan. Prezident Jo Bayden shu bois bu armiya mamlakatni Tolibondan himoya qila olishiga ishonch bildirdi.

Afg’onistondagi missiya yakunlanishi aprel oyida e’lon qilingan edi. Amerika askarlarining 90 foizi allaqachon mamlakatni tark etgan.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining aytishicha, Vashington afg’on mojarosini hal qilish bo’yicha diplomatik muzokaralarni qo’llab-quvvatlaydi, gumanitar ko’mak davom etadi.

Askarlarni ortga qaytarish rejasi tatbiq etilishi bilan mamlakatda zo’ravonlik sur’ati oshishini kutgan edik, deydi Psaki. Sobiq prezident Donald Tramp qo’shinlarni olib chiqishga rozilik berib, 2020-yilda Tolibon bilan kelishuv imzolagan. Unga amal qilmaslik AQSh harbiylariga nisbatan hujumlar oshishiga olib kelgan bo’lardi, deydi u.

AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistonni tark etishi ortidan mamlakat yana xunrezlik girdobiga tortiladi degan xavotirlar oshgan. AQShning Afg’onistondagi generali Skott Miller fuqarolik urushi haqida ogohlantirmoqda.

1-maydan buyon Tolibon Afg’onistondagi 400 tumandan kamida 150 tasini bosib olgan. Afg’on harbiylari qochishi yoki taslim bo’lishi natijasida AQSh yetkazib bergan qurol-yarog’ va harbiy texnika jangarilar qo’liga tushmoqda.

Kuni-kecha toliblar Badg’is viloyati poytaxti Qal’ai-Nav shahrida ham hukumat kuchlari bilan jangga kirishdi. Rasmiylar va aholi vakillarining aytishicha, jangarilar shaharda xavfsizlik inshootlarini, jumladan, viloyat politsiya boshqarmasini bosib olgan, qamoqxonadan 600 mahbusni ozod etgan.

Bag’dis hokimi Hesamuddin Shamsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, toliblar o’tgan kunlar ichida Qal’ai-Nav atrofidagi barcha tumanlarni bosib olgani ularga poytaxtga hujum uyushtirish imkonini bergan.

Prezident Baydenning ta’kidlashicha, AQSh Afg’onistonda barqarorlik va xavfsizlik o’rnatishda yordamlashishga va’da bergan va bu va’dani bajaradi. Kobulga gumanitar va boshqa turdagi ko’mak davom etadi.

Fuqarolik urushida afg’onlar o’limi uchun AQSh javobgarlikni o’z zimmasiga oladi, degan da’voni Bayden qat’iyan rad etdi.

“Afg’on xalqi qanday hukumat xohlashini o’zi hal qiladi”, - deydi prezident.

Murojaat ketidan jurnalistlar savollariga javob berar ekan, AQSh rahbari Tolibon mamlakatni egallab olishi muqarrar degan taxminlarni ham rad etdi. Ammo, Baydenga ko’ra, Afg’onistonni kelajakda yagona markaziy hukumat boshqarishi amri mahol.

Bayden deydiki, Afg’onistondagi asl missiya terrorchilarning bu mamlakatni AQShga hujum qiladigan bazaga aylantirishini bartaraf etish edi va bu missiya bajarildi.

O’tgan hafta AQSh harbiy kuchlari 20 yil davomida foydalanib kelgan eng yirik inshootlardan biri, Bagram aviabazasini tunda tark etdi. Afg’on qo’mondonlari bu haqda oldindan xabardor qilinmaganidan shikoyat qilmoqda.

Ularning aytishicha, xorijiy askarlarning to’satdan chiqib ketishi oqibatida va afg’on kuchlari yetib kelgunga qadar baza mahalliy aholi tomonidan talon-taroj qilingan.

AQSh rasmiylariga ko’ra esa Bagram va boshqa bazalar afg’onlar qo’liga o’tishi afg’on rahbarlari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG