Breaking News

AQSh Shinjondan mahsulot importini taqiqlamoqchi


Uyg'urlar saqlanayotgan, Xitoy kasb-hunar markazlari deb ta'riflaydigan inshootlardan biri, Shinjon, noyabr 2019

AQSh Vakillar palatasi Xitoyning Shinjon viloyatida majburiy mehnat hisobiga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishni taqiqlash to’g’risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

406-3 ovoz bilan qabul qilingan hujjat to’liq yoki qisman Shinjon-uyg’ur avtonom hududida ishlab chiqarilgan tovarlarni odamlarni zo’rlab ishlatish mahsuli deb belgilaydi. AQSh Bojxona va chegara xizmati “aniq va ishonchli dalillar asosida bunday emasligini aniqlay olgan hollar” bundan mustasno.

“1,8 milliongacha uyg’ur va aksariyati musulmon bo’lgan ozchilikdagi boshqa guruhlar vakillari lagerlarda saqlanib, majburiy mehnat, qiynoq, siyosiy tahdidlar va boshqa huquqbuzarliklarga duchor bo’lmoqda”, - deydi Jim Makgovern, loyihani olg’a surayotgan demokrat kongressmen.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining ta’kidlashicha, qonun loyihasi ovozdan o’tgani Pekinga signaldir, ya’ni “huquqbuzarlik darhol to’xtashi kerak”.

Hujjat Senatda ham ovozdan o’tib, Prezident Donald Tramp uni imzolasa, qonunga aylanadi.

“Palatada ma’qullanganidan xursandman. Senatda ham ovozdan o’tishiga umid qilayapman. Boshqa senatorlar bilan maslahatlashyapmiz”, - deydi senator Kris Van Xollen.

Sentabr boshida AQSh Bojxona va chegara xizmati majburiy mehnatni sabab qilib ko’rsatib, Shinjondan paxta, kiyim-kechak, soch vositalari, kompyuter qismlari va boshqa mahsulotlar importini taqiqlagan edi.

Agar loyiha qonunga aylansa, Shinjonda ishlab chiqarilgan mahsulotlari majburiy mehnat mahsuli emasligini isbotlash kompaniyalarga yuklatiladi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi o’tkazgan izlanishga ko’ra, dunyo paxtasining 20 foizi Shinjonda ishlab chiqariladi. Qonun AQSh kiyim-kechak sanoatini ostin-ustun qilishi, ta'minot tizimlari uzilishi mumkin.

AQSh Savdo palatasi hujjat qonuniy savdoga to’siq bo’ladi, deya uni qoralamoqda.

Pekin Shinjonda odamlar xo’rlanayotgani haqidagi da’volarni rad etadi. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin deydiki, uning mamlakati “majburiy mehnatga qarshi qat’iy pozitsiya egallab, uni har qanday shaklda yo’q qilgan”.

Xitoy o’tgan hafta taqdim etgan tahlilnomaga ko’ra, 2014-yildan buyon Shinjonda ish bilan ta’minlanganlar soni 11,3 milliondan 13,3 millionga, ya'ni 17 foizga oshgan. Ushbu raqam, deydi kuzatuvchilar, mehnat lagerlarida qancha odam saqlanayotganini bilvosita tasdiqlab turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG