Breaking News

Millionlab o'smir qizlar homiladorlik oqibatida aziyat chekmoqda


BMT Aholishunoslik jamg’armasining qayd etishicha, dunyo bo’ylab voyaga yetmagan 7,3 million qiz farzandli bo’ladi, ulardan ikki million hali 14 ga ham kirmagan.

O'smir qizlar-homiladorlik-global muammo-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00
Yuklab oling

Farzandli bo’lish har bir oila, ayniqsa ayol uchun baxt. Ammo dunyoning ko’pgina mamlakatlarida voyaga yetmagan qizlar homiladorlik va tug’ruq bilan bog’liq jiddiy muammolardan aziyat chekadi va ko’p hollarda jon beradi.

BMT chiqargan yangi hisobotga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda har kuni yoshi 18 ga yetmagan 20 ming qiz farzand ko’radi. Tug’ruq paytidagi qiyinchiliklar sababli 70 ming ona nobud bo’ladi. Omon qolganlar turli kasalliklarga duchor bo’lishi va hatto nogiron bo’lib qolishi ehtimoli katta.

Jenevada asoslangan agentlik rahbari Alanna Armitej deydiki, muammo o’smir qizlarning turmushga erta chiqishi va jinsiy hayotni barvaqt boshlashida. Ular ko’p hollarda bunga majburlanadi, deydi mutaxassis.

15 ga kirmagan qizlar orasida homiladorlik yoki tug’ruq paytida o’lish hollari yoshi kattaroq ayollarga qaraganda ikki baravar ko’proq uchraydi.

“18 ga kirmagan har 10 ayoldan to’qqiz nafari turmush qurgach homilador bo’ladi. Kuniga 39 ming qiz huquqi poymol qilingan holda majburan turmushga beriladi. O’n qizdan to’qqiz nafari 15 ga kirmay turib uzatiladi. Oila, jamiyat va hukumatning bunga munosabati o’zgarmas ekan, bu amaliyot davom etaveradi,” - deydi BMT rasmiysi.

Masalaning iqtisodi zarar ham katta. Xitoydek yirik jamiyat yalpi ichki mahsulotining 1 foizi, Uganda esa 30 foizini yo’qotadi. Agar Keniyada o’smirlar homilador bo’lish o’rniga ishlaganida, mamlakat iqtisodi yiliga 3,4 milliard dollar foyda ko’rgan bo’lardi.

Har bir mamlakatda qishloq qizlari orasida erta homiladorlik hollari shaharlarga qaraganda kengroq tarqalgan.

Bu ma’noda eng katta ko’rsatkichlar Afrika va Janubiy Osiyoda qayd etiladi, deydi Aholishunoslik jamg’armasi rasmiysi Lyuk de Bernis.

“Afrika mamlakatlari bir-biridan farq qiladi. Ammo hammasida qizlar huquqlari birdek himoya qilinmagan. Masalan, Keniya va Ugandada abortlar juda ko’p tarqalgan. Demak, onalar orasida o’lim hollari ham katta. Abortlarning kattagina qismi aynan yosh qizlarga to’g’ri keladi,” - deydi u.

Yosh qizni homilador bo’lishda ayblash bilan ish bitmaydi, deydi mutaxassis. Ahloqqa e’tibor muhim, ammo boshqa zarur qadamlar ham tashlanishi kerak.

BMT berayotgan tavsiyalar orasida eng asosiysi – qizlarni o’qitish. Shuningdek, ularni voyaga yetmay turib uzatmaslik hamda homiladorlikdan saqlanish yo’llarini o’rgatish va zarur vositalar bilan ta’minlash kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG