Breaking News

Hisobot: Xitoy - jurnalistlar hayoti uchun xatarli mamlakat


Xitoydagi qishki olimpiya o'yinlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Istanbul, Turkiya, 2022-yil, 23-yanvar
Xitoydagi qishki olimpiya o'yinlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Istanbul, Turkiya, 2022-yil, 23-yanvar

Pekin qishki olimpiya o’yinlari boshlanishiga sanoqli kunlar qolar ekan, ommaviy axborot vositalari va huquq faollari Xitoyda tazyiq ostiga olingan jurnalistlar holatiga e’tibor qaratdi.

30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari va huquq guruhlari jamoasidan iborat Yagona Erkin matbuot koalitsiyasi dunyo bo’ylab hayoti eng katta xavf ostida bo’lgan jurnalistlar roʻyxatini e’lon qildi. Undagi barcha 10 oʻrinni Xitoy yoki Gonkongda qamoqqa olingan jurnalistlar egalladi.

Roʻyxatning eng boshida Gonkongning demokratiya kuchlari tarafdori boʻlgan “Apple Daily” gazetasi asoschisi Jimmi Lay va 2020-yil may oyidan beri Vuxandagi pandemiyani “YouTube” kanali orqali yoritgani uchun qamalgan advokat Chjang Chjan turibdi. Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, jurnalistlarni qamoqqa tashlash bo’yicha Xitoy uch yildan beri peshqadamlik qilmoqda. 2021-yil dekabr holatiga ko‘ra, kamida 50 nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati, xususan, pandemiyani yoritgani uchun panjara ortiga tashlangan.

“Apple Daily” gazetasi asoschisi Jimmi Lay Gonkong sudi binosini tark etmoqda, 2021-yil, 1-fevral.
“Apple Daily” gazetasi asoschisi Jimmi Lay Gonkong sudi binosini tark etmoqda, 2021-yil, 1-fevral.

"Xalqaro Olimpiya qo'mitasi (XOQ) mana shunday sharoitda sportchilar o’zaro raqobatlashib, Olimpiada ideallarini ulug'laydigan erkin va ochiq o'yinlarni o'tkazish mumkin deb hisoblaydimi?" – deya savol tashlaydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Osiyo dasturi bo'yicha koordinatori Stiven Batler.

2008-yilda Pekin oʻyinlarga mezbonlik qilganda, “Xitoy koʻp majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan edi, lekin bajarmadi, - dedi Batler “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Olimpiya harakati manfaati uchun Xalqaro olimpiya qo’mitasi Xitoy kabi joyga borishda juda ehtiyot bo'lishi kerak".

AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa bir necha davlat Pekin inson huquqlarini buzishda davom etayotgani bois qishki o'yinlarga diplomatik boykot e'lon qildi. Xitoy bunga javoban Vashingtonni "sportni siyosiylashtirishni to'xtatish"ga chaqirdi.

Xalqaro Olimpiya qo’mitasining OAV bilan ishlash boʻyicha guruhi “Amerika Ovozi”ga yuborgan yozma javobda aytishicha, qoʻmita “Olimpiya xartiyasining asosiy tamoyillarida ham, uning axloq kodeksida ham mustahkamlangan inson huquqlarini tan oladi va qoʻllab-quvvatlaydi”.

Ammo, deya qoʻshimcha qilinadi maktubda, “XOQ suveren mamlakatning qonunlarini yoki siyosiy tizimini oʻzgartirish uchun na mandatga, na imkoniyatga ega”.

Vuxandagi pandemiyani “YouTube” kanali orqali yoritgani uchun qamalgan advokat Chjang Chjan
Vuxandagi pandemiyani “YouTube” kanali orqali yoritgani uchun qamalgan advokat Chjang Chjan

Elektron pochta maktubida yana yozilishicha, XOQ o'zining inson huquqlari bo'yicha faoliyatini rivojlantirishga intilmoqda va mehnat sharoitlari, xilma-xillik, atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari ishtiroki va norozilik huquqi kabi masalalarda har bir musobaqaning tashkiliy qo'mitasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

"Pekin-2022”da ushbu majburiyatlar bo'yicha hozir qilinayotgan ishlarga asoslanib aytadigan bo’lsak, hozirgi bosqichda ularning bajarilishini shubha ostiga olish uchun hech qanday sabab yo'q", - deyiladi elektron pochta maktubida.

Ammo, deya qoʻshimcha qiladi XOQ, Olimpiada oʻyinlarida turli davlatlar ishtirokini hisobga olib, XOQ global siyosiy masalalarda betaraf boʻlishi kerak.

Xalqaro huquq tashkilotlariga ko’ra, global miqyosda pandemiya hukumatlarning ma'lumot ustidan nazoratini kuchaytirdi va Xitoy kabi jurnalistlarni tanqidiy chiqishlari uchun qamoqqa tashlagan davlatlar oz emas. Ammo virus yopiq joylarda yuqori darajada yuqishi hisobga olinsa, bu kasallik ochiqchasiga gapirgani uchun hibsga olinganlarning hayotini ko'proq xavf ostiga qo'yadi.

Chjan kabi sog'lig'i yomon bo'lgan jurnalistlar, ayniqsa, xavf ostida.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Jasorat mukofoti sovrindori bo’lgan jurnalist qamoqxonada ochlik e'lon qilganidan keyin sog'lig'i yomonlashgan. 38 yoshli Chjan avgust oyida 11 kun kasalxonada yotib chiqqan.

Uning sog'lig'i bilan bog'liq muammolarga qaramay, Chjan qamoqxonaga qaytarilgan. Inson huquqlari guruhlarining xabar berishicha, qamoqxonada uning tibbiy ko’mak olishi yoki yetarli ovqatlanish imkoniyati cheklangan.

Chjanning akasi Ju jurnalistning vazni 40 kilogrammgacha tushganini aytdi.

“Agar u ochlikni davom ettirsa, o‘lishi mumkinligi haqida avgust oyida shifokor meni ogohlantirgan edi, - degan edi Chjan Ju noyabr oyida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Qamoqxona ma'murlari Chjanni ushlab turib, naycha bilan majburan oziqlantirishdi".

AQSh Davlat departamenti va huquq guruhlari Pekinni Chjanni ozod qilishga chaqirdi.

"Chjan hech qachon qamoqqa tashlanmasligi kerak edi. Uning yagona "jinoyati" COVID-19 pandemiyasining dastlabki bosqichlarida Vuxandagi hayotni hujjatlashtirish edi", - dedi PEN Amerika tadqiqot direktori Jeyms Tager "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Chjan 18 oydan ziyod qamoqxonada; lekin Yagona Erkin matbuot koalitsiyasi roʻyxatidagi boshqa shaxslar, jumladan, 2014-yilda hibsga olingan uygʻur bloger Ilhom To’xti va 2009-yildan buyon qamoqda oʻtirgan uygʻur Gulmira Amin kabilar uzoq vaqtlardan beri hisbda qolmoqda.

Ro‘yxatga bir yildan ziyod tergov hibsxonasida saqlanayotgan “Bloomberg” muxbiri Haze Fan va boshqa gonkonglik jurnalistlar ham kiritilgan.

Norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun sudlangan va Gonkong milliy xavfsizlik qonuniga ko'ra alohida ayblovlar bo'yicha sud jarayonini kutayotgan Lay bilan bir qatorda Yagona Erkin matbuot koalitsiyasi radiojurnalist Van Yiu Singni ham ro'yxatda tilga olgan. U 2021-yil fevral oyida Gonkong shahar politsiyasi tomonidan hibsga olingan edi.

Vashington choyxonasi: Xitoyga qarshi uyg'urlar kurashidagi muvaffaqiyatlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:33:56 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG