Breaking News

Demokrat yoki respublikachi? Markaziy Osiyoga kim bilan ishlash oson?


Oq uy, 8-oktabr, 2020

Bir necha kundan so’ng AQShning navbatdagi prezidenti kim bo’lishi ma’lum bo’ladi. 3-noyabr - AQShda saylov kuni, elektoratning deyarli yarmi ovoz berib bo'lgan. Markaziy Osiyo ahli ham bu saylov bilan bog'liq jarayonlarni kuzatib boryapti.

Qozog’istondagi “Freedom Finance” moliyaviy analizlar departamenti rahbari Yerlan Abdikarimov qozoq matbuotida AQSh prezidentligi uchun saylovlarning mintaqa moliya bozoriga ta’sirini tahlil qiladi.

Uning fikricha, qozoq tangasining qadri avvalo Yevrosiyodagi vaziyatga bog’liq, ammo Donald Tramp davrdai avj olgan savdo urushlari, sanksiyalar va taranglik tanga qadrini tushirgan. Demokrat Jo Bayden esa moliya bozori uchun mo’tadilroq siyosat yuritishi mumkin, deyiladi bu tahlilda.

Yerlan Abdikarimovga ko’ra, AQShdagi saylovlar g’olibining Rossiyaga nisbatan qanday siyosat yuritishi, qanday sanksiyalar qo’llash qaroriga kelishi ham mintaqaga, xususan qozoq tangasi qadriga ta’sir ko’rsatuvchi omillardan biri bo’ladi.

Qozoq ekspertlari tahlillarida AQSh prezidentligiga nomzodlarning Rossiya bilan aloqalariga alohida diqqat qaratiladi. Ular taxminicha, Bayden Rossiya bilan keskin, ammo prognoz qilish mumkin bo’lgan pozitsiyada tursa, Trampning bu boradagi siyosatini bashorat qilish qiyin.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o’zbek ekspertlari saylovda Tramp yoki Bayden g’alabasi Markaziy Osiyoga nisbatan shakllangan siyosatda, mintaqaga nisbatan strategiyada keskin o’zgarishlar qilishini kutishmaydi.

2025-yilgacha mo’ljallangan strategiyada AQSh mintaqa davlatlari mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlashi alohida ta’kidlanadi. Munosabatlardagi asosiy ustuvorlik xavfsizlik, inson huquqlari, Afg’oniston bo’yicha hamkorlikka qaratilishi belgilangan.

AQSh saylovida kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar, mintaqa va O’zbekiston bilan aloqalar shu strategiya asosida shakllanishi ta’kidlansa-da, ayrim ekspertlar Tramp hokimiyatda qolgan taqdirda O’zbekiston bilan aloqalar samarali davom etishini taxmin qilishadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida Tramp davrida O’zbekiston bilan munosabatlar ancha shiddatli kechgan. Davlat kotibi Mayk Pompeo Toshkentga safar qildi. Hukumatlar o’rtasida turli sohalarda o’zaro hamkorlik va hamjihatlik shakllandi.

Ammo Trampning tashqi siyosati mintaqa davlatlarini bir qadar xavotirga qo’ygan, ayniqsa uning Xitoyga nisbatan keskin pozitsiyasi.

Ekspertlar deydiki, Mayk Pompeoning bu yil boshida Markaziy Osiyoga safari Xitoyda jiddiy norozilik uyg‘otgan. Nursulton va Toshkentdagi bayonotlarida Pompeo Xitoyni uyg’urlarni ezayotganlikda tanqid qilishi mintaqa hukumatlarini ancha sarosimada qoldirgan.

Rabbimov taxminicha, AQShda demokrat prezidentlikka kelsa, inson huquqlari va demokratik qadriyatlar bobida oqsayotgan O’zbekiston va butun mintaqa uchun ham samaraliroq bo’ladi.

“Gap faqat inson huquqlari va demokratiya masalasida emas. Menimcha, O’zbekiston hukumati uchun ham demokrat prezident bilan ishlash osonroq. Har holda Mayk Pompeoning Toshkentga tashrifi davomida Xitoy bilan ziddiyatga doir bayonotlari mintaqa davlatlarini ancha shoshirib qo’ydi. Toshkent bu ziddiyatga mutlaqo aloqasi yo’qligiga doir bayonot bilan ham chiqdi”, - deydi Rabbimov.

2018-yilda Prezident Donald Tramp va O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda uchrashib, ikki davlat orasidagi strategik sheriklikni yangilagan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG