Breaking News

Davlatga qarshi fitnada ayblangan jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan "jinoiy ish" to'xtatilgan va qayta tekshiriladi. Bu holat Rustam Inoyatov Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) rahbarligidan ketganidan keyingi o'zgarishlardan darakmi?

Bobomurod Abdullayev ishida katta burilish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:36 0:00

Abdullayevni so'roq qilayotgan MXX tergovchilari ishdan chetlashtirilgan. Jurnalist qiynoqqa solingani yuzasidan tekshiruv boshlangan. Bu haqda Bobomurod Abdullayev ishini kuzatib kelayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromov o'z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ikromovga ko'ra, Abdullayevga qiynoq o'tkazilgani tasdiqlangan taqdirda ish qayta ko'rib chiqiladi.

"Prezident Mirziyoyevni Surxondaryoda qilgan chiqishidan so'ng o'zi bu ma'lum bo'layotgan edi, negaki MXX hozirgi katta tergovchisi To'raqulov avval Surxondaryoda ishlagan, viloyat tergov bo'limini boshqargan. U bir paytlar ishdan ham bo'shatilgan, lekin tez orada yana Toshkentga ishga chaqirilgan katta tergovchi lavozimiga. Uni ishga tiklanishi ortida sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov turgani haqida ma'lumotlar bor. To'raqulovning ishdan ketishi esa Surxondaryodagi qilmishlari bilan bog'liq bo'lgan. Hozir shu ishlar sizib chiqmoqda, hammasi bir biriga bog'liq. Bobomurodga nisbatan ochilgan ish ancha shuv-shuv bo'ldi, men bu ish davlat rahbariga ham yetib borganiga shubha qilmayman. Hozirgi o'zgarishlardan keyin, ayniqsa MXX raisi, Bosh prokuror, Ichki ishlar vazirining o'zgarishidan keyin, bu ishni qayta tekshirishga majbur bo'lishmoqda", - deydi Surat Ikromov.

Prezident Mirziyoyev Surxondaryoga 19- yanvarda borgan. Safar davomida MXX faoliyati keskin tanqid qilingan. Inoyatov ham shunday keyin ishdan olindi.

Prezident Surxondaryodagi chiqishida MXX sobiq rahbarlaridan biri, ayni paytda qamoqda saqlanayotgan general Shuhrat G'ulomovni sotqinlikda ayblagan. MXXning viloyat bo'yicha faoliyati esa deyarli qaroqchilikka tenglashtirilgan.

Surat Ikromovga ko'ra, davlatga qarshi fitna ishi ayni paytda to'xtatilgan. Bu jiddiy burilishdan, o'z rahbarini o'zgartirgan MXX faoliyatidagi ilk o'zgarishlardan darak bermoqda.

"Bu MXX yangilanayotganidan darak, aniqrog'i, yangilanishning boshlanishi. Jinoyat sodir etgan MXX xodimlarini javobraglikka tortilmoqda, MXXda islohotlar boshlanmoqda. Bobomurod Abdullayevning ishi hozircha vaqtincha to'xtatildi, shu vaqt mobaynida yangi tergovchilar tayinlanib ish davom etishi mumkin. Bunday tashqari o'tkazilgan qiynoqlar yuzasidan tekshiruv o'tkaziladi, agar ko'rsatmalar qiynoq orqali olingan bo'lsa, bunday ko'rsatmalardan dalil sifatida foydalanmaslik qonunda belgilab qo'yilgan. Bobomurodga nisbatan qiynoqlar o'tkazilgani esa aniq, bu tasdiqlangan taqdirda nafaqat Bobomurod, ish bo'yicha hibsga olingan boshqa jurnalistlar ham ozod qilinishi kerak", - deydi Surat Ikromov.

O'tgan yilning sentabr oyida MXX tomonidan hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev avvaliga ancha vaqt dom-daraksiz ketgan. Keyinchalik unga nisbatan davlatga qarshi fitna uyushtirish ayblovi surilayotgani aniqlashgan edi.

Yaqinda jurnalistning onasi ijtimoiy tarmoqlar orqali o'g'liga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar qo'llangani, Bobomurod aynan shu qiynoqlar tufayli ayblovni tan olishga majbur bo'lgani haqida Prezident Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi.

"Bu ishi boshidayoq, soxtalashtirilgani ayon bo'lgani uchun jiddiy munozaralar qo'zg'adi. Men bu jinoyat ishining qulashi haqida taxminda edim, chunki prokurorga borgan taqdirda, albatta rostdan prokuror bo'lgan taqdirda, tasdiqlanmasligi kerak edi. Agar sudga o'tgan taqdirda ham sud ko'rib chiqmasligi mumkin edi. Oxirgi paytda bu narsa yanada ayonlashayotgan edi, ayniqsa Bobomurodning qiynoqqa uchratilgani xabarlar chiqishi ortidan", - deydi Surat Ikromov.

Bu ish yuzasidan hozirgacha bir necha kishi hibsga olingan, aksariyati jurnalist va blogerlar. Oktabr oyida hibsga olingan bloger Hayotxon Nasriddinov haqida hech narsa ma'lum emas. Hibsga olinganlarning hammasiga MXX tomonidan jiddiy bosim ko'rsatilgani, qiynoqlar qo'llanilgani, advokat xizmatidan voz kechishga majbur qilingani aytilmoqda.

MXX yuritilayotgan davlatga qarshi fitna ishi O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ochilgan dastlabki siyosiy ish sifatida baholanayotgan edi. Ish yuzasidan mavjud ayblovga ko'ra, hibsdagilar muxolifatdagi O'zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih ko'rsatmasiga binoan aholi o'rtasida vahima uyg'otuvchi maqolalar yozishgan, fitna va tartibsizliklar keltirib chiqarish yo'li bilan hokimiyatni egallashni rejalashtirishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG