Amerika-O'zbekiston biznes forumi qanday kechdi?

AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross Vashingtonda Amerika-O'zbekiston biznes forumida so'zlamoqda, 22-oktabr, 2019

AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross O'zbekistonni ogohlantirdi: Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo'shilish Jahon Savdo Tashkilotiga kirish jarayonini qiyinlashtiradi va uzaytiradi. Ross bu gaplarni 22-oktabr kuni Vashingtonda o'tgan Amerika-O'zbekiston biznes forumida aytdi.

Vazirning qayd etishicha, AQShdan O'zbekistonga eksport bu yili yarim milliard dollarga yaqinlashib qoldi. Hamkorlik kengayaveradi, deydi u. O'tgan yili o'zaro savdo 300 million dollar atrofida bo'lgan.

Tramp ma'muriyati nazarida O'zbekistonda demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.

"Biz bu jarayonlarni quvvatlaymiz", - deydi Ross.

AQSh xususiy sektori astalik bilan respublikaga kirib bormoqda, deydi Ross. Vashington O'zbekistondagi jarayonlarga umid bilan qarab, texnik yordamni oshirmoqda.

"Biz O'zbekiston xalqi erishayotgan yutuqlarni olqishlaymiz", - deya ta'kidladi Amerika tijorat vaziri.

Biroq mamlakatda oshkoralik, qonun ustuvorligi hamda mulk va intellektual huquqlarni himoyalash bobida hali ko'p ishlar qilinishi kerak.

Vashington, 22-oktabr, 2019

Buni ham ko'ring U.S. Secretary of Commerce cautions Uzbekistan on EEU

Amerika-O'zbekiston biznes forumida nafaqat ikki tomonlama, balki butun Markaziy Osiyo bilan tijoriy hamkorlikni yo'lga qo'yish haqida katta bayonotlar va ma'ruzalar qilindi.

O'zbekiston delegatsiyasiga ko'ra, hozir sarmoya kiritishning ayni vaqti. O'zbekistonga kelgan investitsiya mintaqa ravnaqi uchun ham xizmat qiladi, deydi rasmiylar.

O’zbekiston Sarmoya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Amerika bizneslarini respublikaga taklif qilar ekan, bugungi muhitni kun sayin yaxshilanib borayotgan, radikal islohotlarni boshdan kechirayotgan, viza rejimi yengillashgan, dunyo bilan biznes qilishga ochiq tizim deya tasvirladi.

“O’zbekiston oldinga intilaveradi. Imkoniyatlar makoniga aylanaveradi”, - dedi vazir Vashingtonda o’tayotgan biznes forumda so’zlar ekan.

“Muammolarni hal qilishga bel bog’laganmiz”.

Buni ham ko'ring Uzbek Investment & Foreign Trade Minister speaks in Washington

Hozir O’zbekiston va umuman Markaziy Osiyoda biznes qilish uchun eng qulay davr, deydi Senator Sodiq Safoyev, Amerika tadbirkorlariga murojaat qilar ekan.

“Ishoning, islohotlar davom etadi. Biznes va sarmoya uchun sharoitni yaxshilash hukumat oldidagi eng asosiy vazifalardan biri. Biz qattiq ishlayapmiz. Prezident Mirziyoyev uchun bu yuksak maqsad”, - dedi Safoyev.

Senator Sodiq Safoyev, Sarmoya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov minbardan tushgach "Amerika Ovozi" bilan gaplashdi.

Safoyev deydiki, O'zbekiston o'z ta'lim tizimini yaxshilash bilan ham sarmoya jalb etish bobida oldinga yuradi. Hukumat hozir shunday fikrlamoqda, deydi u. Inson kapitalini mustahkamlash aslida har bir jamiyat qilishi kerak bo'lgan asosiy sarmoyalardan biri.

Safoyev Vashingtonda, Rossdan eshitganidek, O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishi mumkin degan xavotirlar borligini biladi. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda senator Toshkent hali bu borada biror qarorga kelmagan, deya alohida aytib o'tdi. Masala ko'rib chiqilmoqda, foydali va zararli jihatlari o'rganilmoqda.

Safoyev bu ittifoqning a'zolari ham Amerika va G'arbdagi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkor ekani, ular ham o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosat yuritayotgani va "masofa asosiy muammo" ekanini tilga oldi. Ya'ni, AQSh O'zbekiston uchun qo'shni davlatlar, shu bilan birga Rossiya va Xitoydek biznes sherik bo'la olmaydi. Buning ustiga O'zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika-O'zbekiston biznes forumidan maxsus lavha

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika-O'zbekiston biznes forumi qanday o'tdi?

O’zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirovga ko’ra, qimmatbaho qog’ozlar va moliya sohasini boshqarish, nazorat qilish va yuritish bobida Amerika eng zo’r modelga ega va respublika uning tavsiya va maslahatlariga tayanadi.

Buni ham ko'ring American-Uzbekistan Business Forum in Washington

Amerika-O’zbekiston biznes forumi ikki davlat orasida tijoratni targ’ib qiluvchi palata tomonidan har yili tashkil etiladi. Palata muntazam ravishda ishbilarmonlarni to'plab, ularga O'zbekiston xususida ma'lumot berib boradi.

Uning rahbari Karolin Lemm deydiki, maqsad - respublikani AQSh bizneslari uchun qulaylashtirish. Palataga a'zolik pullik. Firma va kompaniyalar daromadiga qarab badal to'laydi. Biznes forumlarda ham ishtirok etish pullik. Kuni kecha o'tgan tadbirda qatnashish uchun, masalan, ayrim firmalar 500 dollargacha to'lagan.

Lemm deydiki, bugun ikki davlat tadbirkorlari bir-biriga har qachongidan ham yaqin. Shu paytgacha imzolangan biznes bitimlar amalga oshirilsa, savdo aylanmasi milliardlab dollarga chiqadi.