AQSh: Xitoy koronavirusga qarshi vaksinaga to'sqinlik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Merilend shtatidagi laboratoriyada vaksina ustida jadal ishlar ketmoqda

Amerika hukumati koronavirus pandemiyasi davrida kiber-xurujlar kuchaygani haqida qayd etib keladi. Biroq xurujlarni kim amlga oshirmoqda? Shu kungacha biror davlat ayblanmagan edi. Biroq hozirda Vashington ular ortida Xitoy turibdi deb baralla aytmoqda.

Federal Qidiruv byurosi va Ichki xavfsizlik vazirligi bu borada qo'shma bayonot berib, AQShda vaksina ustida ketayotgan harakatlarga Pekin to'siqlar qo'ymoqda, deya e'lon qilish arafasida.

“Xitoy hukumati, xususan, Kommunistik partiya boshqaruvi Amerika texnologiyasini o'marishga urinmoqda va bizning izlanishlarimiz samara bermasligini ta'minlamoqchi", - deydi Teb Bredsho, "Redpoint Cybersecurity" kompaniyasi rahbari.

Bu kompaniya AQSh hukumati bilan ishlaydi.

Vashington Xitoyni azaldan kiber-hujumchi deb biladi. Shimoliy Koreya, Eron va Rossiya ham bunday qora ishlarda ayblanadi. Lekin rasmiylarga ko'ra, Pekin AQShdan intellektual mulkni o'g'irlash orqaligina u bilan tenglashishi mumkin, deb hisoblaydi.

“Xitoyning bu ishlari meni hech ajablantirmaydi", - deydi Prezident Donald Tramp.

Prezident fikricha, Xitoy - qaroqchi va og'ri. Amerika koronavirusga qarshi vaksina chiqarsa, Pekin chiday olmaydi va shu bois izlanishlarni kiber-xurujlar orqali yo'qqa chiqarmoqchi, deydi Tramp.

Mutasaddilarga ko'ra, laboratoriyalar, tadqiqot markazlari va tibbiy-biologik texnologiya kompaniyalarida favqulodda xavfsizlik choralari ko'rilgan va kun sayin mustahkamlanmoqda.

Xitoy vaksina ustida ishlamoqda

Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, hozirda kamida 100 vaksina loyihasi sinovda. Ikki yirigi Amerikada, to'rttasi esa Xitoyda.

Xitoy pandemiyada ayblanib, nufuzini tiklash harakatida ekan, vaksinaning u yerdan chiqishi bu davlat manfaatlari uchun har tomonlama xizmat qiladi, deydi mutaxassislar. Shu sabab Pekin butun kuchini shu maqsad yo'lida sarflayotgan bo'lsa ajab emas.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi, Vashington

Biroq Xitoy hukumati Vashingtonning da'volarini inkor etmoqda. Amerika rasmiylari esa bu raddiyadan ham hayron emas.

Xitoyning APT-41 nomli kompaniyasi oldindan intellektual qaroqchilik bilan shug'ullanib, hozirda yanada faollashgani gumon qilinadi.

"Google" kompaniyasi o'z izlanishlariga asoslanib, nafaqat Xitoy, balki Shimoliy Koreya va Eronni ham vaksina chiqarishga halaqit berayotganlikda ayblamoqda. Lekin "Google" tafsilotlarni oshkor etmagan.

Ekspertlar deydiki, koronavirusga qarshi kurash kiber-xavfsizlik borasida ham qattiq choralarni talab qiladi.