AQSh O'zbekistonni islohotlarni chuqurlashtirishga undadi

  • Amerika Ovozi

AQSh-O'zbekiston muzokaralari, 30-oktabr, 2021

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Uendi Sherman bugun Toshkentda O'zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan muloqot qildi.

Sherman O'zbekistonni mustaqillikning 30 yilligi bilan qutlab, Afg'oniston yuzasidan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Amerika nazarida Afg'onistonda vaziyat og'ir, uning xalqi yordamga muhtoj, Tolibon boshqaruvi ostida fuqaro huquqlari va erkinlik toptalmoqda, barcha elat va siyosiy taraflarni o'z ichiga olgan hukumat tuzilishi lozim. AQSh mintaqa davlatlari, jumladan O'zbekiston bilan kelishib ish tutishga bel bog'lagan.

Mirziyoyev ma'muriyati o'z siyosatida nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarini ko'zlayotganini bildirgan. Toshkent Afg'onistonga madad ko'rsatib, qo'shni yurtni quvvatlashda davom etadi va u yerda barqarorlikka erishish uchun Amerika bilan hamkorlikni kengaytirishga shay.

Koronavirusga qarshi kurash ham muhokama qilingan, xususan vaksina ta'minoti haqida gaplashilgan. AQSh hozirgacha besh million doza taqdim etgan. Toshkent Vashingtonga buning uchun rahmat aytgan.

Davlat departamenti e'tirof etishicha, O'zbekiston Markaziy Osiyoda birdamlik, xavfsizlik va boshqa yo'nalishlarda yetakchilik qilmoqda.

Bayden ma'muriyati O'zbekiston bilan strategik sheriklikni qadrlaydi, degan davlat kotibi o'rinbosari.

Davlat departamentining qayd etishicha, Sherman O'zbekistonda demokratik islohotlar zarurati borasida ham so'zlab, inson huquqlarini e'zozlashga undagan. Vashington O'zbekistonda islohotlar va ijobiy o'zgarishlar davom etadi, degan umidda.

Respublikada prezident saylovlari yaqinlashar ekan, AQSh uni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida kuzatib, baholaydi. Bayden ma'muriyati ochiq, erkin v adolatli saylovlar o'tkazishga chaqirgan.

Sherman O'zbekistondan tashqari Pokiston va Hindistonda ham bo'ladi.