Breaking News

Saylov-2021: AQShdagi o’zbekistonliklar qanday fikrda?


Saylov-2021: Vatandoshlar O'zbekistondagi jarayonlarga befarq emas
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:51 0:00

Saylov-2021: Vatandoshlar O'zbekistondagi jarayonlarga befarq emas

O’zbekistonda 24-oktabrda kutilayotgan prezidentlik saylovlariga Qo’shma Shtatlardagi vatandoshlar qanday yondashmoqda?

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra AQShda O’zbekistonda tavallud topgan yuz mingga yaqin immigrant bor. O’zini o’zbek yoki o’zbekistonlik deb biladiganlar undan ko’p. Aynan qanchasi O’zbekiston fuqaroligiga ega ekani noma’lum. Har safar vatanda saylov bo’lganida Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi konsullik orqali yuzlab kishi ovoz beradi. Biroq o’zbekistonliklarning aksariyati konsullik ro’yxatida turmaydi. Toshkentga ko'ra, hozirda saylovda qatnashish uchun bu shart emas.

Nyu-Yorkning Kvins tumanida istiqomat qiluvchi Smail Ospanov O’zbekistonda tuman va viloyat hokimiyatlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Hozirda AQSh fuqarosi. Shunday bo’lsada, u O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy ahvolni kuzatadi, kamchiliklarni tanqid qiladi. Ospanov o’z tajribasiga tayanib, O’zbekistonda hamon tom ma’nodagi saylov instituti shakllanmaganini aytadi. Hatto, uning fikricha, Shavkat Mirziyoyevni legitim prezident emas.

“Fuqarolar o’ziga munosib prezidentni, yurtboshini tanlashi kerak. Lekin Shavkat Mirziyayev hokimiyatga kelganda demokratik yo’l bilan keldimi? Xalq uni sayladimi? U kishini saylagani yo’q-ku, o’zi keldi. Mirziyoyevni qanaqadir yashirin kuchlar hokimiyatga olib keldi. Birinchi kundan boshlab, Karimov vafotidan keyin bu kishi konstitutsiyani buzib hokimiyatga keldi. Senatni raisi [prezident vazifasini bajarishi] bo’lishi kerak edi. O’sha yerda ham saylov bo’lganda muxolifat qatnashgani yo’q. Nimaga deganda biz bilamizki, beshta partiyalarning birontasi ham siyosiy muxolifat emas. Ular davlatni, prezidentni, davlat olib borayotgan ishlarni biron marta tanqid qilib, respublika qanaqa rivojlanishi kerak degan masalalarda o’z munosibatlarini bildirgani yo’q”.

Ospanov bugungi kunda O’zbekistonda qanday shaxs prezident bo’lishga loyiq degan savolga shunday javob berdi:

“O’zbekistonga aynan xalqsevar, xalqni tushunadigan, xalqqa hamdard bo’lgan odam kerak. Mafioz guruhlarning rahbari kerakmas bizga”, - deydi Ospanov.

Hali SSSR qulamagan davrlarda Qo’shma Shtatlarga kelib qo’nim topgan o’zbekistonlik immigrantlarning kattagina qismi Nyu-Jersi tevaragida yashaydi.

Bu jamiyat a’zolari uchun O’zbekiston mustaqil bo’lganining o’z katta baxt.

Mirzanaim Hakimiy:

“Hozirgi vaqtini men avvalgisi bilan hech muqoisa qilolmayman. Chunki ko’p o’zgarishlar bo’lgan. Obodonchilik. Toshkent ko’p obod bo’lgan, boshqa shaharlar ham. Masalan, vodiyga bordik, vodiy shaharlarini aylandik. Samarqandda bo’ldik. Ko’p o’zgarishlar bo’lgan. Samarqandda xotiramda bor, eski zamonda Imom saxih Buxoriyning mozorini ziyorat qilish niyatida edim. Borsam bir narsalar tashlashgan, iflos edi u joylar va oldiga yaqinlashib bo’lmasdi, u zamonlar. Shunda ko’p afsus chekkandik. Olami Islomga naqadar xizmat qilgan bu odamning nimaga bu qadar mozori oyoqosti qilingan deb. Tabiiy, kommunistlar bilishmaydi buni.

Keyingi safar borganimda, Samarqandga, 3-4 yil ilgari borganimda Imom saxih Buxoriyning mozoriga bordim. U yerda bog’ yasab, ikki tomonini gulzor qilib, o’rtada maqbarasini tiklashibti. Borib ziyorat qilib xumorimiz chiqdi”.

Hojimuhammad Ayoz, vatandosh
Hojimuhammad Ayoz, vatandosh

Siyosiy o’quv va tafakkurlari asosan Turkiya va AQShda shakllangan immigrantlar nazarida O’zbekistonning buguni va ertasini belgilashda mamlakatda yashaydiganlar faol bo’lishlari shart.

O’zbekistonga yaqinda safar qilgan ayrim amerikalik o’zbeklar fikricha, bunday faollik sezilmayapti.

Hojimuhammad Ayoz:

“Bilmayman Samarqandda ham bormi, bizning Farg’onada bedana saqlashadi. Avval qo’lda ko’tarib yuradi, keyin qafasga solib qo’yadi. Ikki-uch oy qishda qafasda turadi. Yana havo yaxshi bo’lgandan keyin qafasdan chiqarib yuborsa ucholmaydi u. Uyoqqa borib uradi o’zini, buyoqqa kelib uradi. Yana qaytib kelib o’sha qafas ichini o’ziga ma’qul ko’radi. Demoqchimanki, hamshahrlarim sovet vaqtida bir sistemaga kirib qolgan ekan. Ularni sistemasi shu ekan. Bu yerga kelganlarni esa hammalarining chehralari ochiq”.

Qo’shma Shtatlardagi o’zbekistonliklarning tashkilotlari aksariyat hollarda ona yurtdagi ichki siyosiy ishlarga aralashmaydi.

Ular O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi bordi-keldi uzilmasligini xohlaydi.

Ammo vatandosh immigrantlarni Amerika jamiyatiga moslashishlariga yordamlashishni maqsad qilgan bu tashkilotlar uchun O’zbekistonning ochiq davlat bo’lgani ma’qul.

Abdulla Xo’ja, Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti:

“Biz u yoki bu bo’lsin deb aytolmaymiz. U yerda saylov bo’ladi, nomzodlar bor, kim nomzodligini qo’ygan bo’lsa va ko’pchilikni ovozini olsa shu prezident bo’ladi. Yangi kimni (prezidentni) O’zbekistonni xalqi saylaydi. Birinchi navbatda O’zbekistonda yashaydigan mamlakat fuqarolari kimni saylasa biz ana shuni qabul qilib hurmat qilamiz”.

Okean ortida o’qiyotgan va tajriba orttirayotgan talabalar ham saylov masalasini ochiq muhokama qilishni istamaydi.

Biroq, davlat tizgini qo’lida bo’lganlardan ularning talablari ravshan. Ilmli va tajribali mutaxassislar O’zbekistonda qadrlansin, deydi ular.

Saidaziz A’zamov:

“O’zbekiston bugungi globallashgan, axborotlar ochiq bo’lgan bir paytda juda ko’p imkoniyatlardan foydalanishi kerak. U yerdagi iqtisod rivojlanishi va bizlarning O’zbekistonda ham dunyoga taniladigan bizneslar, kompaniyalar paydo bo’lishi, London, Nyu-York birjalarida, “pablik kompani” deyiladi, shunaqa o’zini aksiyalari bilan qatnasha oladigan va shu darajadagi kompaniyalar paydo bo’lib, O’zbekistonda ko’proq rivojlanish bo’lishini bizlar xohlaymiz. Hozirgi jamiyat, O’zbekistondagi hozirgi boshqaruv, vatandoshlarimizga, bizlarga qanday qilib mana shunaqa imkoniyatlarni yanada ko’proq yaratib berishi mumkinligi haqida o’ylashi kerak”.

Hozircha O’zbekistonning bu sohadagi yutuqlari havas qiladigan darajada emas.

“Qachonki biznes nuqtai nazaridan, sohani yaxshigina egallash nuqtai nazaridan imkoniyatlar kengayib, ko’payib boraverarkan bizda ham sobiq sovet mamlakatlari yoki sobiq sotsialistik blok mamlakatlarini, agarda kengroq regionni oladigan bo’lsak, yoki dunyodagi istalgan mamlakatlar kabi, bizlarda ham dunyo tan olgan katta birjalardan ro’yxatdan o’tgan kompaniyalar kelib chiqadi. Afsuski bugungi kunda bu bo’yicha bizlar juda ham boshlang’ich darajada turibmiz. Bu bo’yicha ham juda katta va jadal o’zgarishlar qilinishi kerak, - deydi Saidaziz Azamov.

Avvalgi to’lqin o’zbek immigrantlari mustaqil O’zbekistonning prezidenti kim bo’lsa ham “O’zbekiston rivojlanishi uchun dunyoga ochilishi kerak va aloqalari rivojlansin” desa, so’nggi 10-15 yil ichida ko’chib kelganlar orasida saylovlar va nomzodlarga skeptik qaraydiganlar ko’p.

“Yaxshimi, yomonmi 5 yil prezident bo’ldi. Lekin Shavkat Miromonovichning olib borayotgan siyosati bugun o’zi bergan va’dalariga to’g’ri kelmaydi”, - deydi Smail Ospanov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG