Markaziy Osiyo: Qo'shnilar, bir-biringiz bilan ko'proq savdo qiling

Markaziy Osiyo bozorlari Xitoy mahsulotlariga to'la. Mahalliy ishlab chiqarish va mintaqaviy savdo ko'lami juda past.

Rivojlangan mamlakatlar inqiroz oqibatlari bilan olishar ekan, jahon iqtisodiyoti kelasi yili 4 foizga o’sishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo eng ko’p savdo qiladigan Xitoy va Rossiyada vaziyat yomon emas. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi taxminicha, Xitoyda iqtisod 2012-yilda 9-9,5 foizga, Rossiyada esa 4 foizga kengayadi. Tashkilot nazarida, inflyatsiyani jilovlash kerak. Hozirgi eng muhim vazifa shu, deydi ekspertlar.

Almatining "Rohat" bozorida

Bir qarashda iqtisodiy o’sish darajasi joyida. Samara kelasi yillar ichida yanada ko’zga tashlanadi, deydi Deyvid Oven (David Owen), Xalqaro Valyuta Jamg’armasida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’limi direktor muovini.

Markaziy Osiyo davlatlarida eksport hajmi yiliga o’rtacha 30 foizda. Energetik boyliklarini sotayotgan mamlakatlar daromadni sanashda davom etmoqda.

Qozog'istonning baliq bozorlarida

Region va unga qo’shni Kavkazda yalpi milliy mahsulot o’rtacha 5,5 foizda oshib bormoqda, deydi Oven.

Lekin inflyatsiya ham osmonda – mintaqada o’rtacha 10 foiz. Davlatlar moliyaviy siyosatni qayta ko’rib chiqishi, kamomaddan qutulish uchun keskinroq choralar ko’rishi kerak, deydi yetakchi mutaxassis.

Qozog’iston va Ozarbayjonda, deydi Deyvid Oven, banklar og’ir damlarni boshdan kechirmoqda. Xalqaro tizimlar bilan ko’proq aloqada bo’lgani uchun G’arbdagi inqiroz ularga ham kuchli ta’sir qilgan.

Almatining "Rohat" bozorida

Iqtisodiy ko’rsatkichlar yuqori, lekin aholi ularning samarasini sezmayapti. Maosh bilan tirikchilik qila olmaysiz. Ortiqcha daromadi yo’q oilalar qashshoqlik tomon yo’nalgan. Markaziy Osiyo hayotini bugun Rossiyada ishlab topilayotgan pulsiz tasavvur qilish qiyin. Region taraqqiyoti haqida gap ketganida Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Jahon Banki doimo mana shu faktlarni qayd etadi.

Ish o’rinlari yaratish kerak, biznes muhitni erkinlashtirish va osonlashtirish, byurokratik to’siqlarni olib tashlash kerak. Aynan aholining moddiy ahvolini yaxshilovchi dasturlar bilan chiqishi kerak. Hukumatlarning hozirgi harakatlari yetmaydi, deydi ekspertlar.

Toshkentdagi bozorda

Ana Lusiya Koronel (Ana Lucia Coronel), Xalqaro Valyuta Jamg’armasida Markaziy Osiyo uchun mas’ul mutaxassislardan biri, deydiki, mintaqaviy savdo hajmi juda past ekani faqat zarar keltiradi. Xitoy bugun asosiy biznes hamkor. Lekin qo’shnilar bir-biri bilan tijorat ko’lamini oshirsa, fuqarolar uchun katta imkoniyatlar yaratilgan bo’lardi.

Markaziy Osiyo bo’yicha ko’zga ko’ringan amerikalik olim Fred Starr tahlili shuki, regionda rahbarlar o’zaro hamkorlik juda sust ekanini yaxshi biladi, lekin bu muammoni hal etish uchun harakat qilishmayapti. O’zbekiston va Turkmaniston shu kunlarda aloqalarni yaxshilagani odamga umid beradi, deydi u, mana shunday ijobiy qadamlar tashlash vaqti yetgan.

Jons Xopkins Universiteti professori Fred Starr (chapdan) va Farxod Salim, Tojikistonning AQShdagi elchisi muovini

Iqtisodiy taraqqiyot uzoq muddatli, davomiy bo’lishi uchun region birga harakat qilishga majbur, deydi bu mutaxassislar.

Siyosiy iroda yo’qligi barcha xalqlarga birdek ziyon keltirmoqda. Siyosiy-iqtisodiy islohotlarga zo’r berib, qo’shnilar bilan mavjud kelishmovchiliklarni hal etibgina, yutuqqa erishish mumkin.

Jahon bozoriga chiqish va u yerdan xaridor va hamkor topish uchun Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan birdam bo’lishi kerakligi hammaga oydek ravshan.

Qirg’iziston mintaqada Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo yagona davlat. Foydasi shuki, bugun u 140 mamlakat bilan savdo qiladi, lekin asosiy hamkorlaridan biri Rossiya bu tashkilotga kirmaydi.

Muktar Jumaliev, Qirg'izistonning AQShdagi elchisi va Ana Lusiya Koronel, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi vakili

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Muktar Jumalievning aytishicha, 13 yillik a’zolik mamlakat moliya-iqtisod tizimini yaxshilagan, uni erkinlashtirgan.

Ammo atrofdagi respublikalar bilan iqtisodiy hamkorlik past ekani uning davlatiga og’ir tushmoqda. Chet el bilan savdoning atigi 3 foizi yon qo’shni O’zbekistonga to’g’ri keladi.

Tojikiston, mana 10 yildirki, Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatida.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti qoshida joylashgan Markaziy Osiyo va Kavkaz Institutida har hafta forum. Regiondagi vaziyat muhokamada.

Bag’oyat qimmat va murakkab jarayon ekan, deydi Tojikistonning AQShdagi elchisi muovini Farxod Salim. Talablarni bajarish, a’zo davlatlar bilan birma-bir muzokara qilish uchun juda ko’p vaqt va mablag’ sarflanmoqda.

Bugun G’arbda Markaziy Osiyo kelajagi va sarmoya haqida gap ketganda, mutaxassislar va siyosatchilar iqtisodiy integratsiya zamon talabi ekanini eslatadi. Boshqa yo’l yo’q, deydi ular, hukumatlar bunga intilmasa, ularning muammosini hech kim chetdan kelib hal etib bermaydi, ayniqsa G’arbning o’zi ulkan iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan bir paytda.