O'zbekistonda davlatni nima ushlab turibdi? Amerikalik olim bu haqda kitob yozdi

Islom Karimov O'zbekistonni 1989-yildan beri boshqarib kelmoqda

Amerikada Markaziy Osiyoga qiziquvchi doiralar orasida o’tgan oylar mobaynida muhokama qilingan kitoblardan biri “Davlat yemirilishi: Markaziy Osiyodagi o’g’irlanmas zaxiralar va bebosh elita” (State Erosion Unlootable Resources and Unruly Elites in Central Asia) deb nomlanadi. Uning muallifi Nyu-Jersi shtatidagi Rovan universiteti professori, mintaqashunos olim Larri Markovitz (Larry Markowitz). Yaqinda bu kitobga asoslangan maqola “Foreign Affairs” (Xalqaro hayot) siyosiy jurnalida chop etildi.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda davlatni nima ushlab turibdi? Bu haqda kitob yozgan amerikalik olim bilan suhbat

Your browser doesn’t support HTML5

When Flimsy States Don't Fail - Conversation with Larry Markowitz - Navbahor Imamova VOA Uzbek


Larri Markovitz izlanishni 1997-yilda boshlab, 2000-yillarning oxirlarigacha mintaqada ko’p vaqt o’tkazdi. 2002 va 2003-yillarda u O’zbekiston va Tojikistonda yashagan.

Maqsad, deydi olim, qishloq xo’jaligiga asoslangan iqtisodiyot davlat barqarorligini ta’minlashda qanchalik rol o’ynashini aniqlash va umuman olganda, bu tuzumlarni ushlab turgan narsa nima ekanini tushunish edi.

Olim quyidagi savollarga javob izladi: Nima uchun O’zbekiston 1990-yillar boshida Tojikistondek qulamadi? Xususan, Tojikistonda xavfsizlikni ta’minlovchi organlar zaifligi va ichki ixtilof ortida nima sabablar bor edi-yu, O’zbekistonda nega buni ko’rmadik? O’zbekistonda bu organlar kengaydi, shakllandi va kuchaydi. Har ikkala jamiyatda korrupsiya va yulg’ichlik juda chuqur ildiz otgan, lekin davlatlar, ko’plab bashorat va taxminlarga qaramay, barbod bo’lgani yo’q. Ularni nima ushlab turibdi?

Tadqiqotlar shuki ko’rsatdiki, deydi olim "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O’zbekistonda boshidanoq, Tojikistonda esa fuqaro urushidan keyin iqtisodiyot mahalliy doiralar orasida bo’lib olingan.

Zaxiralar va moliya keltiradigan boshqa manbalar mahalliy elita va ularning yuqori pog’onalarda o’tiradigan boshchilari iznida. Markaziy hokimiyat ularga mulk va resurslarni berib, evaziga undan sodiq bo’lishni va bosh egishni kutadi. Professor kitobining katta qismini mana shu murakkab sistema tahliliga bag’ishlagan.

Resurslar deganda u nafaqat tabiiy boyliklar, balki yirik zavod va fabrikalar, inshootlar, paxta va qishloq xo’jaligidagi boshqa muhim yo’nalishlarni nazarda tutadi. Tojikistonda manzara boshqacha, deydi Markovitz. Bu respublikaning ayrim qismlari tabiatan juda qashshoq.

Ekspert tadqiq qilishicha, O’zbekiston hukumati mustaqillikdan oldinoq bu borada o’z strategiyasiga ega bo’lgan, 1991-yildan keyin prezident Islom Karimov o’z pozitsiyasini mustahkamlash uchun avvalo boylikni puxta taqsimlab olishni to’g’ri deb bilgan. Davlat buni kafolatlovchi dasturlar va imtiyozlar bilan chiqqan. Oddiy qilib aytganda, viloyatlardagi qudratli odamlar, ularning atrofidagi guruhlar norasman tan olinib, ular davlatga qarshi harakat qilmasligi uchun rozi qilingan.

Karimov davlatni chuqur isloh qilmay ham buning uddasidan chiqdi. Xo’sh, unga nima va kim yordam berdi? Prezident qanday kuchlarga tayandi?

Larri Markovitz juda ko’p odamlar bilan suhbatlashgan, ularning fikr-qarashlarini o’rgangan, ammo davlat rahbari va elita orasidagi muzokara, murosa va oldi-berdini isbotlovchi hujjatlar unda yo’q.

Shunisi aniqki, deya mushohada yuritadi professor, Karimov epchil harakat qilgan, qaltis davrda bu borada kelishib olish naqadar muhim ekanini tushungan. Qo’shni Tojikistondagi qonli urush, mintaqadagi tahlikali vaziyat odamlarni qat’iy qarorlar qilishga undagan bo’lsa ajab emas.

Karimovdan norozi tomonlar ko’p edi, lekin u eng muhim doiralarni o’ziga bo’ysundira olgan.

Kitobda paxta, O’zbekistonning oq oltini, hukumat uchun eng muhim ustun ekani tahlil qilinadi. Larri Markovitz deydiki, paxta - “immobile capital” - ko’chmas boylik.


Uni bir joydan ikkinchi joyga olib borish, jahon bozoriga olib chiqish qiyin. Masalan, paxtani olmos singari o’g’irlab olib chiqib ketish bag’oyat mushkul. Olmosni naqd pulga sotish osonroq. Paxta yetishtiruvchilar esa yuqoridagilarning tayanchiga muhtoj. Davlat bu muhim boylikni shu bois o’z nazoratida saqlaydi.

Olim paxta O’zbekistonning asosiy qismi uchun eng muhim mahsulot ekani va nima uchun bu soha markazlashgan bir sistema asosida tebratilishini tushuntiradi. G’arb O’zbekistonni paxta borasida islohotlar qilishga undar ekan, bu tizim qanday ishlashishi bilishi kerak.

Oq oltin respublika elitasi uchun ulkan manba, deydi ekspert. Daromad xususida aniq ma’lumot olish, xususan O’zPaxtaSanoat va uning 13 bo’limi qo’lidagi rasmiy ma’lumotlar va qog’ozda yozilmagan haqiqiy raqamlarga yetish.

Bir tomondan bu uslubda boshqarish davlatni ushlab turibdi, ikkinchi tomondan esa uni yemirib bormoqda, deya xulosa qiladi kitob muallifi.

Elita sadoqatini qachongacha ta’minlash mumkin? Nazoratni ko’chmas boylikka asoslashning o’zi yetadimi? Barqarorlikni mustahkamlash uchun oshkora va adolatli tuzum ma’qul emasmi?

Qisqa muddatda davlat barqarordek tuyulsa-da, uzoq muddatda davlatchilik barbod bo’lishi muqarrar. Qonun ustuvorligi qog’ozdan nariga o’tmaydi, adliya mustaqil bo’lolmaydi, iqtisodiy boshqaruv zaiflashaveradi. Korrupsiya chuqurlashaveradi. Iqtisodiy-ijtimoiy tafovut kengayadi. Jamiyatda tengsizlik kuchayadi. Markaziy hukumat chiqargan qarorlar joylarda amalga oshirilmaydi, tomonlar bir-birining qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirish bilan band bo’ladi.

O’zbekistonda lider deganda maydonda Islom Karimovdan boshqa odam yo’q. Qo’shni davlatlarda oligarx deya tanilgan shaxslar bor. O’zbekistonda esa yaqingacha prezident qizi Gulnora Karimova boylik va takabburlik timsoli edi. O’tgan bir yil ichida uning ovozi o’chirildi, malika ko’zdan yo’qotildi.

Larri Markovitz yozgan kitobda prezident Karimov klassik yakkahokim sifatida gavdalanadi. Lekin, deydi olim, e’tibor bering, u qaror qiladigan va buyuradigan odam. Qarorni amalga oshirish esa boshqa shaxslar bo’ynida. Karimovning odamlari. Uning suyangan tog’lari.

Viloyatlarni kimlar boshqarayotgani, prokuratura va boshqa muhim organlarda kimlar o’tirganiga bir qarang, deydi amerikalik olim. Milliy xavfsizlik xizmatining vakolatlari oshirilgan. Ularning hammasi bir-biriga bog’langan katta bir doira. Davlat shu taktika asosida yuritilmoqda.

Shu singari tahlilni mahalliy ziyolilardan ham eshitamiz. Islom Karimov atrofidagi zanjir tobora qalinlashgan, prezident shu qadar qattiq o’rab olinganki, hatto u bugun mamlakatda aslida nima bo’layotganini bilmaydi, tasavvur ham qila olmaydi, degan iddaolar bor.

Larri Markovitzning kitobi “Davlat yemirilishi: Markaziy Osiyodagi o’g’irlanmas zaxiralar va bebosh elita” deb nomlanadi.



Xo’sh, Karimovdan keyin nima bo’ladi?


U mustahkamlagan va davlatni ushlab turgan bu sistema, elita manfaatlarini qondiruvchi mashina, ishdan to’xtab qolish yoki buzilish ehtimoli qanday?

Bir tomondan, deya javob beradi Larri Markovitz, bu mashina ancha oyoqqa turib olgan, ya’ni qariyb chorak asrlik tajribaga ega. Ikkinchi tomondan, u izdan chiqmasligi uchun hozirgidek muvozanat saqlab tura oladigan odam kerak. Turli hudud va iqtisodiy yo’nalishlar ustidan nazoratni ushlab, ularni boshqarayotgan mahalliy elita sadoqatini yo’qotmaslik kerak bo’ladi. Nafaqat paxta, balki uran, oltin, neft va tabiiy gaz, kichik va o’rta biznes.

Uyushgan doiralar qo’lidagi boylikdan ayrilishni xohlamaydi, ularning manfaatiga soya solmaydigan odam rahbarlikka kelishini istaydi, deydi Markovitz.

Yangi yo’l esa har tomonlama yangi yondashuv, yangicha boshqaruv va tub islohotlar demakdir.

O’zbekiston bunga qanchalik tayyor? Yangicha boshqara oladigan kimni bilamiz? Muqobil yo’nalish nimadan iborat bo’lishi mumkin? Bu asosan xalqning o’zi muhokama qilishi kerak bo’lgan masalalar.