Afg'onistonda xalq bugungi hukumatdan rozi emas


Bagrom tumanida portlatilgan avtobus oldidan o'tib ketayotgan bolalar, 11-aprel, Kobul, Afg'oniston

Bagrom tumanida portlatilgan avtobus oldidan o'tib ketayotgan bolalar, 11-aprel, Kobul, Afg'oniston

AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi (BBG) va “Gallup” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov Afg’onistonda jamoatchilikning 81 foizi hukumatdan norozi ekanini ko’rsatgan. Beqarorlik va ishsizlik eng asosiy muammolar deya tilga olingan. So’ralganlarning 70 foizi Bosh vazir Abdulla Abdullaning va 63 foizi Prezident Ashraf G’anining ishlaridan rozi emas.

Hukumat yangilanganidan beri qariyb ikki yil o’tdi, lekin xalqqa berilgan va’dalar qog’ozda qolib ketdi, deya shikoya qilgan fuqarolar.

Siyosiy tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy nazarida Afg’onistonda shu kungacha erishilgan yutuqlar boy berilmoqda. Hukumat rahbarlari orasida mushtarak reja yo’q. Davlat tepasidagilar orasida kurash ketayotgandek, murosa qilinmayapti.

“Iqtisodiy sohalarda hech qanday ish amalga oshirilmagan. Ta’limiy sohalarni ham buzib tashladilar. Harbiy sohalar ham vaqtincha boshliqlar tomonidan boshqariladi. Urush maydonidagi yutuqlarimiz ham juda oz. So’rovda xalq hukumatdan norozi ekani bilinib turibdi”,- deydi tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy.

Mutaxassis fikricha aslida 81 foizdan ham ko’proq odam hukumatdan norozi bo’lishi mumkin. So’rovnomalar aksariyat hollarda haqiqatni to’liq aks ettirmaydi, deydi u. Hukumatdan rozi odamlar kamdan-kam uchraydi.

Prezident Ashraf G'ani samarali boshqaruv va'da qilgan edi, xalq hamon kutmoqda, deydi afg'onlar

Prezident Ashraf G'ani samarali boshqaruv va'da qilgan edi, xalq hamon kutmoqda, deydi afg'onlar

Ashraf G’ani xalq bilan maslahatsiz, o’zboshimchalik bilan harakat qilmoqda, deydi Muqimiy, Abdulla Abdulla esa har kuni yangi moda bilan yasanib-tusanib o’zini ko’z-ko’z qiladi. Xalq bunday narsalarni xohlamaydi, xalq rahbarlar xizmat qilishini xoylaydi, deydi suhbatdosh.

“Rozi odamlar hukumatda ishlab yurgan odamlar bo’lishi tabiiy hol. Oddiy xalq har bir bo’limda hukumatdan norozi. Hukumatning tuzilishining o’zi ham bir muammo, dunyoning hech bir joyida bunday hukumatni ko’rmaysiz. Bu hukumat xalq irodasi bilan vujudga kelgan hukumat emas. Tashqaridan bir kishi (AQSh Davlat kotibi Jon Kerri) kelib bu hukumatni majburan xalqqa qabul qildirgan”, - deydi Muqimiy.

Hukumat xalq ishonchini qozonish uchun ko’p ishlar qilishi kerak. Birinchi talab - xavfsizlikni ta’minlash. Keyingi vazifa esa ish o’rinlari yaratib berish. Lekin hukumatda bunday iroda yo’q. Rahbarlar hanuz qudratli bo’lib olish bilan band.

“Har bir bo’limga salohiyat (vakolat) berilishi kerak, ular qo’llab-quvvatlanishi zarur. Hukumatchilik shaxsiy fikrni boshqalarga qabul qildirish degani emas”, - deydi Muhammad Basir Muqimiy.

Bosh vazir Abdulla Abdulla yasanib yurishdan boshqa narsaga yaramayapti, deydi afg'on tahlilchilar

Bosh vazir Abdulla Abdulla yasanib yurishdan boshqa narsaga yaramayapti, deydi afg'on tahlilchilar

Jamoatchi faollar nazarida hukumatda hisob-kitob yo’qligi tub muammolardan biri. Siyosiy birdamlik yo’q. Buning ustiga tuzumga xalqaro hamjamiyat ham shubha bilan qaraydi. Va’dasida turmagan hukumatga na xalq, na dunyo jiddiy qaraydi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan afg’onlardan biri.

“Xalqaro hamjamiyat oldida ham hukumatimiz o’z ishonchini yo’qotgan. Avvallari xorijiy tashkilotlar faol edi, ish o’rinlari ko’proq edi. Hozir ish o’rinlari yo’q. Yoshlar suiiste’mol qilinadi. Hukumat do’st-dushman kim ekanini ta’riflanmagan”, - deydi Akrambek ismli faol.

Hukumat xalqqa nisbatan befarq, uning dardini eshitishni xohlamaydi, deydi yana bir suhbatdosh.

“Darhaqiqat hukumat xalqni yoqtirmaydi. Nega yoshlarimiz vatanni tark etadi? Nega ular Eron, Turkiya, Yevropaga ketadi? Xalq hukumatni tikladi, hukumatni yaxshi ko’radi, lekin hukumat xalq xizmati emas”,- deydi o’zini Muhammad Orif deb tanishtirgan afg’on.

Xorijiy mutaxassislar olib borgan so’rovda qatnashganlarning 69 foizi Afg’onistonda vaziyat salbiy tomonga o’zgargan deb hisoblaydi.

Pokiston, odamlar nazarida, “Islomiy davlat” dan ham xavfliroq. Afg’onlarning 62 foizi Hindiston haqida ijobiy fikrda. AQSh esa bu borada oltinchi o’rinda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG